Olimlar qadimiy daraxtlardan kuchli quyosh bo‘roni izlarini topdi
Fransiya va Buyuk Britaniyalik olimlar Fransiya Alp tog‘laridagi qadimiy daraxtlarning o‘sish halqalarida radiokarbon darajasining keskin harakatini aniqladi. Radiokarbon portlashiga 14,3 ming yil avval Yerga urilgan kuchli quyosh bo‘roni sabab bo‘lgan. Tadqiqot Mathematical Physical and Engineering Sciences ilmiy jurnalida chop etildi.
Maqola mualliflarining fikriga ko‘ra, qazib olingan alp tog‘lari daraxtlari tanasidagi radiokarbon miqdori Grenlandiya muz yadrolaridagi berilliy konsentratsiyasiga mos keladi. Mutaxassislarning ta’kidlashicha, ikkala ko‘rsatkich ham katta miqdordagi kosmik energiya ta’siridan kelib chiqqan.
Tadqiqotchilarning fikricha, bugungi kunda bunday kuchli quyosh bo‘ronlari zamonaviy texnologik jamiyat uchun halokatli oqibatlarga olib keladi – telekommunikatsiyalar, sun’iy yo‘ldosh tizimlari va elektr tarmoqlarini buzishi mumkin.
«Kuchli quyosh bo‘ronlari Yer uchun juda katta oqibatlarni keltirib chiqarishi mumkin. Bunday bo‘ronlar bizning elektr tarmoqlarimizdagi transformatorlarni butunlay ishdan chiqarishi mumkin, bu esa elektr energiyasining keng tarqalgan uzilishlariga olib keladi. Ular, shuningdek, navigatsiya va aloqa sun’iy yo‘ldoshlariga doimiy zarar etkazishi va ularni kosmik chiqindilarga aylantirishi mumkin. Quyosh bo‘ronlari astronavtlar uchun katta radiatsiyaviy xavf tug‘diradi», — dedi Buyuk Britaniyaning Lids universiteti professori Tim Xiton.
Tarixda eng katta quyosh bo‘roni 1859-yil 2-sentyabrga o‘tar kechasi sodir bo‘lgan. U telegraf tarmoqlarini vayron qilgan va shu qadar yorqin porlashni keltirib chiqardiki, qushlar chaqnashni quyosh chiqishi deb o‘ylab sayray boshlaganlar.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter