Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Ortiqova hammani kuldirdi. Hatto Bosh prokurorni ham...

Ortiqova hammani kuldirdi. Hatto  Bosh prokurorni ham...

Foto:«Xabar.uz»

Bu yil 8 mart sanasi dam kuniga to‘g‘ri keldi.  Shu bois xalqaro xotin-qizlar kuni munosabati bilan o‘tkaziladigan tadbirlar kechadanoq boshlanib ketdi. Bayramni boshqa kunlarda nishonlashda ko‘pam g‘ayritabiiylik yo‘q. Ayniqsa,  ish  soati unchayam chegaralanmagan, boz dam olish kunlariyam ishxonaga kelish odatga aylangan tashkilotlarda! Zero, bunday dargohlarda mehnat qilayotgan ayollar kam emas. Hatto rahbarlik lavozimiga loyiq ko‘rilgan nozik jins vakilalari bor.  Bu yilgi ayyom dam olish kuniga to‘g‘ri kelgani  og‘ir ish kuni jarayonida  «yayrab olish»ga yaxshigina sabab bo‘ldi-da.

Ish kuni va ish soatiga unchayam «amal qilinmaydigan» organlardan biri - prokuratura! Kechga borib, aksariyat xodimlarning «surobi tortilib» qoladigan bu dargohda  ham kecha xotin-qizlar kuni munosabati bilan ixcham tadbir o‘tkazildi. Unda tizimda faoliyat ko‘rsatayotgan xotin-qizlar sha’niga shirin lutf, samimiy tilak aytilib,  sovg‘a-salomlar bilan siylanishi tabiiy. Shunday bo‘ldi ham. Biroq hozir gap bundagina emas.

Foto:«Xabar.uz»

Soha xodimlari, ayniqsa, rahbarlari - kasb taqazosimi yoki «yo‘rgakda tekkanmi» - mudom jiddiy, ayni holat yuziga bamisoli naqsh etilganday. Mahkamaning ichki majlislaridagi «protokolniy muhit" o‘z yo‘ligaku-ya, hatto biror bayram munosabati bilan o‘tkaziladigan tadbirlarni ham jiddiyat yuki bosib ketardi-da.

Kechagi tadbirda ham shu ahvol kutilayotgandi. So‘z  Bosh prokuror o‘rinbosari Svetlana Ortiqovaga berilgach, vaziyat birdan o‘zgardi. Shu tizimida suyagi qotganiga qaramay aksariyat hamkasblaridan farqli ravishda ancha-muncha «qolip»ga ko‘pam sig‘mavermaydigan Svetlana Boymirzayevna ancha jo‘shqin va quvnoq ohangda  so‘zlab, gap orasida qochirimlar qilishni unutmadiki, bundan ko‘plarning yuzidagi yasama tabassum o‘rnini rostmona kulgu egalladi. Hatto Bosh prokuror ham yengil silkinib kulvorsami?!  Ayni holat suratkash e’tiboridan qochmaganini ayting.

Katta amaldorlarning jilmayishi favqulodda yoki noyob holat emas, albatta. Biroq mudom jiddiy ko‘ringan ayrim mutasaddilarning kichik jilmayishi ham e’tibor tortar ekan-da. Tadbirda ishtirok etgan manbamizga ko‘ra, kechagi tadbir sabab mahkamaning aksariyat xodimalari rahbarini ilk bor yaqindan ko‘rgan bo‘lsa, ish yuzasidan kun-kunora qabuliga kirib chiqadiganlarning ko‘pi  jilmayishiga e-endi guvohi bo‘lishibdi...

Xullas, har idoraning o‘z  Ortiqovasi bo‘lsin ekan.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring