O‘zbekistonda jahon chempionatini o‘tkazish imkoni bor — OFK
O‘zbekistonda futbol bo‘yicha yirik xalqaro musobaqalar, jumladan, o‘smirlar, yoshlar va xotin-qizlar jamoalari o‘rtasida jahon va qit’a birinchiliklarini tashkil etish uchun imkoniyatlar yetarli.
Bu haqda bugun, 16-sentyabr kuni Osiyo futbol konfederatsiyasi prezidenti Shayx Salmon bin Ibrohim Al-Xalifa Prezident Shavkat Mirziyoyev bilan uchrashuvda aytgan.
«O‘zbekistonda xalqaro darajadagi futbol infratuzilmasini yaratish, uslubiy ta’minot, iqtidorli yoshlarni qo‘llab-quvvatlash, yuqori malakali mutaxassislar, murabbiylar va hakamlarni tayyorlashda yordam berishda davom etamiz», degan OFK prezidenti.
Shuningdek, uchrashuvda Osiyo futbol konfederatsiyasi bilan o‘zaro manfaatli hamkorlikni yanada kengaytirish masalalari ham ko‘rib chiqilgan.
Shayx Salmon bin Ibrohim Al-Xalifa Osiyo futbol konfederatsiyasi O‘zbekiston bilan keng ko‘lamli sheriklikni rivojlantirishda qat’iy ekani hamda amaliy hamkorlikka qaratilgan yangi dastur va loyihalarni birgalikda amalga oshirishga tayyorligini ta’kidlagan.
O‘zbekiston 1994-yildan buyon konfederatsiya a’zosi hisoblanadi. Bugungi kunda ushbu tashkilot bilan birgalikda futbolni rivojlantirish, jumladan, hududlarda zamonaviy sport infratuzilmasini yaratish va mavjudini rekonstruksiya qilish, yosh sportchilarni qo‘llab-quvvatlash, ayollar futbolini taraqqiy ettirish, muhim xalqaro musobaqalarni o‘tkazish, texnik ko‘mak bo‘yicha ustuvor loyihalarni amalga oshirishga qaratilgan ko‘plab tadbir va dasturlar amalga oshirilmoqda.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter