Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

OAV haqidagi qonun yangi tahrirda: ommaviy axborot vositalariga nisbatan har qanday to‘siq bekor qilinmoqda

OAV haqidagi qonun yangi tahrirda: ommaviy axborot vositalariga nisbatan har qanday to‘siq bekor qilinmoqda

Foto: «segodnya.ua»

O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi saytida «Jurnalistlik faoliyatini himoya qilish to‘g‘risida»gi O‘zbekiston Respublikasi qonuniga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish haqida»gi qonun loyihasi jamoatchilik muhokamasiga qo‘yilgach, avvalgi qonun bilan yangi tahrirdagisini taqqoslab chiqqan edik.

Bugun esa Oliy Majlis Qonunchilik palatasi tomonidan jamoatchilik muhokamasiga qo‘yilgan «O‘zbekiston Respublikasining «Ommaviy axborot vositalari to‘g‘risida»gi Qonuniga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish haqida»gi qonun loyihasining asosiy qismlarini solishtirib chiqamiz.

Avvalgi qonunning 5-moddasi: «O‘zbekiston Respublikasida ommaviy axborot vositalari erkin bo‘lib, o‘z faoliyatini ushbu qonunga va boshqa qonun hujjatlariga muvofiq amalga oshiradi.

Har kim, agar qonunda boshqacha qoida nazarda tutilmagan bo‘lsa, ommaviy axborot vositalarida chiqish, o‘z fikri va e’tiqodini oshkora bayon etish huquqiga egadir.

Ommaviy axborot vositalari qonun hujjatlariga binoan axborotni izlash, olish, tarqatish huquqiga ega hamda tarqatilayotgan axborotning xolisligi va ishonchliligi uchun belgilangan tartibda javobgar bo‘ladi».

Yangi tahrirda quyidagicha o‘zgartiriladi: birinchi qismidan «bo‘lib, o‘z faoliyatini ushbu qonunga va boshqa qonun hujjatlariga muvofiq amalga oshiradi» so‘zlari chiqarib tashlanadi.

Quyidagi tahrirda uchinchi qism bilan qo‘shimcha kiritiladi: «Ommaviy axborot vositalari faoliyatining erkinligi, axborotdan erkin foydalanish, mulkiy huquq, davlat organlarining noqonuniy qarorlaridan, ular mansabdor shaxslarining harakatlaridan (harakatsizligidan) himoya qilinishi davlat tomonidan kafolatlanadi. Ommaviy axborot vositalarining faoliyatiga to‘sqinlik qilish yoki aralashish taqiqlanadi».

Uchinchi qismi to‘rtinchi qism deb hisoblanadi.

To‘rtinchi qismga «olish» so‘zidan keyin «tadqiq etish, uzatish, foydalanish, saqlash va» so‘zlari qo‘shimcha qilinadi.

Quyidagi tahrirda 51-moddasi qo‘shimcha qilinadi:

«51-modda. Ommaviy axborot vositalarini davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlash

Ommaviy axborot vositalari davlat tomonidan quyidagi yo‘llar orqali qo‘llab-quvvatlanishi mumkin:

— ommaviy axborot vositalari tomonidan o‘zining mahsulotini ishlab chiqarish va tarqatish chog‘ida to‘lanadigan soliq va boshqa majburiy to‘lovlar hamda tariflar bo‘yicha imtiyozlar va preferensiyalar berish;

— davlat subsidiyalari, davlat grantlari va davlat ijtimoiy buyurtmalar tizimi orqali moliyaviy yordam ko‘rsatish;

— moddiy-texnik bazasini mustahkamlash bo‘yicha kompleks chora-tadbirlarni ishlab chiqish va amalga oshirish;

— tahririyat xodimlarini ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash;

— ommaviy axborot vositalarini qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha jamg‘armalar faoliyatini tashkil etish;

— tahririyat xodimlarini tayyorlash, qayta tayyorlash va malakasini oshirish.

Ommaviy axborot vositalarini qo‘llab-quvvatlash ommaviy axborot vositalarining ijodiy mustaqilligini buzish uchun ishlatilishi mumkin emas».

Avvalgi qonunning 20-moddasi: «Ommaviy axborot vositasini ro‘yxatdan o‘tkazish to‘g‘risidagi arizada quyidagilar ko‘rsatilishi kerak:

— muassis to‘g‘risidagi ma’lumotlar;

— ommaviy axborot vositasining nomi, tili va turi;

— maqsad va vazifalari;

— ixtisoslashuvi;

— tarqatilish hududi;

— davriyligi;

— moliyalashtirish manbalari;

— tahririyatning joylashgan yeri (pochta manzili) va tahririyat to‘g‘risidagi boshqa ma’lumotlar;

— hajmi;

— muassis va tahririyat boshqa qaysi ommaviy axborot vositalariga nisbatan muassis, ishonchli boshqaruvchi, noshir, tarqatuvchi ekanligi haqidagi (barcha affillangan shaxslarning va ulardan har birining tahririyat ustav fondidagi ulushi miqdorlari ko‘rsatilgan) ma’lumotlar.

Ommaviy axborot vositasini ro‘yxatdan o‘tkazish to‘g‘risidagi arizaga ommaviy axborot vositasining ta’sis hujjatlari ilova qilinadi.

Agar muassis bitta shaxsdan iborat bo‘lsa, ro‘yxatdan o‘tkazuvchi organga taqdim etiladigan ommaviy axborot vositasini ro‘yxatdan o‘tkazish to‘g‘risidagi arizaga faqat tahririyat ustavi (nizomi) ilova qilinadi.

Ommaviy axborot vositasini ro‘yxatdan o‘tkazishda ushbu moddada nazarda tutilganidan boshqa talablar qo‘yish taqiqlanadi.

Ushbu modda birinchi qismining ikkinchi-beshinchi xatboshilarida, shuningdek, ikkinchi qismida ko‘rsatilgan ma’lumotlar va hujjatlarga ommaviy axborot vositasi ro‘yxatdan o‘tkazilganidan so‘ng o‘zgartishlar kiritilgan taqdirda, u belgilangan tartibda qayta ro‘yxatdan o‘tishi shart. Qolgan hollarda muassis yoki tahririyat kiritilgan o‘zgartishlar to‘g‘risida ro‘yxatdan o‘tkazuvchi organni bir oy muddatda yozma shaklda xabardor qilishi shart».

Yangi tahrirda to‘rtinchi qism bilan qo‘shimcha kiritiladi: «Internet butunjahon axborot tarmog‘ida veb-sayt ommaviy axborot vositasi sifatida ro‘yxatdan o‘tkazilgan taqdirda veb-saytning domen nomi ko‘rsatiladi, bunda mazkur moddaning birinchi qismi 6 va 10-xatboshlarida nazarda tutilgan ma’lumotlarni taqdim etish talab etilmaydi».

Avvalgi qonunninng 22-moddasi: «Ommaviy axborot vositasini ro‘yxatdan o‘tkazish quyidagi hollarda rad etilishi mumkin:

— ommaviy axborot vositasining maqsad va vazifalari qonun hujjatlariga zid bo‘lsa;

— ommaviy axborot vositasini ro‘yxatdan o‘tkazish to‘g‘risidagi ariza ushbu qonunga muvofiq ommaviy axborot vositasini ta’sis etish huquqiga ega bo‘lmagan yuridik yoki jismoniy shaxs nomidan berilgan bo‘lsa;

— ommaviy axborot vositasini ro‘yxatdan o‘tkazish to‘g‘risidagi arizada ko‘rsatilgan ma’lumotlar haqiqatga mos kelmasa;

— bundan avval aynan bir xil yoki adashtirib yuborish darajasida o‘xshash nomdagi ommaviy axborot vositasi ro‘yxatdan o‘tkazilgan bo‘lsa.

Ommaviy axborot vositasini ro‘yxatdan o‘tkazish rad etilgan taqdirda, rad etish asoslari ko‘rsatilgan yozma xabarnoma qaror chiqarilgandan keyin o‘n kun ichida arizachiga yuboriladi.

Muassis ro‘yxatdan o‘tkazuvchi organning ommaviy axborot vositasini ro‘yxatdan o‘tkazishni rad etish to‘g‘risidagi qarori ustidan sudga shikoyat qilishi mumkin».

Yangi tahrirda ikkinchi qism quyidagi tahrirda bayon etiladi: «Ommaviy axborot vositasini ro‘yxatdan o‘tkazish rad etilgan taqdirda, rad etish asoslari, qonun hujjatlarining aniq normalari ko‘rsatilgan xabarnoma yozma shaklda, shu jumladan, axborot tizimlari orqali elektron shaklda qaror chiqarilgandan keyin bir kun ichida arizachiga yuboriladi (topshiriladi)».

Avvalgi qonunning 27-moddasi: «Davriy bosma nashrning elektron shakli davriy bosma nashrni tarqatish usullaridan biridir.

Tegishli davriy bosma nashrning bosma va elektron shakllarining mazmuni aynan bir xil bo‘lgan hamda qonun hujjatlari talablariga rioya etilgan taqdirda, davriy bosma nashr tahririyati davriy bosma nashrning elektron shaklini mustaqil ommaviy axborot vositasi sifatida ro‘yxatdan o‘tkazmasdan tarqatishga haqlidir.

Davriy bosma nashrning bosma shaklida mavjud bo‘lgan reklama xabarlarining elektron shakldan olib tashlanishi va (yoki) butunlay yoki qisman almashtirilishi, shuningdek, elektron shaklda ifodalangan materiallar hajmining bosma shaklidagiga nisbatan qisqartirilishi mazmunning aynan bir xilligi buzilishi deb qaralmaydi.

Davriy bosma nashr tahririyati davriy bosma nashrning elektron shakli tarqatilishi to‘g‘risida ro‘yxatdan o‘tkazuvchi organni yozma shaklda xabardor qilishi shart».

Yangi tahrirda birinchi qism bilan qo‘shimcha qilinadi: «Axborot tashuvchi qurilmalarga yozilgan, shuningdek, elektron texnik qurilmalar yordamida foydalanishni inobatga oluvchi Internet butunjahon axborot tarmog‘ida joylashtirilgan ro‘znomalar, jurnallar, axborotnomalar, byulletenlar va boshqalar, chiqish ma’lumotlari bo‘lgan, o‘zgarmas tarzda tarqatishga mo‘ljallangan, tahririy qayta ishlashdan o‘tkazilgan elektron shakldagi hujjatlar davriy bosma nashrning elektron shaklidir».

birinchi-to‘rtinchi qismlar o‘z navbatida ikkinchi-beshinchi qismlar deb hisoblanadi.

Quyidagi tahrirda 271-modda bilan qo‘shimcha qilinadi: «Internet butunjahon axborot tarmog‘ida veb-sayt tarzidagi ommaviy axborot vositasining bosh sahifasida quyidagi ma’lumotlar ko‘rsatilishi shart:

— davriy nashrning nomi;

— davlat ro‘yxatidan o‘tkazilgan sanasi va raqami;

— muassisning nomi (familiyasi, ismi, otasining ismi);

— bosh muharrirning familiyasi, ismi, otasining ismi;

— tahririyatning indeksi, joylashgan yeri (pochta va elektron manzili)».


Eslatib o‘tamiz, mazkur qonun hali loyiha bo‘lib, u tasdiqlanishi yoki rad etilishi mumkin. Ushbu qonun rasmiy e’lon qilingan kundan e’tiboran kuchga kiradi.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring