Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Odam savdosida bolalarning soni keskin ko‘paydi

Odam savdosida bolalarning soni keskin ko‘paydi

Foto: «Depositphotos»

So‘nggi 15 yil ichida dunyoda odam savdosi qurbonlari orasida bolalarning ulushi uch baravarga oshdi, ayollar ushbu jinoiy harakatning asosiy nishoni bo‘lib qolmoqda. Bu haqda 2-fevral kuni BMTning giyohvandlik va jinoyatchilik bo‘yicha boshqarmasi tomonidan taqdim etilgan Odam savdosi to‘g‘risidagi Butunjahon hisobotida ma’lum qilingan.

Unga ko‘ra, 2018-yilda 148 mamlakatda 50 mingga yaqin odam savdosi qurbonlari aniqlangan, ammo jinoiy faoliyatning yashirin xususiyatga ega ekanligini hisobga olib qurbonlar soni bundan ham ko‘p bo‘lishi mumkinligini aytish mumkin.

Odamlarning yaxshi himoyalanmagan toifalari — migrantlar, ishsizlar, shuningdek, bolalar xavf ostida qolishmoqda. Qizlar asosan jinsiy ekspluatatsiya uchun sotiladi, o‘g‘il bolalar esa majburiy mehnatga jalb qilinadi.

2018-yilda dunyo bo‘yicha har 10 ta qurbonga beshta katta yoshli ayol va ikkita qiz to‘g‘ri kelgan. Jabrlanganlarning taxminan 20%i voyaga yetgan erkaklar, 15%i esa o‘g‘il bolalar tashkil etgan.

So‘nggi 15 yil ichida qayd etilgan qurbonlar soni oshdi. Ustiga-ustak, aynan bolalarning ulushi o‘sgan — taxminan 10% dan 30% gacha. Katta yoshli ayollarning ulushi 2018-yilda 70% dan 50% gacha kamaydi. Katta yoshli erkaklarning soni shu davr mobaynida 10% dan 20% gacha o‘sgan.

Hisobotda, shuningdek, aniqlangan jabrdiydalarning 50%i jinsiy ekspluatatsiya, 38%i majburiy mehnat, 6%i jinoiy ishlarda qatnashish, 1%i tilanchilik, qolganlari majburiy nikoh, a’zolarini olish va boshqa maqsadlarda sotilganligi aytiladi.

Odam savdosi bilan asosan uyushgan jinoiy guruhlardagi erkaklar shug‘ullanishadi. O‘ljalar ko‘pincha ijtimoiy tarmoqlarda «o‘tirishadi». U yerda foydalanuvchilar yangi tanish yoki ish bo‘yicha e’lonlarni izlashadi.

Giyohvandlik va jinoyatchilik bo‘yicha boshqarma ijrochi direktori Gada Fatxi Valining so‘zlariga ko‘ra, dunyoda millionlab ayollar, bolalar va erkaklar davom etayotgan COVID-19 inqirozi sharoitida na ish, na o‘qish va na ijtimoiy qo‘llab-quvvatlashga ega. Shu bois ular odam savdosiga duchor bo‘lishdek katta xavf ostida qolishmoqda. Odam savdosi bilan shug‘ullanuvchilar koronavirus pandemiyasidan foydalanib, himoyasiz qatlamlardan foydalanishlarining oldini olish uchun «maqsadli choralar ko‘rish» kerakligini ta’kidladi u.

Avvalroq, 2020-yil 1-dekabrda Xalqaro qullikka qarshi kurash kuni arafasida BMT Bosh kotibi Antoniu Guterrish hozirgi kunda dunyo bo‘yicha 40 milliondan ortiq odam qullikning zamonaviy shakllariga duchor bo‘layotganligi, ularning 71 foizi ayollar va qizlar tashkil etishini ma’lum qilgandi.

U BMTning barcha a’zolarini «ushbu jirkanch ishlarga chek qo‘yish uchun yanada ko‘proq harakat qilishga» chaqirdi.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring