Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Ginnesning rekordlar kitobiga kiritilgan osh rekordi 14 yanvar kuni Denovda yangilanishi kutilmoqda

Ginnesning rekordlar kitobiga kiritilgan osh rekordi 14 yanvar kuni Denovda yangilanishi kutilmoqda

2017 yilning 8 sentyabridagi rekord oshni pishirish jarayoni.

Foto: «Darakchi.uz»

2017 yilning 8 sentyabrida Toshkent shahridagi Sayilgoh xiyobonida butun O‘zbekistondan kelgan 50 nafar oshpaz dunyodagi eng ulkan palovni pishirgan va u Ginnesning rekordlar kitobidan joy olgan edi. Mega-osh  pishirish uchun mol go‘shti — 1500 kg, qo‘y go‘shti — 400 kg, dumba — 220 kg, guruch — 1900 kg, sabzi — 2700 kg, piyoz — 220, kg, o‘simlik moyi — 440 litr, tuz — 57 kg, no‘xat  - 100 kg, mayiz —  190 kg, zira — 5 kg, qora murch —2 kg, zarchava — 1 kg, suv — 350 litr ishlatilgan, tayyor oshning og‘irligi 7,3 tonnani tashkil etgan edi.

Surxondaryo viloyatining Denov tumani oshpazlari 2018 yilning 14 yanvar kuni qariyb 9 tonnalik osh pishirishga tayyorgarlik ko‘rmoqda. Bu haqda «Xabar.uz»ga Denov tumani hokimligi mas’ul xodimi Mahmud Rasulov xabar berdi.

Uning ma’lum qilishicha, viloyatda turizmni rivojlantirishga e’tiborni kuchaytirishga qaratilgan mazkur tadbirning tashkiliy ishlari Denov tumani hokimligi tomonidan amalga oshiriladi. Tadbir Denov markaziy stadionida o‘tkazilishi rejalashtirilgan. Ayni paytda osh pishiriladigan hududda mehmonlar uchun 2 ming o‘rinli joy hozirlanmoqda. Mehmonlarga jarayonni bevosita kuzatish imkonini beruvchi qo‘shimcha sharoitlar yaratilmoqda.

Osh Toshkentdagi rekord oshda ishlatilgan diametrli qozonda tayyorlanadi. Diametri 4 metrdan ortuvchi, sig‘imi 8,8 tonnani tashkil etuvchi qozon, og‘irligi qariyb 3 tonnaga yetuvchi o‘choq va bunga qo‘shimcha eng uzun kapgirlar ham O‘zbekistonning o‘zida ishlab chiqarilgan, Olmaliq kon-metallurgiya korxonasida quyilgan, yasalgan.

Mazkur megapalovni denovlik 46 nafar oshpaz tayyorlaydi. Ushbu rekordni ro‘yxatga olish uchun «Guinness World Records» vakillarini ham chaqirish rejalashtirilyapti. Mazkur tashabbus amalga oshsa, o‘tgan yilning 8 sentyabrida Toshkentda o‘rnatilgan rekord yangilanadi.  Palov Mehribonlik va Muruvvat uylari, tumandagi maktab-internat tarbiyalanuvchilari, nogironlar, shifoxonalardagi bemorlar, mahalla fuqarolar yig‘inlari raislari boshchiligida kam ta’minlangan oilalarga tarqatiladi. Umumiy hisobda palovni tayyorlash, tarqatish, tashkiliy ishlariga bir necha yuz odam jalb etiladi.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring