Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

«Oltin qalam»da hali-beri adolat bo‘lishiga ishonmayman!

«Oltin qalam»da hali-beri adolat bo‘lishiga ishonmayman!

Foto: «Sputnik»

Bo‘lgan voqea. Domlani (joylari jannatda bo‘lsin) katta-kichik jurnalistlar yaxshi bilishadi. U kishi o‘zbek tele-radio jurnalistikasi rivojiga hissa qo‘shgan, bir qancha ilmiy monografiyalar muallifi edi. Ustozning darslarini bugun ko‘pchilik entikib eslaydi. Nuroniy chehrasi, nim tabassumi ko‘z o‘ngimizda gavdalanaveradi. Maqola domlaning suratiga chizgilar emas. U kishi bilan bog‘liq, eshitganimda yuragimni o‘rtagan bir voqea xususida.

Umrining so‘nggi damlarida domla og‘ir betob bo‘lib yotib qoladi. Shifoxonada zarur muolajalar qilinishiga qaramay, qarilik o‘z so‘zini aytadi. Ahvoli kundan-kunga og‘irlashib boradi. Shifokorlar farzandlarini chaqirib, buyog‘iga tibbiyot ojizligi, hammasi Yaratganning ixtiyorida ekanini tushuntiradi. Domla betobligidan sal oldinroq «Oltin qalam» tanloviga hujjatlarini topshirgandi. Natijalar chiqishiga hali bor, shu umid uni ushlab turadi. Tanlov yakunlari e’lon qilinadigan kun ustoz bolalariga tayinlaydi: «Ertaga tanlov g‘oliblari matbuotda e’lon qilinadi, bu yil meni ham g‘oliblikka munosib deb topishgan. Uyushmadan diplom va statuetkamni olib kelinglar».

Afsus, domlaning orzusi amalga oshmaydi. Uni «Oltin qalam»ga loyiq ko‘rishmaydi. Farzandlar qiyin ahvolda qoladi. O‘lim to‘shagida yotgan odamga bu xabarni qanday aytadi? O‘ylay-o‘ylay vaziyatdan chiqish yo‘lini topishadi. Domlaning qizi diplom yasattiradi, boshqa bir jurnalistdan statuetkasini vaqtinchaga olib turadi. Respublika gazetalaridan birining muharririga iltimos qilib tanlov g‘oliblarining ro‘yxatiga domlaning ham ism-sharifini yozdirishadi va bir nusxa chiqartirishadi.

Ertasi kuni shogirdlari, fakultetdagi hamkasblari yig‘ilishib shifoxonaga domlani ko‘rishga, tabriklashga borishadi. Shugina dalda domlaning umrini bir necha haftaga uzaytirdi...

«Oltin qalam»! Xalqaro tanlov. Jurnalistika sohasidagi eng nufuzli milliy mukofotlardan biri. Ushbu sovringa loyiq ko‘rilgan kishi alohida e’tirofga sazovor bo‘lishidan tashqari, moddiy jihatdan yaxshigina daromadga ham ega bo‘ladi. Shuning uchun unda qatnashuvchi talabgorlar soni ko‘p.

Xo‘sh, mazkur jarayon qanchalik shaffof o‘tadi? «Oltin qalam» egasiga aylanganlarning hammasi unga munosibmi? Afsuski bu kabi savollarga har doim ham ijobiy javob ololmaysiz. Har yili tanlov e’lon qilingan kundan boshlab uning atrofida yaxshi-yomon gap-so‘zlar bolalaydi. Kimdir g‘olib bo‘lganidan havolansa, boshqa birov mag‘lubiyat alamini kimdan olishini bilmay dardini yana qog‘ozga to‘kadi.

Bunday gap-so‘zlar urchishiga nima sabab bo‘ladi. Shamol bo‘lmasa daraxtning uchi qimirlamaydi, har holda. Tanlov atrofidagi salbiy fikrlarni «alamzada»larning yozg‘irishlariga yo‘ymasdan ularning tub mohiyatiga e’tibor qaratish vaqti kelmadimikan?

Buning uchun avvalo, tanlovga hujjat topshirish va baholash mezonlarini qayta ko‘rib chiqish lozim deb o‘ylayman. Ushbu milliy mukofot nomzodlariga qo‘yiladigan talablarni biroz qat’iylashtirish kerak, nazarimda. Masalan, amaldagi tartibga ko‘ra, matbuot yoki elektron OAVda bir yil davomida beshtadan ortiq material e’lon qilgan har qanday shaxs tanlovda qatnashishi mumkinligi belgilangan. Bu kelib tushayotgan materiallar sonining oshishiga xizmat qilsa ham sifatiga ta’sir ko‘rsatadi. Birgina o‘tgan yilgi «Oltin qalam» tanlovida 520 jurnalist 9 ming 500 ga yaqin materiali bilan qatnashgan.

Endi o‘zingiz bir o‘ylab ko‘ring. Tanlov hay’ati minglab ishni ko‘rib chiqishga ulgura oladimi?. Ularning bunga xohishi bo‘lsa-da, jismoniy imkoniyati va vaqti yetmaydi. Bu esa qancha-qancha yaxshi ijodiy ishlarning ko‘rilmay qolib ketishiga olib kelishi tabiiy.

Bir misol. O‘tgan yili jurnalistlardan biri o‘z maqolalarini topshira turib ayrim sahifalarini ataylab yelimlab qo‘yadi. U komissiya a’zolari har bitta ish bilan tanishadimi, yo‘qmi shuni aniqlamoqchi bo‘ladi. Taxmin qilganidek, u topshirgan materiallarini hattoki varaqlab ham ko‘rishmagan.

Shunga o‘xshash salbiy holatlarning oldini olish uchun tanlov shartlariga bugungi kun talablaridan kelib chiqib o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish zarur. Xususan, milliy mukofotga kamida besh yil sohada faoliyat ko‘rsatgan jurnalistlargina qatnasha olishi mumkinligini kiritish maqsadga muvofiqdir. Birinchidan, bu topshirilayotgan materiallar sonini kamaytiradi. Ikkinchidan, tanlovga badiiy saviyasi yuqori asarlar kelib tushishini ta’minlaydi. Eng asosiysi esa, soha rivojiga ko‘p yil hissa qo‘shgan zabardast jurnalistlarning mehnati munosib baholanishiga xizmat qiladi.

Yana bir masala. Tanlovda Tele-radiokanallar, tahririyatlar uchun alohida, jurnalistlar uchun esa alohida o‘rinlar ajratilishi kerak, deb hisoblayman. O‘tgan yili ayniqsa, matbuot yo‘nalishiga ajratilgan 1-2 o‘rinlar tahririyatlarga berildi. Bu jurnalistlarni rag‘batlantirish, ularning mehnatini munosib baholash imkoniyatlarini chegaralab qo‘ydi. Yuzlab ijodkorlarning orzusi yana bir yilga kechikdi.

“Oltin qalam”ning o‘n uch yillik tarixida hali sohada aytarli ish qilmagan, matbuotda birorta tahliliy yoki tanqidiy materiali chiqmagan tasodifiy nomlar ham jarangladi. Ayrim hollarda adolat mezonlari buzildi. Tanish-bilishchilik, korrupsiya holatlariga yo‘l qo‘yildi. 20-30 yil ishlab, sohaning qattiq nonini yegan, tahdid-u ta’qiblardan sochi oqargan jurnalistlar qolib, faqat tanlov uchingina 5-6 ta xabar yozgan, alifni kaltak deydiganlar “Oltin qalam”ga ega chiqdi.

Afsuski, asosiy vazifasi adolatni tiklash, jamiyatdagi illatlarga qarshi kurashish bo‘lgan sohamiz vakillari ana shunday ishlarga qo‘l urdi. Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev ta’kidlaganidek, endi bunday yashab bo‘lmaydi! Bu jurnalistikamiz uchun uyat, uyat esa o‘limdan qattiq.

PS: Jurnalistika sohasida faoliyat olib borayotganimga o‘n besh yildan oshdi. Lekin biror marta “Oltin qalam”dan umidvor bo‘lib, hujjat topshirmagandim. Chunki unga munosib ish qilganim yo‘q. Mazkur maqolani yozishni anchadan beri rejalashtirganim uchun ham bu yil shunchaki o‘n-o‘n beshta maqolalarimni to‘plab tanlovga topshirdim(oldin hujjat topshir, ololmasang keyin gapirasan demasliklari uchun). Biroq unda hali-beri adolat bo‘lishiga ishonmayman. Jurnalistlar orasida menga o‘xshaganlar ko‘p.

Qahramon Saydaliyev


Ushbu blogpost muallifi O‘zbekiston blogerlari chempionatida ishtirok etmoqda. Mukofot jamg‘armasi 60 mln so‘mdan ortiq chempionatga kelib tushgan boshqa ijodiy ishlar bilan tanishish uchun ushbu havolaga o‘ting. Chempionatda Siz ham qatnashishingiz mumkin, buning uchun bloger bo‘lishingiz shart emas. Chempionat nizomini mana bu yerda o‘qishingiz mumkin.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring