Olmaotada velosipeddan yiqilgan o‘zbekistonlik reanimobilda vrach nazorati ostida Toshkentga jo‘natiladi
Mamlakatimizning Olmaota shahridagi Bosh konsulxonasi bergan ma’lumotga ko‘ra 2019 yil 3 avgust kuni velosipeddan yiqilib tushish oqibatida og‘ir umurtqa-orqa miya jarohati bilan Olmaota shahar kasalxonasi reanimatsiya bo‘limiga tushib qolgan O‘zbekiston fuqarosi X.B.ning sog‘ligi holatida ijobiy o‘zgarish qayd etilmoqda. Kompleks muolajadan so‘ng mutaxassislar bemorni transportda olib ketish mumkin degan xulosaga keldilar.
Bosh konsulxona O‘zbekiston Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi bilan birgalikda hamyurtimizni reanimobilda vrach nazorati ostida muolajani davom ettirish uchun Toshkent shahriga jo‘natish masalasini hal qilmoqda.
Konsullik-huquqiy departamenti Qozog‘istonning Olmaota va Chimkent shaharlari, Olmaota, Sharqiy Qozog‘iston, Turkiston, Jambil va Qizilo‘rda viloyatlari hududida bo‘lib turgan O‘zbekiston fuqarolari zarur hollarda mamlakatimizning Olmaota shahridagi Bosh konsulxonasiga quyidagi telefon raqamlari orqali murojaat qilishlari mumkinligini eslatadi: +7-727-299-20-70, +7-727-390-26-16.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter