Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Osiyo davlatlari ekologiya vazirlari Dubaydagi O‘zbekiston milliy pavilioni bilan tanishdi

Osiyo davlatlari ekologiya vazirlari Dubaydagi O‘zbekiston milliy pavilioni bilan tanishdi

Dubayda bo‘lib o‘tayotgan BMT iqlim o‘zgarishi bo‘yicha doiraviy konvensiyasi ishtirokchilari konferensiyasining 28-sessiyasi doirasida Ozarbayjon, Qozog‘iston va Qirg‘iziston ekologiya vazirlari O‘zbekiston ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vaziri Aziz Abduhakimov hamrohligida O‘zbekiston milliy pavilioniga tashrif buyurdi.

Tashrif chog‘ida qardosh mamlakatlar ekologiya vazirlari O‘zbekiston Prezidenti tashabbusi bilan amalga oshirilayotgan ishlar, xususan, «Yashil makon» loyihasi doirasida Orol dengizi tubini va hududlarni ko‘kalamzorlashtirish, qayta tiklanadigan energiya manbalari ulushini oshirish, Parij kelishuvi majburiyatlarini bajarish, uglerod neytralligiga erishish, iqlim o‘zgarishiga moslashish, uning oqibatlari va xatarlarini yumshatish bo‘yicha amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli ishlar bilan tanishgan.

Shuningdek, yashil kun tartibini ilgari surish bo‘yicha hamkor hisoblangan Global Yashil o‘sish instituti (GGGI) bosh direktori F.Rijsberman va vazirlar o‘rtasida uchrashuv tashkil etildi.

Uchrashuvda GGGI bosh direktori qo‘shma dastur va loyihalarni amalga oshirish orqali mamlakatlarning yashil iqtisodiyot tamoyillariga bosqichma-bosqich o‘tishlari uchun zarur yordam ko‘rsatishga tayyorligi va bundan manfaatdor ekanligini bildirdi.

O‘z navbatida vazirlar Ozarbayjon, Qozog‘iston, Qirg‘iziston va O‘zbekiston rahbarlarining IHT (Iqtisodiy hamkorlik tashkiloti), TDT (Turkiy davlatlar tashkiloti), BMTning Markaziy Osiyo iqtisodiyoti uchun maxsus dasturi va boshqa nufuzli platformalar doirasidagi mintaqaviy aloqalarni mustahkamlash bo‘yicha siyosiy irodasini alohida ta’kidladilar, bunda atrof-muhit muammolari va iqlim o‘zgarishi xalqaro hamkorlikni shakllantirishda muhim rol o‘ynaydi.

Bundan tashqari, mintaqa mamlakatlarida ekologiya sohasida malakali mutaxassislar tayyorlash uchun istiqbolli platforma bo‘lgan Markaziy Osiyo atrof-muhit va iqlim o‘zgarishlarini o‘rganish universiteti (Central Asian Green University)ning ochilishi borasida ijobiy fikrlar bildirildi.

Vazirlar O‘zbekiston ekologiya vaziri Aziz Abduhakimovning qardosh mamlakatlar uchun ekologik faoliyatning mintaqaviy sharhini ishlab chiqish tashabbusini ham qo‘llab-quvvatladilar.

Uchrashuv yakunida tomonlar Samarqandda 2024-yilning 12–17-fevral kunlari bo‘lib o‘tadigan Yovvoyi hayvonlarning ko‘chib yuruvchi turlarini saqlash to‘g‘risidagi konvensiya (CMS COP14) ishtirokchilari konferensiyasining 14-yig‘ilishi va Birinchi Samarqand xalqaro iqlim forumi (2024 yil mart)ga taklif etildi.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring