Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Oliy Majlis deputati: «Men chalasavod edim, balki hozir ham...»

Oliy Majlis deputati: «Men chalasavod edim, balki hozir ham...»

Foto: «Upl.uz»

Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati Rasul Kusherbayev uzoq yillardan buyon o‘z yechimini topmayotgan o‘zbek alifbosidagi og‘riqli muammoga to‘xtaldi:

— Maktabda o‘qishni kirill alifbosida boshlagandim. Boshlang‘ich sinfni tugatganimizda lotin alifbosiga o‘tdik va o‘qituvchilarimiz bilan birga bu yozuvni arang o‘zlashtirdik — asosiy e’tibor yangi alifboni o‘rganishga qaratildi, oqibatda fan o‘qitilishi ham oqsadi. Maktabni bitirguncha lotin va kirill alifbosining aralashmasida diktant yozganim uchun «uch» bahodan nariga o‘tmaganman. Oliygohga kirguncha yozuvda o‘zimni chalasavod hisoblardim.

Oliygohda yana hammasi eski holiga qaytdi: kirillda yozasanmi, lotindami farqi yo‘q, faqat oraliq va joriy nazorat deganlarini hisobga olmaganda. Domlalarning xohishiga qarab ko‘pchilik qatori kirill yozuviga qaytdim. Lekin bu bilan yozuvdagi aralashma kasalidan qutula olmadim.

Shu tariqa ishga keldim va unda ham «Kirill og‘a» bilan oshno tutindim, lekin ishga doir muhr va nomlar lotinligicha qolaverdi.

Hammasi joyidadek go‘yo, ammo yaqinda negadir yana alifbo masalasi ko‘tarilganida, lotin yozuviga o‘tib qancha mashaqqat bilan  o‘rganganganimiz, yozuvda «uch»dan uyog‘iga o‘tolmaganimiz yodimga tushdi. Xo‘sh, bundan buyog‘iga kelajak avlodni chalasavod qilish kimga kerak? Qo‘shimcha harflar va qoidalar bizning savodimizni mukammal qiladimi? Yoki bundan ham murakkablashgan yozuv tufayli ahvol battar chigallashadimi? Aslida bizning savodimiz haminqadar bo‘lib qolishiga puxta ishlab chiqilmagan alifbo sabab emasmi? Hoy baraka topgur ziyoli olimlar, alifboni puxta qilmagan ekansiz nima keragi bor edi amalga kiritib. Bir asr davomida to‘rt marta alifbomiz o‘zgardi va qanchadir avlod chalasavod «uch» va«ikki»chi bo‘ldi.

«Ishga kelayotgan yoshlar hatto arizani to‘g‘ri yoza olmaydi» degan kinoyalaringiz ham yetar! Afsus, bugun men farzandlarimga kundaligimni ham ko‘rsatolmayman. Yana deputat emish...

Bu gaplar yoqmasa, ana katta ko‘chalar ko‘p, — deb yozadi deputat.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring