Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

O‘z otasini ham ayamagan o‘g‘il: qaynota va kelinga himoya orderi berildi

O‘z otasini ham ayamagan o‘g‘il: qaynota va kelinga himoya orderi berildi

Kun issiq. Qo‘lida arqon tutgan ayol qishloqning hu-uv chetidagi daraxt tomonga sudralib bordi. Ko‘zlari ko‘kargan. Bilaklarida kaltak izlari - qontalash. Lablaridan sizib chiqayotgan qon iyaklarini yuvib o‘tmoqda. Ayol dam qo‘lidagi arqonga, dam daraxtning baquvvat shoxlariga uzoq tikildi. Lablari sokin shivirladi: «Bolalarim, kechiring!»

Parishon xayollari kutilmaganda ortidan paydo bo‘lib qolgan qaynotasining qichqirig‘idan tarqalib ketdi.

«To‘xta, qizim. Uch norasidaning uvoliga qolma. Notavon ering uchun – o‘g‘lim uchun meni kechir, bolam!»-kelinining qo‘lidagi arqonga jonholatda yopishdi qaynota va ho‘ngillab yig‘ladi.

Ayol – o‘zi nochor. Ayol – o‘zi o‘t ichida. Yelkalari silkinib-silkinib ko‘z yosh to‘kayotgan va salkam yoshi saksonlarga yetib qolgan qaynotasini nimbag‘irlab, uni ovutishga tushdi.

«Meni otam, degansan-ku, qizim. Hech zamonda qiz ham otasini dog‘da qoldirib ketadimi, bolam. O‘lim – eng oson yo‘l. Allohim senu menga, nevaralarimga shuni sinov qilib beribdi. Xayrlisi kelar bolam, xayrlisi kelar. Bir oyog‘im go‘rda qolganda, ortingdan uvillab qolgan bolalaringni qanday oyoqqa turg‘izaman...»-xo‘rligi kelib yig‘ladi yana qaynota.

«Kechiring, ota! Boshqa qaytarilmaydi. Ammo, jonimdan o‘tib ketdi...»-ayol ham ko‘zyoshga cho‘kdi.

«Yur, qizim, yur, o‘zim seni uchastka noziriga boshlab boraman. Xat-qalamingni qil...»-hazin so‘zladi qaynota.

Buxoroning Shofirkon tumanida yashovchi, hech qayerda ishlamaydigan, spirtli ichimlikka rujo‘ qo‘yib, ayoli, uch farzandi hamda keksa otasiga zo‘ravonlik bilan tazyiq o‘tkazib, surunkasiga ularni kaltaklab kelayotgan fuqaro R.D.ning xatti-harakatlariga chek qo‘yilgan. Ayolga «himoya orderi»ning berilgani uning farzandlari bag‘rida xavotirsiz yashashiga sabab bo‘lgan.

«Ota-onam yo‘q. Qaynonam vafot etgach, jismoniy nuqsoni bor keksa qaynotam ham o‘g‘lining tazyig‘ida qoldi. Zo‘rg‘a o‘zini sudrab yurib, hassaga tayanib qolgan qaynotamning menga qo‘shib, bolalarimni ham kaltaklaydigan o‘g‘liga kuchi yetmasdi. Oxiri o‘z jonimga suiqasd qilish yo‘lini tanlagandim... yo‘q, mahallaga, uchastka noziriga bildirdik. O‘zimga ham, qaynotamga ham «himoya orderi» berishdi»,-deydi Sh.D.

Ijtimoiy himoya milliy agentligi Buxoro viloyati boshqarmasi boshlig‘i Umidjon Umarovning «Xabar.uz»ga bildirishicha, tazyiq va zo‘ravonlikka uchragan xotin-qizlar tomonidan 2 285 ta murojaat kelib tushgan. Ularning 2 279 nafariga himoya orderlari berilgan. «Inson» markazlari tomonidan ularga 1 447 ta turli xizmatlar – psixologik, huquqiy va ijtimoiy yordamlar ko‘rsatilgan. Tibbiyot birlashmalarda faoliyat yurituvchi Birlamchi ko‘mak xonalariga 93 nafar tazyiq va zo‘ravonlikka uchragan shaxslar: 55 nafari xotin-qizlar, 38 nafar voyaga yetmagan bolalar joylashtirilgan.

«Bundan tashqari, Buxoroda 363 nafar yetim va ota-onasiz qolgan bolalar vasiylik va homiylikka olindi. Ayni kunlarda 25 nafar bolaga uy-joy ajratish bo‘yicha ishlar olib borilmoqda. Viloyatda faoliyat yuritayotgan 7 ta oilaviy Bolalar uyida 27 nafar bola tarbiyalanmoqda. Ular uchun 3 ta ko‘p tarmoqli maxsus bog‘cha, 4 ta maxsus maktab-internat faoliyati ham yo‘lga qo‘yildi. Tuman va shaharlarda mavjud 546 ta umumta’lim maktablarining 29 tasida 54 ta inklyuziv sinflar tashkil etildi. Hozirda jami 88 nafar o‘quvchilar ta’lim olmoqda»,-deydi Umidjon Umarov.

Boshqarma boshlig‘i keyingi paytlarda ko‘plab oilalarda yolg‘iz keksalar va jismoniy nuqsoni bo‘lgan shaxslarga nisbatan tazqiylar o‘tkazilayotgani, kamsitilayotgani xususida so‘zladi. Unga ko‘ra, birgina viloyatning o‘zida o‘zgalar parvarishiga muhtoj 871 nafar yolg‘iz keksa ro‘yxatga olingan. 92 nafar ijtimoiy xodim assistentlari biriktirilib, kundalik hayotlarida yordam ko‘rsatib kelinmoqda. Yaqin qarindoshlari bo‘lmagan 510 nafar shunday shaxslar kompensatsiya nafaqalari bilan qamrab olingan.

«Nogironligi bo‘lgan 1 762 nafar fuqaro ish bilan ta’minlanib, 552 nafar yoshlar parasportga jalb qilingan. Ma’lumki, 2024 yildan protez-ortopediya moslamalarini “Uzum Market” orqali vaucher asosida xarid qilish imkoniyati yaratilgan. Bugungi kunga kelib, jami 2 116 nafar nogironligi bo‘lgan shaxslar protez moslamalari va reabilitatsiya vositalari bilan ta’minlandi. 4 481 nafar ehtiyojmand fuqarolarning 215 nafariga nogironlar aravachasi, 90 nafariga eshitish moslamasi, 281 nafariga protez ortopediya moslamalari, 328 nafariga reabilitatsiya vositalari, dori-darmonlaru, moddiy yordamlar ko‘rsatildi»,-deydi suhbatdosh.

Ma’lum bo‘lishicha, joriy yilda 5 229 ta oilaga ijtimoiy ish, ya’ni “keys” ochilib, ularning ehtiyojlari o‘rganilgan va 94 942 ta individual reja ishlab chiqilgan. Ijtimoiy xodimlar tomonidan 78 651 ta arizani qabul qilinib, ularning 57 731 tasiga amaliy yordam ko‘rsatilgan. “Kambag‘allikdan farovonlik sari” dasturi doirasida esa 19 558 ta oilaning 89 mingdan ortiq a’zolari bilan ishlash rejalashtirilgan.

«Shu o‘rinda aytib o‘tmoqchimanki, bizning davlatda hech bir jismoniy nuqsoni bor, e’tiborga muhtoj shaxslar taqdiriga befarq qaralmaydi. Lozim bo‘lsa, tengsiz sharoit va imkoniyatlar yaratib beriladi. Biroq, jismoniy nuqsoni bor shaxslarning oilada qadr topmasligi, farzandlar tomonidan tazyiqqa uchrashi, ota-onalar tomonidan kamsitilishi juda achinarli holat. Bunday vaziyatda noqobil ota-onalar ham, mehrsiz farzandlar ham o‘z xatti-harakati uchun qonun oldida javob berishi kerak»,-deydi Umidjon Umarov.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring