Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Orol dengizi tubida sho‘rlanishga chidamli o‘simlik sinovdan o‘tkazildi

Orol dengizi tubida sho‘rlanishga chidamli o‘simlik sinovdan o‘tkazildi

Orol dengizi tubida ekologik jihatdan og‘ir va sho‘rlangan sharoitlarga moslashgan o‘simlik turi bo‘yicha tajriba o‘tkazildi. Bu haqda Ekologiya vazirligi ma’lum qildi.

Ma’lumotga ko‘ra, mazkur tadqiqotlar O‘rmon xo‘jaligi ilmiy-tadqiqot instituti tomonidan professor Zinoviy Novitskiy rahbarligida amalga oshirilmoqda. Tadqiqotlarning asosiy maqsadi – sho‘rlangan va qiyin ekologik sharoitda yashay oladigan barqaror o‘simlik turlarini aniqlashdan iborat.

Dala sinovlari davomida arundo donax (gigant qamish) o‘simligi eng istiqbolli tur sifatida tanlab olindi. Bu o‘simlik har qancha namlikni yaxshi ko‘rmasin, sho‘rlangan muhitga moslashuvchanligi bilan ajralib turdi. Tajriba jarayonida uning ildizi 2 metr chuqurlikkacha o‘sgani kuzatildi.

Olimlar arundo donaxning yashovchanligini oshirish maqsadida ona o‘simlik ildiz kurtaklaridan ko‘chat tayyorlash usulini ishlab chiqishdi. Bunday kurtaklar Urganch va Qoraqalpog‘istondagi Orolga o‘xshash tabiiy sharoitlarga ega hududlardan yig‘ilgan. Sinov natijalariga ko‘ra, ekilgan ko‘chatlarning 90 foizidan ortig‘i yashab qoldi.

Ushbu o‘simlikning chuqur va keng ildiz tizimi tuproqni mustahkamlash, eroziya va chang bo‘ronlarining oldini olishda muhim ahamiyat kasb etishi kutilmoqda. Bu sinovlar Orolbo‘yi mintaqasida ekologik holatni yaxshilash va ekotizimni tiklashga qaratilgan muhim qadamlardan biri sifatida baholanmoqda.

Ayni vaqtgacha Orolbo‘yida 2 million gektar maydonda yashil qoplama yaratilgan. Yaqin kelajakda ushbu ko‘rsatkich yana 100 ming gektarga oshirilib, umumiy o‘rmonzorlar maydoni 2,1 million gektarga yetkazilishi rejalashtirilgan.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring