Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Oreliya Bushez: «Fransuzlar O‘zbekistonni o‘z ko‘zlari bilan ko‘rishni orzu qiladi»

Oreliya Bushez: «Fransuzlar O‘zbekistonni o‘z ko‘zlari bilan ko‘rishni orzu qiladi»

Fransiya elchisi bu yil Luvr muzeyidagi ko‘rgazma sharofati bilan O‘zbekistonga keluvchi sayyohlar ortishiga ishonch bildirgan.

Madaniyat va san’atni rivojlantirish jamg‘armasi «O‘zbekiston: Markaziy Osiyo bo‘ylab zamonlar osha sayohat» nomli yangi hujjatli film taqdimotini o‘tkazdi. Film Fransiyaning Les Poissons Volants kinokompaniyasi, ARTE telekanali va Luvr muzeyi hamkorligida ishlangan.

Film taqdimotiga fan va madaniyat arboblari, diplomatik korpus va xalqaro tashkilotlar vakillari taklif etildi. Fransiyaning O‘zbekistondagi elchisi Oreliya Bushez ham film borasidagi fikrlarini bildirib o‘tdi.

«Avvalambor, «O‘zbekiston, Markaziy Osiyo bo‘ylab zamonlar osha sayohat» hujjatli filmi namoyishida sizlar bilan birga bo‘lganimdan juda xursandman. Ushbu filmni tomosha qilgandan so‘ng, biz 2022 yil noyabr oyida Parijdagi Luvrda ochiladigan bo‘lajak ko‘rgazmaning ko‘lami haqida birinchi tasavvurga ega bo‘lishimiz mumkin.

Ta’kidlash joizki, mazkur tadbir mamlakatlarimiz o‘rtasidagi ikki tomonlama munosabatlar taraqqiyoti ko‘rsatkichidir. Bu O‘zbekiston va Fransiya o‘rtasida yo‘lga qo‘yilgan madaniy aloqalarning ajoyib namunasidir. 

Mazkur film va ko‘rgazma orqali Fransiya jamoatchiligi O‘zbekistonning boy madaniy merosi bilan yaqindan tanishish imkoniyatiga ega bo‘ladi. Mamlakatingiz fransuzlar uchun u qadar tanish emas, hozirgacha ko‘pchilik bu Markaziy Osiyodagi eng ko‘p aholiga ega mamlakat ekani, jadal rivojlanib borayotgani va juda hurmatga sazovor ekanligini biladi. Xalqimiz Samarqand, Buxoro kabi ulug‘ shaharlaringiz haqida ko‘p eshitgan, ularni ziyorat qilishni, karvon yo‘llari o‘tgan joylarni o‘z ko‘zlari bilan ko‘rishni orzu qiladi. Shuningdek, ular xalqingiz shu kunga qadar saqlab kelgan barcha madaniy meros xazinalarini kashf qilishni orzu qiladilar.

Darvoqe, Samarqandga Fransiyadan kelayotgan sayyohlar sonining ko‘pligi ham shu bilan bog‘liq, ularning soni kun sayin ortib bormoqda, masalan, yiliga 20 ming nafar fransuz sayyohlari mamlakatingizga tashrif buyuradi. Ishonchim komilki, bu yil Luvr muzeyidagi ko‘rgazma sharofati bilan bu ko‘rsatkich bundanda yuqori bo‘ladi. 

Biz gapirayotgan ko‘rgazma Fransiya jamoatchiligiga Parij tashqarisiga chiqmasdan turib O‘zbekistonning boy madaniy merosi bilan tanishish uchun imkoniyat yaratadi. Chunki u butun mamlakat bo‘ylab tanlangan 130 dan ortiq ashyo va buyumlarni o‘z ichiga olgan. Bu eksponatlarning aksariyati mamlakatning turli muzeylarida saqlanadi va ko‘plari arxeologik qazishmalar paytida topilgan. Aytish joizki, fransuz arxeologlari O‘zbekiston hududida juda jadal ishlamoqda. Ayniqsa, ko‘rgazma kuratori bo‘lgan mashhur arxeolog janob Rokko Rante ular qatoridan joy olgan. Bu esa yana bir bor mamlakatlarimiz o‘rtasidagi hamkorlik tobora kengayib borayotganidan dalolat beradi.

Luvrdagi ko‘rgazma bois ko‘plab muzey mehmonlari O‘zbekistonni tanib borishmoqda, ularning soni yiliga 10 millionni tashkil etadi va bu nafaqat Fransiya va qo‘shni davlatlar aholisi. Luvrga tashrif buyuruvchilar butun dunyodan san’at ixlosmandlaridir!» deydi u.

 Elchi xonim film yaratilishida o‘z hissasini qo‘shganlarning barchasiga minnatdorchilik bildirgan.

«Biz hozirgina juda ibratli ajoyib hujjatli filmni tomosha qildik. Film ustida ishlagan barchaga, birinchi navbatda uning direktori janob Darakchiyevga va Le Poisson Volant kompaniyasi prodyuseri Sofi Gupi xonimga minnatdorchilik bildirmoqchiman. Shuningdek, san’at va madaniyatni rivojlantirish jamg‘armasi raisi o‘rinbosari Saida Mirziyoyeva va Jamg‘arma ijrochi direktori Gayane Umerovaga, Luvr muzeyi ma’muriyati va ARTE telekanaliga, ularning umumiy maqsadlar yo‘lida amalga oshirgan samarali hamkorligi uchun alohida minnatdorchilik bildirmoqchiman. 

Nima uchun bu filmni ibratli deb topdim? Chunki u ko‘rgazma nimalardan iboratligi va arxeologik qazishmalar qanday olib borilganini ko‘rsatadi. O‘zbekiston tarixining muhim bosqichlari va ularning har bir davr madaniy merosida o‘z izi borligiga barchamiz guvoh bo‘ldik. Film 15 asrlik tarixni o‘sha davrdagi madaniy osori atiqalar va boshqa arxeologik topilmalar orqali namoyish etadi.

Filmda restavratorlar ishiga turlicha yondashuvlar, shuningdek, shu paytgacha o‘z hunarining asl qonun-qoidalari va an’analarini saqlash yo‘lida mehnat qilayotgan o‘zbekistonlik hunarmandlar ham ko‘rsatilgan. Bu esa xalqlarning madaniy merosini saqlab qolish uchun juda muhimdir. Filmda ajdodlarimiz bizga qoldirgan narsalarni asrab-avaylash zarurligi ko‘rsatilgan.

San’at va madaniyatni rivojlantirish jamg‘armasi O‘zbekiston madaniy merosini asrab-avaylashga o‘z hissasini qo‘shayotgani va bu borada Fransiya tajribasiga tayanayotganidan juda xursandman», deydi u.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring