Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

O‘qqa uchgan bolalar, motamzada onalar – yil fotolari e’lon qilindi

O‘qqa uchgan bolalar, motamzada onalar – yil fotolari e’lon qilindi

Turkiyaning Anadolu axborot agentligi o‘tkazib kelayotgan Istanbul Photo Awards tanlovining bu yilgi g‘oliblari e’lon qilindi.

Nufuzli hakamlar hay’atining yakuniy qaroriga ko‘ra falastinlik fotograf Said Jarasning “G‘azo, Dayr al-Balah” deb atalgan surati “Yil fotosurati” deb topildi. Suratda Isroil harbiylari hujumi oqibatida halok bo‘lgan farzandlariga motam tutayotgan ota-ona aks etgan. Ushbu fojia 2024-yilning avgust oyida Dayr al-Balahdagi qochqinlar lagerida ro‘y bergan.

Shuningdek, 10 ta nominatsiya bo‘yicha jami 29 nafar fotosuratchi taqdirlangan.

“Yakka yangilik” nominatsiyasida Saher Alg‘urra (Falastin) olgan fotosurat e’tirof etildi. Unda G‘azo sektoridagi Nusayrat qochqinlar lageri bombalanishi oqibatida halok bo‘lgan bolakay Ziyod bilan vidolashayotgan ona musibati aks etgan.

 “Turkum yangiliklar” nominatsiyasida AFP  muxbiri Umar Al-Qatta (Falastin) tomonidan olingan suratlar g‘olib deb topildi. Fotograf Isroilning G‘azoga hujumi oqibatlarini tasmaga muhrlagan.

“Yakka sport” nominatsiyasida AFP muxbiri Jeremo Bruye (Fransiya) birinchi o‘ringa loyiq ko‘rildi. U olgan fotosuratda braziliyalik syorfingchi Gabriel Medinaning Parij Olimpiadasidagi zafarli chiqishi tasvirlangan.

Reuters fotografi Hanna Makay (Buyuk Britaniya) “Turkum sport” nominatsiyasida g‘olib deb e’lon qilindi. Unda amerikalik gimnastikachi, Parij Olimpiadasida bir necha oltin medalni qo‘lga kiritgan Simona Baylzning mahorati aks etgan. 

“Yakka tabiat va atrof-muhit” nominatsiyasida European Pressphoto Agency (EPA) fotografi Anton Brinkning (Islandiya) ijodiy ishi e’tirof etildi. Fotograf Islandiyaning Grindavik shahri yaqinida vulqon otilishini tasmaga muhrlashga muvaffaq bo‘lgan.

“Tabiat va atrof-muhit turkumi” nominatsiyasida AFP fotografi Luis Tatoning (Ispaniya) ijodiy ishlari birinchi o‘ringa sazovor bo‘ldi. Mazkur turkumdagi fotosuratlar Sharqiy Afrikadagi suv toshqinlariga bag‘ishlangan.

“Yakka portret” nominatsiyasida afg‘onistonlik ayol tasviri bilan fotograf Mauro De Bettio (Italiya) g‘olib deb topildi.

The New York Times nashri bilan hamkorlik qilib kelayotgan fotograf Samar Abu Elou (Falastin) “Turkum portret” nominatsiyasida g‘olib chiqdi. Ushbu turkumdagi fotosuratlarda Isroil hujumlari oqibatida majruh bo‘lib qolgan g‘azoliklar tasvirlangan.

“Yakka kundalik hayot” nominatsiyasida g‘olib chiqqan ijodkor Mahmud Zaki Salim Isaning  (Falastin) ishlarida Falastindagi ocharchilik oqibatlari aks etgan.

“Kundalik hayot turkumi” nominatsiyasida esa fotograf Valentina Sinis (Italiya) birinchi o‘ringa sazovor bo‘lgan. Ushbu turkum afg‘on ayollarining tashvishlari va quvonchlari haqida hikoya qiladi.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring