Ota va qiz noyob skripka sabab vahshiyona o‘ldirildi — Paragvay
Germaniyalik sozgar usta va arxeolog Bernard fon Bredov Paragvayning Asunson shahridagi uyida o‘lik holda topildi. Bosqinchilar uy sohibining 14 yoshli qizi Lorinaga ham rahm qilishmagan. Ota-bola to‘pponchadan otib o‘ldirilgan.
Bernard fon Bredov qattiq qiynoqqa tutilgan. Taxminlarga ko‘ra, bosqinchilar uydan muhim narsani qidirganlar.
Paragvay politsiyasi tomonidan ushbu vahshiyona qotillik bo‘yicha 3 nafar Germaniya fuqarosi – 58 yoshli Folker Grannas, 60 yoshli Iv Azriel Spartak Steynmets va 51 yoshli Stefan Yorg Messing Darchinger qo‘lga olindi. Jinoyatchilar mashhur sozgar Antonio Stradivari yasagan, XVII-XVIII asrga oid noyob skripkani qo‘lga kiritishni mo‘ljallagani aytilmoqda. Marhum bilan qo‘shni yashagan gumonlanuvchi Folker Grannasning uyidan tintuv payti Bernard fon Bredovga tegishli 4 ta skripka topilgan.
Tergov idorasiga ko‘ra, Bernard fon Bredov safarga ketish arafasida qimmatbaho sozlarini Folker Grannasga omonat qoldirgan. Safardan qaytib skripkalarini qaytarishni so‘raganida esa, F.Grannas cholg‘ular yong‘in payti yonib ketdi deb bahona qilgan.
Politsiya qotillar marhumning uyidan skripkalarning xalqaro guvohnomalarini qidirganini taxmin qilmoqda. Gap shundaki, har biri kamida 3-4 million dollar turadigan skripkalarni xalqaro guvohnomasiz sotib bo‘lmaydi.
Arxeolog va soz ustasi Bernard fon Bredov Germaniyada tug‘ilgan. Yevropada cholg‘ular restavratori sifatida tanilgan. Ikki yil avval Paragvay poytaxti yaqinidagi shaharchaga ko‘chib borgan.
Afsonaviy italyan soz ustasi Antonio Stradivari (1644-1737) hayoti mobaynida mingga yaqin cholg‘u yasagan. Ulardan 650 ga yaqini bizga qadar yetib kelgan. Stradivari skripkalari juda yuqori baholanadi. Masalan, 2011 yilda «Lady Blunt» deb atalgan cholg‘u kimoshdi savdosida 16 mln dollarga sotilgan.
Keyingi 50 yil ichida Stradivari skripkalarini sabab o‘nlab o‘g‘rilik, bosqinchilik va qotillik jinoyatlari sodir etilgan.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter