Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Orolbo‘yida jo‘xori, qovun va lavlagi yetishtirish mumkinmi?

Orolbo‘yida jo‘xori, qovun va lavlagi yetishtirish mumkinmi?

Foto: Orolbo‘yi Xalqaro innovatsiya markazi

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Orolbo‘yi Xalqaro innovatsiya markazi tomonidan «Xabar.uz»ga ma’lum qilinishicha, Mo‘ynoqda o‘simliklarni sinash bo‘yicha tadqiqotlar amalga oshirilmoqda. 23 may kuni innovatsiya markazi xodimlari Mo‘ynoq ilmiy-ishlab chiqarish uchastkasida o‘simliklarni ­ kapsulalash texnologiyasini qo‘llagan holda yetishtirish bo‘yicha tajriba ishlarini boshladilar.

Bugungi kunda markazga tegishli 20,3 ga yer maydoning 18,7 foizi qayta ishlab, ekishga tayyorlab qo‘yilgan. Uzoq yillar davomida umuman ishlov berilmagan, dehqonchilikka yaroqsiz holdagi bu yerlarni yulg‘unlardan tozalash, yerlarni chopish, o‘g‘itlash, agromeliorativ tadbirlarni o‘tkazish markaz xodimlaridan chinakam fidoyilikni talab qildi.Innovatsion rivojlanish va novatorlik g‘oyalarini qo‘llab-quvvatlash jamg‘armasi mablag‘lari hisobidan xarid qilingan yerga ishlov beruvchi transport vositalari, asbob-uskunalar Orolbo‘yi hududini boqqa aylantirishga bel bog‘lagan mutaxassislarning tadqiqotlarini amalda sinashlariga xizmat qilmoqda.

Amaliy tadqiqotlar bilan shug‘ullanuvchi mazkur markaz Orol dengizi fojiasi oqibatida zarar ko‘rgan hududlarning o‘simlik dunyosini boyitish maqsadida mavjud iqlimga va sharoitlarga mos keladigan ekinlarni va tegishli texnologiyalarni aniqlash, sinash va tajribadan o‘tkazish bilan shug‘ullanmoqda. Sho‘rlangan, suv taqchilligi va qurg‘oqchilik sharoitida markazga ajratilgan yerlarning 13.2 gektar maydoniga 12 turdagi cho‘l o‘simliklari, 23 xil manzarali daraxtlar, yog‘li ekinlar (kungaboqar, jo‘xori va kunjut), ozuqabop o‘simliklar (kvinoya, amaranta va rastoropsha), poliz ekinlari (kovun, lavlagi) ekildi.Ayni kunlarda birinchi nihollar bo‘y ko‘tarib, birinchi natijalar ko‘zga tashlanmoqda.

– Kapsulalashga asoslangan yangi texnologiyamiz suv va mehnat resurslarini tejagan qaratilgan, ­– deydi Xalqaro innovatson markazning O‘simliklar biotexnologiyasi va fiziologiyasi laboratoriyasi mudiri Olim Asamatdinov. – Ekinlarga ijobiy ta’sir ko‘rsatish bilan bir qatorda tuproq sho‘rlanishini kamaytiradi, uning biofaolligini oshiradi, kimyoviy va fizik xususiyatlarini yaxshilaydi.

Urug‘larni kapsulalash maqsadida o‘ziga nam tortuvchi gidrogellardan foydalaniladi, bu o‘z navbatida cho‘l hududlarida o‘simliklar unib chiqishi va yetilishining ham iqtisodiy, ham ekologik jihatdan samarali bo‘lishini ta’minlaydi. NPK elementlari va namni ushlab turuvchi gidrogellar bilan kapsulalash natijasida urug‘larning unib chiqish darajasi 100 foizni tashkil etib, nihollarning o‘sishi va o‘zini tutib ketish sur’atlari oshadi, kerakli ozuqalar bilan ta’minlanadi, zararkunandalar va barglarning to‘kilish jarayonlaridan himoyalaydi.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring