Ombudsman qiynoqlar haqida ma’lumot berdi — «Bitta holatda xodim qasddan badanga og‘ir shikast yetkazgan va dalillarni soxtalashtirgan»
Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakili (ombudsman) axborot xizmati tergov jarayonlarida va jazoni ijro etish muassasalarida qiynoqlar haqida ma’lumot berdi.
Aytilishicha, Ombudsmanning tergovga qadar tekshirish olib borish vakolati mavjud emas. Shuning uchun qiynoqlar qo‘llanilganiga oid murojaatlar va ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan xabarlar joyiga chiqib o‘rganilgach, qiynoq alomatlari mavjud bo‘lgan hollarda ish ko‘rib chiqish uchun prokuratura organlariga yuboriladi. Ombudsman bunda mahkum va mahbuslarning ko‘rsatmalari va ishga oid to‘plangan dastlabki va birlamchi hujjatlarga asoslanadi.
«Ombudsman boshchiligida penitensiar muassasalarda 2022-yilning 9 oyligida 297 ta monitoring amalga oshirilgan. Ombudsman va uning mintaqaviy vakillari tomonidan monitoringlar jazoni ijro etish muassasalari ma’muriyatini ogohlantirishsiz amalga oshirilmoqda va mavjud holatlar o‘rganiladi. O‘rganishlarda mahkum va mahbuslar bilan holi tarzda uchrashib, qiynoqlar qo‘llanilyaptimi – yo‘qmi, so‘raladi va ularga yaratilgan sharoitlarning belgilangan talablar darajasida ekanligi holati o‘rganiladi.
2022-yilda Ombudsmanga qiynoqlar bo‘yicha murojaatlar kelib tushgan, lekin ular ko‘p hollarda tasdiqlanmayapti. Ba’zi murojaatlar esa 5-10 yillar avvalgi qiynoqlar haqida. Mavjud holatni sinchiklab o‘rganish maqsadida 2022 yildan mahkumlar orasida respublika bo‘ylab anonim so‘rovlar ham o‘tkazish yo‘lga qo‘yildi. Natijalar albatta Ombudsmanning qiynoq holatlarining oldini olish bo‘yicha amalga oshirilgan ishlar yuzasidan yillik ma’ruzasida e’lon qilinadi.
2022-yilda Ombudsmanga o‘z vakolatini suiiste’mol qilib, inson huquqlarini poymol etgan huquq-tartibot xodimlari ustidan kelib tushgan murojaatlar o‘rganilib, xodimlarning harakatlariga huquqiy baho berish uchun prokuratura organlariga yuborilgan. Bitta holatda Jinoyat kodeksining qasddan badanga og‘ir shikast yetkazish va dalillarni soxtalashtirish moddalari bilan aybdor deb topilgan. Shuningdek, 11 nafar xodimga nisbatan intizomiy ta’sir choralari qo‘llanilgan va 1 nafar xodim bilan mehnat shartnomasi bekor qilingan», — deyiladi Ombudsman axborotida.
Ombudsman badanga og‘ir shikast yetkazgan va dalillarni soxtalashtirgan xodim qaysi organga tegishli ekanligiga oydinlik kiritmagan. Shuningdek, keyinchalik unga qanday chora ko‘rilgani haqida ham aytilmagan.
Qo‘shimcha qilinishicha, 2021-yilda Ombudsman nazoratiga olingan qiynoq holatlari bo‘yicha prokuratura organlari tomonidan bironta qiynoq holati tasdiqlanmagan.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter