Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

O‘qishga «kiritish» qimmatga tushdi...

O‘qishga «kiritish» qimmatga tushdi...

Foto: «Xabar.uz»

O‘qishga kiritish hamda chet eldagi o‘qishini ko‘chirib berishga va’da berib, fuqarolarni chuv tushirishga uringan shaxslar qo‘lga tushdi.

Bosh prokuratura huzuridagi Departament hamda DXXning Chilonzor tumani bo‘limlari tomonidan o‘tkazilgan tezkor tadbirda fuqarolar T.T. va M.A.lar oldindan til biriktirib, fuqaro Sh.ni Qozog‘iston Respublikasidagi yuridik ta’lim yo‘nalishidagi oliygohlardan biriga o‘qishga kiritib, keyinchalik o‘qishini tanishlari orqali 2-bosqichdan Toshkent davlat yuridik universitetiga ko‘chirib berish evaziga 8 000 AQSh dollarini olgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlandi.

Shu kabi, Departamentning Sho‘rchi tuman bo‘limi tomonidan o‘tkazilgan tergovga qadar tekshiruvda Sho‘rchi tumani Xalq ta’limi bo‘limi metodisti R.Q. fuqaro J.A.ning ishonchiga kirib, uning ukasi — Qozog‘iston Respublikasidagi Muxtor Avezov nomidagi universitet talabasi A.ning o‘qishini Toshkent davlat iqtisodiyot universitetiga tanishlari orqali ko‘chirib berish evaziga 1 600 AQSh dollarini firibgarlik yo‘li bilan qo‘lga kiritganligi aniqlangan.

Xuddi shunday, Departamentning Parkent tuman bo‘limi tomonidan o‘tkazilgan tergovga qadar tekshiruvda, fuqaro A.X. fuqaro G.ning ishonchiga kirib, uning o‘g‘lini sherigi B.P. orqali O‘zbekiston davlat jismoniy tarbiya va sport universitetiga o‘qishga kiritib qo‘yish evaziga 1 500 AQSh dollarini firibgarlik yo‘li bilan qo‘lga kiritganligi aniqlangan.

Yuqoridagi holatlar yuzasidan Jinoyat kodeksining 168-moddasi (firibgarlik) va 28, 211-moddasi (pora berish) bilan jinoyat ishlari qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari o‘tkazilmoqda, deyiladi xabarda.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring