O‘n yil qidirilgan xazina topildi
AQShning Qoya tog‘larida, o‘n yillik qidiruvlardan so‘ng, bir million dollarlikdan kam bo‘lmagan boylik yashirilgan sandiqcha topildi. Bu haqda «Fox News» xabar berdi.
Xazina topilganini uni yashirib qo‘ygan havaskor-arxeolog, kolleksioner, art-diler Forrset Fenn ma’lum qilib, barchani qidiruvni bas qilishga chaqirdi.
Forrest Fenn Qoya tog‘larida boylik to‘la sandiqni yashirib qo‘yganini o‘n yil oldin aytib, barcha sarguzashttalab insonlarni sayohatga chorlagandi. Nomi maxfiy qolishini istagan bir erkak bir necha kun avval xazinani topib olibdi. Buning isboti sifatida sandiqcha va ichidan chiqqan narsalar — sof oltin bo‘laklari, noyob tangalar, taqinchoqlar va boshqa qimmatbaho buyumlarning suratini Fennga yo‘lladi.
Forrest Fennga 1989-yili buyrak saratoni tashxisini qo‘yishadi. O‘shanda u o‘zi kabi «Indiana Jons»lar o‘rtasida tanlov o‘tkazish haqida o‘ylay boshlaydi. Keyinchalik saratonni yengishga muvaffaq bo‘lgan Fenn xazina yashirib qo‘yganini barchaga ma’lum qilib, tanlov e’lon qiladi: kim topsa — o‘shaniki. Yashirin joyga eltuvchi kalitlarni esa she’r ko‘rinishida ifodalaydi. Fenning aytishicha, xazinani topishga qariyb 350 ming kishi urinib ko‘rgan.
«Xazina yulduzlar pardasi ostida, Qoya tog‘lardagi o‘rmon o‘tlog‘i ostida o‘n yil yashirinib yotdi. Uni topgan inson kim — bilmayman, ammo kitobimdagi she’r uni maqsadga eltgani rost», — dedi Fenn.
Forrest Fenn o‘z sayti orqali yosh hamkasbiga xazinani qanday sotish yoki yashirish haqida ham maslahat berdi.
«Tanlash ixtiyoringizda, tarixning davomini siz yozasiz, asosiysi, sarguzashtlar ishtiyoqi sizni tark etmasin», — dedi 89 yoshli millioner.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter