Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

O‘ndan oshiq banklarga jarima jazosi qo‘llanildi

O‘ndan oshiq banklarga jarima jazosi qo‘llanildi

Foto: Xabar.uz

Markaziy bank qoidabuzarliklar uchun 11 ta bankka nisbatan jarima sanksiyasi qo‘lladi. 

Markaziy bankning Bank nazorati qo‘mitasi joriy yilning may oyidagi yig‘ilishlarida (7 marta) 47 ta masalani ko‘rib chiqdi va ular bo‘yicha tegishli qarorlar qabul qilgan. 

Ro‘yxatga olish va ruxsat berish yo‘nalishida 36 ta, xususan, kredit tashkilotlari ustaviga kiritilgan o‘zgartirishlarni ro‘yxatdan o‘tkazish (2 ta), kredit tashkilotlarining ustav fondidagi ulushiga egalik qilish uchun ruxsat berish (2 ta), mikromoliya tashkilotlari faoliyatini amalga oshiruvchi tashkilotlar reyestriga kiritish (2 ta), mikromoliya tashkilotlariga berilgan litsenziyalarni qayta rasmiylashtirish (13 ta), to‘lov tashkilotlariga berilgan litsenziyani chaqirib olish (2 ta), mikromoliya tashkilotlarini hisob ro‘yxatiga olish (2 ta) hamda tijorat banklari kuzatuv kengashi va boshqaruvi a’zolari, shuningdek, muhim ahamiyatga ega xodimlarining nomzodlarini ko‘rib chiqish (13 ta) bilan bog‘liq masalalar ko‘rildi.

Kredit tashkilotlarining moliyaviy holatiga doir 11 ta masala Markaziy bankning ko‘rsatmalari va prudensial me’yorlari talablarining bajarilishi, banklar va mikromoliya tashkilotlarida o‘tkazilgan tekshirishlar natijalari ham muhokama qilindi.

Tijorat banklari va mikromoliya tashkilotlarida o‘tkazilgan o‘rganishlar natijasida aniqlangan qoidabuzarliklar, ya’ni bank kafolatlari to‘g‘risidagi ma’lumotlarning Kredit axborotining davlat reyestriga to‘liq yuborilishini ta’minlamaganligi hamda ochiq valyuta mavqei bo‘yicha o‘rnatilgan limitlarga amal qilmaganligi uchun 3 ta bank chora va sanksiyalar qo‘llanilishi to‘g‘risida ogohlantirildi.

Shuningdek, PAYMENT AGGREGATION SYSTEMS va YURT PAY mas’uliyati cheklangan jamiyatlari ta’sischilari tomonidan tashkilotlar faoliyatini to‘xtatish bo‘yicha qarorga kelingani sababli ularning litsenziyasini chaqirib olish to‘g‘risida qaror qabul qilindi hamda amaldagi qonunchilik va Markaziy bank tomonidan o‘rnatilgan iqtisodiy me’yorlar talablariga rioya qilinmaganligi va aniqlangan qoidabuzarliklar uchun 11 ta bankka nisbatan jarima sanksiyasi qo‘llanildi.

1 ta mikromoliya tashkilotida o‘tkazilgan inspeksiya tekshiruvi natijasida aniqlangan qoidabuzarliklar uchun jamiyatning kreditlash operatsiyalarini amalga oshirish faoliyati uch oy muddatga cheklandi.

Bundan tashqari, Qo‘mita tomonidan bank tizimi barqarorligini saqlash, omonatchilar va investorlar huquqlarini himoya qilish tamoyilidan kelib chiqib, tijorat banklari boshqaruvlari va mikromoliya tashkilotlari rahbariyatlariga aniqlangan kamchiliklarni tuzatish, ular bo‘yicha tegishli chora-tadbirlar ishlab chiqish, o‘rnatilgan prudensial normativlarga amal qilish, bank faoliyatida mavjud zaifliklarni bartaraf etish va moliyaviy holatini sog‘lomlashtirishga qaratilgan talablarga rioya qilish yuzasidan tegishli ko‘rsatmalar berildi.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring