Oliy Majlis Qonunchilik palatasi Spikeri «Yoshlar parlamenti» a’zolari bilan uchrashdi
![Oliy Majlis Qonunchilik palatasi Spikeri «Yoshlar parlamenti» a’zolari bilan uchrashdi](https://static.xabaruz.com/crop/1/1/720_460_95_1126037623.jpg)
Joriy yilning 17-avgust kuni «Yoshlar parlamenti» a’zolarining Oliy Majlis Qonunchilik palatasi Spikeri hamda siyosiy partiyalar fraksiyalari rahbarlari bilan uchrashuvi o‘tkazildi.
Oliy Majlis Qonunchilik palatasi Spikeri N.Ismoilov o‘z so‘zida «Yoshlar parlamenti» ijtimoiy-iqtisodiy, siyosiy jarayonlarda yoshlarning ishtirokini ta’minlashga qaratilgan fuqarolik jamiyatining muhim tarkibiy qismiga aylanayotganini alohida ta’kidladi.
Uchrashuvda Qonunchilik palatasi Spikeri yoshlarning parlament faoliyati va qonun ijodkorligini barcha bosqichlariga jalb etish, qonun ijodkorligi faoliyati sifatini oshirish yuzasidan yangi va ustuvor yo‘nalishlarni belgilashda ularning faolligini yanada kuchaytirish hamda yoshlarga oid davlat siyosati sohasidagi xalqaro hamkorlikni yanada rivojlantirish masalalariga ham to‘xtalib o‘tdi.
— Yoshlar parlamenti – shunchaki oddiy tuzilma emas, balki yoshlarimizning siyosiy faolligini ta’minlashga xizmat qiladigan haqiqiy maydondir, — deydi Qonunchilik palatasi Spikeri N. Ismoilov. — Yoshlarni qo‘llab-quvvatlash, ularning siyosiy-huquqiy bilim va ko‘nikmalarini boyitish, qonun ijodkorligi jarayoniga yoshlarni jalb qilish, qabul qilingan qonunlarni yoshlar orasida keng targ‘ib qilishda, yoshlar o‘rtasida huquqbuzarlikning oldini olishda Oliy Majlisga va davlat hokimiyatining boshqa organlariga samarali yordam beradi deb ishonamiz. Shu o‘rinda biz Yoshlar parlamenti faoliyatining natijalaridan foydalanish masalasiga o‘ta jiddiy va katta mas’uliyat bilan yondashgan holda, hamkorlik qilishga tayyormiz.
Spiker 12-13 avgust kunlari bo‘lib o‘tgan Inson huquqlari bo‘yicha Samarqand veb-forumi «Yoshlar 2020: global hamjihatlik, barqaror taraqqiyot va inson huquqlari» mavzusidagi nufuzli xalqaro anjumanda «Yoshlar parlamenti» a’zolarining muvaffaqiyatli ishtirokini, mazkur Forumda Yoshlar parlamenti a’zolari Muhtaram Prezidentimiz tomonidan BMT Bosh Assambleyasining 72-sessiyasida ilgari surgan Yoshlar huquqlari bo‘yicha konvensiyani qo‘llab- quvvatlaganliklarini alohida e’tirof etdi.
Tadbirda «Yoshlar parlamenti» a’zolarining Oliy Majlis Qonunchilik palatasining qo‘mitalari bilan o‘zaro aloqalarni yo‘lga qo‘yish, ularning qonunchilik hamda parlament nazoratini amalga oshirish jarayonlaridagi ishtirokini ta’minlash masalalari bilan o‘zaro fikr almashildi
Yig‘ilish davomida viloyatlardan saralab olingan «Yoshlar parlamenti»ning a’zolari o‘zlarini qiziqtirgan savollar va takliflari bilan faol ishtirok etdilar.
Tadbirda bildirilgan taklif va tavsiyalar asosida «Yoshlar parlamenti» kelgusi faoliyatining asosiy yo‘nalishlari ishlab chiqiladigan bo‘ldi.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter