Onlayn-leksiya paytida muallima vafot etdi
Argentinada «Zoom» orqali o‘tayotgan onlayn-leksiya paytida de la Empresa universiteti muallimasi hayotdan ko‘z yumdi. Bu haqda mahalliy «Clarin» nashri xabar bergan.
Hodisa o‘tgan chorshanba kuni sodir bo‘lgan. Nashrning ma’lum qilishicha, 46 yoshli Paola de Simone talabalarga onlayn-leksiya o‘tayotgan vaqtda bo‘g‘ila boshlagan, ko‘p o‘tmay u hushidan ketib, vafot etgan.
Xabarlarga ko‘ra, xuruj boshlangandan so‘ng talabalar tez yordam chaqirish uchun de Simonening manzilini aniqlashga urinishgan. Lekin ayol yashash manzilini aytishga ulgurmagan.
Nashrning yozishicha, avgustning oxirida de Simone «Twitter»dagi sahifasi orqali bir oy avval unda koronavirus alomatlari kuzatilganini ma’lum qilgandi.
Avvalroq Argentina hukumati koronavirus tufayli joriy etilgan karantin qoidalarini 20-sentyabrgacha uzaytirishga qaror qildi.
«Worldometers» hisob-kitoblariga ko‘ra, 2020-yil 6-sentyabr soat 9:30 da mamlakatda koronavirusga chalingan 471 806 kishi qayd etilgan, 9 739 kishi hayotdan ko‘z yumgan, 340 381 nafar bemor tuzalgan.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter