Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Osiyoda yana bir musobaqa koronavirus tufayli qoldirildi

Osiyoda yana bir musobaqa koronavirus tufayli qoldirildi

Joriy yilning 28 noyabr – 6 dekabr kunlari Xitoyning Sanya shahrida o‘tkazilishi kerak bo‘lgan Osiyo sohil o‘yinlari keyingi yilga qoldiriladi. Bu haqda Osiyo olimpiya kengashining rasmiy saytida ma’lum qilindi.

Xabarda aytilishicha, Xitoy hukumati tomonidan 2020 yili mamlakatda o‘tkazilishi belgilangan barcha sport musobaqalari bekor qilingan. Buning natijasida qit’aviy sohil o‘yinlarining tashkil etilishi so‘roq ostida qolmoqda.

Sanya sohil o‘yinlari tashkiliy qo‘mitasining Osiyo olimpiya kengashiga yo‘llagan axborotida ko‘rsatilishiga ko‘ra, 15 kun ichida Xitoy olimpiya qo‘mitasi va tegishli davlat tashkilotlari bilan kelishuvdan so‘ng o‘yinlarning keyingi yil sanasi e’lon qilinadi.

Ma’lumki, Osiyo sohil o‘yinlari ilk bor 2008 yili Balida o‘tkazilgan bo‘lib, O‘zbekiston sportchilari ushbu musobaqalarda doimiy tarzda ishtirok etib kelmoqda. 2016 yili Vetnamning Da Nang shahrida bo‘lib o‘tgan sohil sport turlari bo‘yicha Osiyo o‘yinlarida mamlakatimiz sportchilari 3 oltin, 1 tadan kumush va bronza medalini qo‘lga kiritib, 41 ta Osiyo mamlakatlari orasida 15-o‘rinni egallagan edi.

2021 yilga qoldirilayotgan bu galgi VI Osiyo sohil o‘yinlarida 2000 ming nafardan oshiq sportchilar 19 ta sport turida o‘z mamlakatlari sharafini himoya qilishi belgilangan. Biroq, musobaqa tashkiliy qo‘mitasining bildirishicha, koronavirus kasalligi ta’sirida kelib chiqayotgan iqtisodiy yetishmovchiliklar natijasida sport turlari va ishtirokchilar sonida o‘zgarishlar bo‘lishi ehtimoldan yiroq emas.

Jismoniy tarbiya va sport vazirligi
Matbuot xizmati​

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring