Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

O‘g‘rilik oqibatida yetkazilgan zararning minimal chegarasi belgilanyapti

O‘g‘rilik oqibatida yetkazilgan zararning minimal chegarasi belgilanyapti

Mulkka tajovuz qiluvchi huquqbuzarliklar uchun javobgarlikni takomillashtirilishi munosabati bilan Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksiga qo‘shimcha va o‘zgartishlar kiritishga doir IIV ishlab chiqqan qonun loyihasi e’lon qilindi.

Qayd etilishicha, mazkur hujjat bilan Jinoyat kodeksining 167, 168, 169-moddalarining amaldagi birinchi qismida nazarda tutilgan jinoiy qilmishlar oqibatida yetkazilgan zararning minimal chegarasini belgilash natijasida, bu turdagi muayyan miqdorgacha sodir etilgan ijtimoiy xavfli qilmishlarning dekriminalizatsiya qilinishiga erishiladi.

Shuningdek, fuqarolarni ijtimoiy xavfi kam bo‘lgan qilmishlar uchun sudlanishini, ularning tergov idoralarida ortiqcha sarson bo‘lishlarini oldini olishga xizmat qiladi.

Shu bilan birga, statistik ma’lumotlar va o‘rganilgan xorijiy tajribalar asosida, fuqarolarga nisbatan sodir etilgan talon-toroj qilish bilan bog‘liq huquqbuzarlik oqibatida oz miqdordagi zarar yetkazgan taqdirda, huquqbuzarning harakatlarini jinoiy qilmish sifatida baholamaslik (dekriminalizatsiya qilish) va sodir etilgan qilmishni ma’muriy huquqbuzarlik sifatida baholab, unga nisbatan ma’muriy jazo qo‘llash bilan javobgarlikning muqarrarligiga erishiladi.

Hujjat loyihasi bilan Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksining 61-moddasi tahririga o‘zgartirish kiritish orqali o‘zgalar mol-mulkini o‘g‘irlash, o‘zlashtirish, rastrata qilish, mansab lavozimini suiiste’mol qilish yoki firibgarlik yo‘li bilan oz miqdorda talon-toroj qilish uchun bazaviy hisoblash miqdorining uch baravaridan o‘n baravarigacha miqdorda jarima solish yoki o‘n sutkagacha muddatga ma’muriy qamoqqa olish ma’muriy jazosini nazarda tutish taklif etilmoqda.

Shuningdek, moddaning ikkinchi qismida mulkchilik shaklidan qat’i nazar korxona, muassasa, tashkilotlarda sodir etilgan xuddi shunday huquqbuzarlik ma’muriy jazo chorasi qo‘llanilganidan keyin bir yil davomida takror sodir etilgan bo‘lsa, bazaviy hisoblash miqdorining o‘n baravaridan o‘n besh baravarigacha miqdorda jarima solish yoki o‘n besh sutkagacha muddatga ma’muriy qamoqqa olish nazarda tutilmoqda.

Mazkur moddani to‘rtinchi qism bilan to‘ldirish orqali birinchi marta huquqbuzarlik sodir etgan shaxs, yetkazilgan zararning o‘rnini ixtiyoriy ravishda qoplagan taqdirda unga nisbatan ma’muriy qamoq bilan bog‘liq bo‘lgan jazo turi qo‘llanilmasligi taklif etilmoqda.

Moddaning beshinchi qismi tahriri o‘zgartirilgan holda, unda fuqarolarning talon-toroj qilingan mulki qiymati bazaviy hisoblash miqdorining uch baravaridan, shuningdek korxona, muassasa, tashkilotlarning talon-toroj qilingan mulki qiymati bazaviy hisoblash miqdorining o‘ttiz baravaridan oshmasa, bunday talon-toroj oz miqdordagi talon-toroj qilish deb hisoblanishini belgilash nazarda tutilmoqda.

Moddaning oltinchi qismida jismoniy shaxslarning mol-mulkini oz miqdorda talon-toroj qilish bilan bog‘liq huquqbuzarliklar Jinoyat kodeksining o‘zgalar mulkini talon-toroj qilish bobidagi tegishli moddalarida og‘irlashtiruvchi holat sifatida berilgan tegishli qism bandlari alomatlari sodir etilgan taqdirda ushbu modda bilan kvalifikatsiya qilinmasligi va jinoiy javobgarlikka tortilishiga asos bo‘lishi taklif etilmoqda.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring