Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Oilaviy munosabatlardagi ayrim holatlar zo‘ravonlik deb topilmoqda. Ularga javobgarlik belgilandi

Oilaviy munosabatlardagi ayrim holatlar zo‘ravonlik deb topilmoqda. Ularga javobgarlik belgilandi

Joriy yil 11-aprel kuni Prezident tomonidan «Xotin-qizlar va bolalar huquqlari, erkinliklari hamda qonuniy manfaatlarini ishonchli himoya qilish tizimi yanada takomillashtirilishi munosabati bilan ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida»gi qonun imzolandi.

Mazkur hujjat bilan Jinoyat kodeksiga quyidagi o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritildi:

Voyaga yetmagan shaxs tavsiflangan yoki tasvirlangan pornografik mahsulotlar bilan muomala qilish voyaga yetmagan shaxs ishtirokida qo‘shmachilik qilish, fohishaxonalar tashkil etish jinoyatlari jinoyatga tayyorgarlik yoki suiqasd bosqichida to‘xtatilganda, mazkur jinoyatlar uchun jazo tayinlashda yengillik berilmaydi.

Quyidagi jinoyatlarni sodir etganlarga jazodan muddatidan ilgari shartli ozod qilish qo‘llanilmaydi:

  • 18 yoshga to‘lmagan jabrlanuvchi nomusiga tegish va uni jinsiy aloqaga majbur etish bilan bog‘liq jinoyatlar;
  • 16 yoshga to‘lmagan shaxs bilan jinsiy aloqa yoki unga uyatsiz-buzuq harakatlar qilish;
  • voyaga yetmagan shaxs tavsiflangan yoki tasvirlangan pornografik mahsulotlar bilan muomala qilish;
  • voyaga yetmagan shaxs ishtirokida qo‘shmachilik qilish, fohishaxona tashkil etish bilan bog‘liq jinoyatlar.

Ayolni homilasini sun’iy tushirishga majburlaganlik uchun javobgarlik kuchaytirilib, jarima miqdori BHMning 100 baravaridan 200 baravarigacha yoki 3 yildan 5 yilgacha muayyan huquqdan mahrum qilish yoxud 300 soatdan 360 soatgacha majburiy jamoat ishlari yoki 2 yildan 3 yilgacha axloq tuzatish ishlari bilan jazolanashi belgilandi.

Ilgari BHMning 50 baravarigacha jarima yoki 300 soatgacha majburiy jamoat ishlari yoxud 2 yilgacha axloq tuzatish ishlari nazarda tutilgan.

Nomusga tegish (118-modda) va jinsiy ehtiyojni zo‘rlik ishlatib g‘ayritabiiy usulda qondirish (119-modda) jinoyatlari uchun javobgarlik 5 yildan 8 yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanishi belgilandi. Ilgari 3 yildan 7 yilgacha edi.

Shuningdek, mazkur jinoyatlar nogironligi bo‘lgan shaxslarga, sobiq xotiniga, bir ro‘zg‘or asosida birgalikda yashayotgan shaxsga yoxud umumiy farzandga ega bo‘lgan shaxsga nisbatan sodir etilishi, jabrlanuvchiga qarab turish yuklatilgan ta’lim, tarbiya, davolash yoki boshqa muassasaning xodimi tomonidan sodir etilishi jinoyatni og‘irlashtiruvchi holat deb topilishi nazarda tutilmoqda.

18 yoshga to‘lmagan shaxslarni, yaqin qarindosh, sobiq xotin, bir ro‘zg‘or asosida birgalikda yashayotgan shaxs yoxud umumiy farzandga ega bo‘lgan shaxsni jinsiy aloqa qilishga majbur etganlik uchun javobgarlik belgilandi.

Mazkur jinoyat 5 yildan 8 yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanadi.

Oilaviy (maishiy) zo‘ravonlik uchun javobgarlik kiritildi. Unga ko‘ra, xotiniga (eriga), sobiq xotiniga (sobiq eriga), bir ro‘zg‘orda yashayotgan shaxsga yoki umumiy farzandga ega shaxsga nisbatan:

  • mulk, ta’lim olish, sog‘liqni saqlash va (yoki) mehnatga oid huquqini amalga oshirishga to‘sqinlik qilish;
  • mol-mulkiga va shaxsiy ashyolariga qasddan shikast yetkazish;
  • ularning sha’ni va qadr-qimmatini tahqirlash, ularni qo‘rqitish, yaqin qarindoshlaridan ajratib qo‘yish, mazkur harakatlar uchun ma’muriy jazo qo‘llanilganidan keyin sodir etilsa, BHMning 20 baravaridan 30 baravarigacha jarima yoki 160 soatdan 300 soatgacha majburiy jamoat ishlari yoxud 2 yilgacha axloq tuzatish ishlari bilan jazolanadi.

Yuqoridagi shaxslarni do‘pposlash, tan jarohati yetkazish yetkazilgan jarohatdan kelib chiqqan holda og‘irlashtiruvchi holatlarni keltirib chiqarsa, xususan, sog‘liqning uzoq vaqt (kamida 21 kun, ammo 4 oydan ko‘p bo‘lmagan davrda) yomonlashuviga yoki umumiy mehnat qobiliyatining 10 foizidan 33 foizigacha yo‘qolishiga sabab bo‘lgan qasddan badanga o‘rtacha og‘ir shikast yetkazish sodir etilsa, 2 yildan 3 yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanishi mumkin.

Voyaga yetmagan shaxs bilan jinsiy aloqa qilganlik uchun javobgarlik choralari kuchaytirildi. Jumladan:

  • 16 yoshga to‘lmagan shaxs bilan jinsiy aloqa qilganlik uchun – 3 yildan 5 yilgacha ozodlikdan mahrum qilish;
  • 16 yoshdan 18 yoshgacha bo‘lgan shaxs bilan moddiy qimmatliklar berish yoki mulkiy yoxud boshqacha tarzda manfaatdor etish orqali jinsiy aloqa qilish – 2 yildan 4 yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanishi mumkin.

Shuningdek, shaxsning sha’nini va qadr-qimmatini kamsituvchi hamda inson hayotining sir tutiladigan tomonlarini aks ettiruvchi ma’lumotlarni oshkor qilganlik uchun javobgarlik belgilandi.

Mazkur jinoyat og‘irlashtiruvchi holatlarda 3 yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanadi.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring