«Odno»dagi tanishuv xunuk oqibatda yakun topdi
Samarqand viloyati. 2019-yil 8-dekabr kuni 25 yoshli Oydinoy (ismi o‘zgartirilgan) Pastdarg‘om tumani IIBga ariza bilan murojaat qilib, unda 2019-yil avgust oylarida «Odnoklassniki» ijtimoiy tarmog‘ida 21 yoshli R.A. ismli shaxs bilan tanishib o‘zaro uchrashib yurganligini, R.A. uni sharmanda qiluvchi ma’lumotlarni tarqatib yuborish bilan qo‘rqitib, 1.700 AQSh dollari miqdorida pul talab qilayotganligini bildirib, ushbu shaxsga nisbatan qonuniy chora ko‘rishni so‘ragan.
IIV huzuridagi Tergov departamenti xabariga ko‘ra, 2019-yil 8-dekabr kuni soat 18:00da Pastdarg‘om tumani IIB JQB xodimlari tomonidan o‘tkazilgan tezkor tadbir davomida R.A. so‘ralgan pullarning bir qismi, ya’ni 600 AQSh dollarini olayotganida ushlangan.
Mazkur holat yuzasidan Pastdarg‘om tumani IIB huzuridagi Tergov bo‘limi tomonidan O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 165-moddasi 1-qismi (tovlamachilik) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan bo‘lib, dastlabki tergov jarayonida R.A. ga ayblov e’lon qilinib unga nisbatan «garov» ehtiyot chorasi qo‘llanilgan.
Hozirda jinoyat ishi bo‘yicha dastlabki tergov harakatlari davom ettirilmoqda.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter