Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Olmaliqda katta miqdorda oltin va mis koni aniqlandi (foto)

Olmaliqda katta miqdorda oltin va mis koni aniqlandi (foto)

Olmaliq kon-metallurgiya kombinatining JORC kodeksi bo‘yicha baholangan mis resurslari 45 million tonnani, oltin resurlari esa 5 ming tonnadan ziyodni tashkil etadi.

Prezidentga kombinatni 2030 yilgacha rivojlantirishga doir rejalar taqdim qilindi. 2030 yilda mis ishlab chiqarish 515 ming tonnaga, oltin 52 tonnaga, kumush 343 tonnaga yetkaziladi. Buning evaziga kombinatning yillik ishlab chiqarish hajmi 8 milliard dollar bo‘ladi.

Davlat rahbari Olmaliq kon-metallurgiya kombinatining 3-mis boyitish fabrikasi qurilish jarayonini ko‘zdan kechirdi. Ushbu inshootga joriy yil 29 iyul kuni tamal toshi qo‘yilgan edi. Bugungi kunda 107 gektar maydonda fabrikaning poydevor qismi qurilmoqda.

Bu loyihaning qiymati 2 milliard dollar bo‘lib, bugungi kunda 861 million dollar o‘zlashtirilgan. Loyihalashtirish ishlariga Italiyaning “Wood” hamda loyihani texnik jihatdan baholash va qabul qilishga Buyuk Britaniyaning “Technip Energies” kompaniyalari jalb qilingan.

Direksiya binolari va quruvchilar uchun shaharcha foydalanishga topshirilgan bo‘lib, yana bir shaharcha qurilishi davom etmoqda. Yana bir muhim tomoni, xarajatlarni kamaytirish maqsadida fabrika yonida metall konstruksiyalar zavodi barpo etilmoqda.

Yangi fabrikada ruda omborlari, maydalash, yanchish va flotatsiya binolari, gidrometallurgiya sexi, ta’mirlash ustaxonalari, chiqindi xo‘jaligi va boshqa ob’yektlar bo‘ladi. Ish jarayoni zamonaviy uskunalar yordamida boshqariladi. Bu, inson omilini kamaytirib, mahsulot sifati va ish xavfsizligini ta’minlashga xizmat qiladi.

— Eng asosiysi, kelgusi ikki yilda kombinatda zamonaviy boshqaruv tizimini joriy etib, uni davlat yordamisiz ishlay oladigan, dunyoning yetakchi metallurgiya kompaniyalaridan biriga aylantirish asosiy vazifa bo‘lishi kerak, — dedi Prezident.

Davlatimiz rahbari 3-mis boyitish fabrikasini qurish bilan parallel ravishda 4-fabrikani ham loyihalashtirish muhimligini ta’kidladi. Buning natijasida rudani qayta ishlash hajmi 160 million tonnaga yetib, 3 martaga ko‘payishi mumkin.

Shu yerda mahalla raislari, hokim yordamchilari va yoshlar yetakchilari bilan ham muloqot bo‘ldi.

— Kombinatni, albatta, zo‘r qilamiz. Lekin avvalo odamlar rozi bo‘lishi kerak. Uyi yaxshi, suvi chuchuk, elektri o‘chmaydigan, ishi daromadli bo‘lishi lozim. Buning uchun mahallada qanday muammolar borligini, ularni hal qilib, odamlarga sharoit yaratish uchun nima kerakligini sizlar aytishingiz zarur. Shuning uchun ochiq muloqot qilsak, foydali bo‘ladi, — dedi Shavkat Mirziyoyev.

Hokim yordamchilari o‘zlari mas’ul bo‘lgan mahallada ishsizlikni kamaytirish, tadbirkorlik va tomorqachilikni rivojlantirish, yoshlarni sportga jalb etish bo‘yicha rejalarini so‘zlab berdi.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring