Orolbo‘yi ekologiyasini yaxshilash borasidagi xalqaro hamkorlik mustahkamlanmoqda
Orolbo‘yi xalqaro innovatsiya markazida Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vaziri Aziz Abduhakimov Xitoy fanlar akademiyasining Sinszyan ekologiya va geografiya instituti, Sho‘rlanish sharoitida biodehqonchlik xalqaro markazi (BAA), Yaponiyaning Tottori universiteti Arid va cho‘llar tadqiqot markazi, Yaponiyaning Miye universiteti Bioresurslar tadqiqoti instituti professor-olimlaridan iborat delegatsiya bilan uchrashdi.
Ta’kidlash joizki, Sho‘rlanish sharoitida biodehqonchlik xalqaro markazi bilan hamkorlikda «Qoraqalpog‘istonning kam rivojlangan tumanlarida ishlab chiqarishning barqaror tizimlarini rivojlantirish» bo‘yicha 2023–2025 yillarga mo‘ljallangan loyiha, Yaponiyaning Tottori universiteti Arid va cho‘llar tadqiqot markazi bilan hamkorlikda esa maxsus tuzni tozalash plyonkasi yordamida fiksatsiyalangan jo‘yakli sug‘orishda suv samaradorligi va sho‘rlanishni boshqarish loyihasi amalga oshirilmoqda.
Uchrashuvda delegatsiya a’zolari markazning tajriba-sinov maydonida amalga oshirilayotgan innovatsion loyihalar va tadbirlar bilan yaqindan tanishdilar. Shuningdek, o‘zaro hamkorlik doirasida amalga oshirilayotgan loyihalar va chora-tadbirlar batafsil muhokama qilindi. Shu bilan birga, «Aral dream» ko‘rgazmasini tomosha qilishdi hamda Orolbo‘yi mintaqasida yashil texnologiyalarni tadqiq qilish, ishlab chiqish va namoyish etish bo‘yicha qo‘shma laboratoriya bilan yaqindan tanishishdi.
Yakunda istiqboldagi vazifalar, yangi loyihalar va hamkorlikni yanada mustahkamlash yo‘nalishlari belgilab olindi. Bu esa, tabiiyki, tomonlar o‘rtasidagi munosabatlarning yanada rivojlanishiga va muhim strategik maqsadlarning amalga oshishiga xizmat qiladi.
Ma’lumot uchun, ayni paytda Orolbo‘yi xalqaro innovatsiya markazida Sinszyan ekologiya va geografiya instituti bilan hamkorlikdagi loyihalar doirasida Samanbay va Mo‘ynoq tajriba uchastkalarida jami 3,7 gektar maydonda 23 turdagi noan’anaviy tuzga chidamli galofit o‘simliklarida tajriba-sinov ishlari amalga oshirildi, tajriba uchastkasida tomchilatib sug‘orish tizimi yaratilib, kichik metostansiya o‘rnatildi. Bundan tashqari, Orolbo‘yi mintaqasida yashil texnologiyalarni tadqiq qilish, ishlab chiqish va namoyish etish bo‘yicha qo‘shma laboratoriya tashkil etilib, Xitoydan qiymati 1 million yuanlik (127 000 AQSh dollari) laboratoriya asbob-uskunalari yetkazib berilgan va ixtisoslashgan laboratoriya ishga tushirilgan. Qolaversa, Qoraqalpog‘istonda dorivor «Sistanxe» o‘simligini yetishtirishni o‘rganish maqsadida Mo‘ynoq tajriba uchastkasida xitoylik olimlar bilan birgalikda o‘simlik urug‘ini tajriba tariqasida ekish ishlari amalga oshirildi.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter