Orolbo‘yi hududida cho‘l o‘simliklari blok-inkubatorlarda yetishtiriladi
Joriy yilning 25 may kuni O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Xalqaro Orolbo‘yi innovatsiya markaziga Yaponiyaning OYO korporatsiyasi vakillari Kazuxiro Azami va Sunao Oboyashi tashrif buyurdilar. OYO ekologik talofatlar, tabiiy ofatlar tufayli yer yuzi va yer ostida ro‘y bergan salbiy o‘zgarishlarni o‘rganish, baholash hamda bartaraf etish bo‘yicha faoliyat olib boruvchi yirik korporatsiya bo‘lib, geologik tadqiqotlarga asoslangan loyihalari samaradorligi bilan alohida ajralib turadi.
Korporatsiya vakillarining Qoraqalpog‘iston Respublikasiga tashrifi chog‘ida Xalqaro Orolbo‘yi innovatsiya markazi, OYO korporatsiyasi va O‘zbekiston Respublikasi O‘rmon xo‘jaligi ilmiy-tadqiqot instituti o‘rtasida Anglashuv memorandumi imzolandi. Hujjatga ko‘ra OYO korporatsiyasi bilan hamkorlikda mahalliy xomashyodan cho‘l o‘simliklarini yetishtirish uchun inkubator-bloklarni tayyorlash ilg‘or texnologiyasi joriy etilishiga kelishildi.
Blok-inkubatorlarni tayyorlash bo‘yicha ishlar «Mo‘ynoq» ilmiy-ishlab chiqarish uchastkasida boshlandi. Kazuxiro Azami va Sunao Oboyashi ishtirokida 25 maydan 2 iyungacha bo‘lgan davrda yopiq ildizli tizimda saksovul yetishtirish texnologiyasi bo‘yicha 3000 dona blok-inkubatorlar tayyorlanishi ko‘zda tutilgan bo‘lib, keyinchalik blok-inkubatorlarda yetishtirilgan saksovul ko‘chatlari Orol dengizi qurigan tubining muayyan uchastkalariga ekiladi.
OYO korporatsiyasi vakillari Xalqaro Orolbo‘yi innovatsiya markazi qoshidagi «Mo‘ynoq» ilmiy-ishlab chiqarish uchastkasining faoliyati bilan tanishdilar. Ayni kunlarda mehmonlar mazkur uchastkada yetishtirilayotgan o‘simlik turlarini yetishtirish va ularni parvarishlash tadbirlarida faol ishtirok etmoqdalar. Kazuxiro Azami va Sunao Oboyashi joriy yilning 2 iyuniga qadar blok-inkubatorlarni joylashtirish bo‘yicha ilmiy tajribalar o‘tkaziladigan maydonlarni o‘rganib, OYO korporatsiyasi tomonidan amalga oshirilgan, sanoatlashtirish va qishloq xo‘jaligini rivojlantirish tufayli sodir bo‘lgan ijtimoiy va ekologik muammolarga qaratilgan loyihlardan olingan xulosalar asosida amaliy-konsultativ ishlarni olib bormoqdalar.
Qurib qolgan Orol dengizi tubiga safarga chiqqan yaponiyalik mutaxassislar blok-inkubatorlarda yetishtirilgan nihollarning u yerga ekish imkoniyatlarini o‘rgandilar, dastlabki xulosalarini taqdim etdilar. Natijada tajriba tariqasida cho‘l o‘simliklari turlarini qayta ekish uchun maydonlar aniqlandi. Korporatsiya vakillari Xalqaro Orolbo‘yi innovatsiya markazining Nukus va Mo‘ynoq filiallarida o‘z ishlarini davom ettirmoqdalar.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter