O‘smirlar o‘rtasida xalqaro tennis musobaqasi bo‘lib o‘tdi
Respublika olimpiya zahiralari tennis maktabi kortlarida o‘smirlar o‘rtasida ITF turkumiga kiruvchi J-3 xalqaro turniri bo‘lib o‘tdi.
Unda vakillarimizdan tashqari Rossiya Federatsiyasi, Amerika Qo‘shma Shtatlari, Kanada, Janubiy Koreya, Belorussiya, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Latviya davlatlaridan tashrif buyurgan 18 yoshgacha bo‘lgan 70 nafarga yaqin iqtidor egalari kortga chiqishdi.
Qizlar o‘rtasidagi bahsda Rossiyalik Aleftina Ibragimova, yigitlar o‘rtasidagi bahsda esa Janubiy Koreyalik Voo bin Shin g‘oliblikni qo‘lga kiritishdi.
— Ushbu musobaqa yosh sportchilarni kelajakda qanday yutuqlarga erishishida juda muhim imkoniyat yaratadi, — deydi Respublika olimpiya zahiralari tennis maktabi direktori Samug Obidov. — Ular mana shunday bellashuvlar orqali tajriba orttirishadi, Xalqaro federatsiya reytingini qo‘lga kiritishadi. Professional musobaqaga chiqqanda mana shu tajriba ularga yordam beradi.
Rossiyalik birinchi o‘rin sohibasi Aleftina Ibragimova barcha raqiblari tajribali ekanligi, ularni bahsda yengish oson bo‘lmaganini ta’kidlab o‘tdi.
«O‘zbekiston Respublikasi Tashqi iqtisodiy faoliyat milliy banki» AJ tomonidan musobaqada qatnashgan sportchilarga barcha zarur shart-sharoitlar yaratib berildi. «O‘zmilliybank» yurtimizda tennis rivojiga o‘z hissasini qo‘shib kelmoqda va yaqin vaqtlar ichida ushbu sport turi bilan bog‘liq bir qator chora-tadbirlarni rejalashtirib qo‘ygan.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter