Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

O‘zbekistondagi ichki va tashqi ochiqlik siyosati portalning yangi versiyasida aks etadi

O‘zbekistondagi ichki va tashqi ochiqlik siyosati portalning yangi versiyasida aks etadi

AOKAda «O‘zbekiston Respublikasida ochiq ma’lumotlar sohasini yanada rivojlantirish istiqbollari» mavzusida matbuot anjumani bo‘lib o‘tdi.

Unda Davlat statistika qo‘mitasi raisi o‘rinbosari Zohidjon Ziyayev hamda bir guruh mas’ul xodimlar, Ochiq ma’lumotlar portali faoliyatini monitoring qilish va muvofiqlashtirish boshqarmasi boshlig‘i Akrom Sultonov, shuningdek, Elektron hukumat loyihalarini boshqarish markazi rahbari Bahrom Ziyayevlar ishtirok etishdi.

Ma’lumki, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2019-yil 9-apreldagi «Davlat boshqaruvining ochiqligi va shaffofligini ta’minlash hamda mamlakatning statistika salohiyatini oshirish yuzasidan qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida»gi qaroriga ko‘ra, Davlat statistika qo‘mitasi davlat organlari va tashkilotlarining ochiq ma’lumotlar to‘plamlari ro‘yxatini shakllantirish, yuritish va yangilash, tegishli axborotlarning O‘zbekiston Respublikasi Ochiq ma’lumotlar portali (data.gov.uz)da o‘z vaqtida aks ettirilishini muvofiqlashtirishga mas’ul etib belgilandi.

Nima uchun bu masala oxirgi yillarda juda muhim va dolzarblik darajasiga ko‘tarildi? Ochiq ma’lumotlar davlatga, biznes jarayonlari va jamiyat taraqqiyotiga nima beradi? Loyiha boshlanganidan buyon qanday yutuqlarga erishildi? Portalning yangi versiyasidan o‘ziga xos yondashuvlar o‘rin olganmi? Matbuot anjumanida aynan shu kabi savollar mutaxassislar tomonidan ochiqlandi.

Bugungi kunda ma’lumotlarning ochiqlik va shaffoflik bilan yetkazilishi nafaqat yurtimiz, balki dunyo hamjamiyati tomonidan tan olinishimizda ham muhim ahamiyatga ega. So‘nggi yillarda mamlakatimizda bu borada sezilarli islohotlar amalga oshirildi. Davlat organlarining shaffofligi ta’minlanib, keng jamoatchilik nazoratini o‘rnatish imkoniyati yaratildi.

«2015-yilda tashkil etilgan Ochiq ma’lumotlar portaliga 2019-yilgi Prezident qarori asosida katta o‘zgartirishlar kiritildi. Jumladan, texnik tomondan mukammallashtirilib, portalning konsepsiyasi ishlab chiqildi, xorijiy tillar qo‘shildi, ma’lumotlar bazasi kengaytirildi, vazirlik va idoralar jalb qilindi, ro‘yxatlar shakllantirildi», – deydi Davlat statistika qo‘mitasi raisi o‘rinbosari Zohidjon Ziyayev. — «Natijada ijobiy o‘zgarishlarga erishildi. Shuningdek, 2019-2020 yillar davomida 100 dan ortiq vazirlik va idoralardagi 385dan ortiq xodimning xalqaro va mahalliy ekspertlarni jalb qilgan holda malakasi oshirildi. Albatta bu yo‘nalishdagi ishlarimiz endi boshlandi. Hali oldinda qiladigan ishlarimiz juda ko‘p».

Ochiq ma’lumotlar reytingida (Open Data Inventory - ODIN) O‘zbekistonning 63 ball to‘plab, 125ta pozitsiyaga ko‘tarilgani va dunyoda 44-o‘rinni, Markaziy Osiyoda esa 1-o‘rinni egallagani islohotlar o‘z natijasini bera boshlanidan dalolat.

Albatta, bu kabi ko‘rsatkichlarni e’tirof etish lozim. Ayniqsa, Birlashgan Millatlar Tashkilotining «Elektron hukumat kuzatuvi 2020»da «Ochiq davlat ma’lumotlari indeksi» bo‘yicha O‘zbekiston eng yuqori (Very High OGDI) ko‘rsatkichga ega bo‘lgan jahonning 41 ta mamlakati orasidan joy olgani, ushbu indeksda jami 193ta mamlakat baholanib, ular orasida yurtimiz eng yuqori ball to‘plagani ham katta yutug‘imizdir.

Hozirgi kunda, O‘zbekiston Respublikasining Ochiq ma’lumotlar portalida jami 11 mingga yaqin ma’lumotlar to‘plamlari 3 tilda (o‘zbek, rus va ingliz) joylashtirilgan.

Tan olish kerak, yaqin-yaqingacha yillab yangilanmagan, noto‘liq bazasi tufayli O‘zbekistonning ochiq ma’lumotlar portaliga ishonch yo‘qolgan, uni deyarli unutishgan edi. Lekin qalovini topsang, qor ham yog‘adi, deganlaridek, 2 yillik sa’y-harakatlar yo‘qotilganlarni qaytarish imkoniyatini berdi.

«2 yil oldin O‘zbekistonning ochiq ma’lumotlar portali bo‘yicha fikrlarni o‘rganganimizda juda ko‘p salbiy gaplarni eshitdik. O‘sha paytda portalda 4000taga yaqin ma’lumotlar bor bo‘lib, ko‘pi eskirib ham qolgandi. O‘z vaqtida to‘ldirilmagani, dolzarb emasligidan kelib chiqib, barcha ma’lumotlarni olib tashladik va o‘rniga butunlay yangilarini joylashtirdik. Bundan tashqari, ochiq ma’lumotlar ro‘yxatini yangidan shakllantirdik», – deydi Ochiq ma’lumotlar portali faoliyatini monitoring qilish va muvofiqlashtirish boshqarmasi boshlig‘i Akrom Sultonov. — «Hozirgi amaldagi ro‘yxatda 1500taga yaqin ma’lumotlar to‘plami mavjud. 2019 yilning 1 avgustida esa portalning ingliz tilidagi versiyasi ishga tushirildi. Shuningdek, dunyodaga barcha xalqaro statistik hamda xalqaro tashkilotlar ma’lumotlar bazalarini o‘rganib chiqdik. O‘sha paytdagi tahlilimizga ko‘ra, ularda O‘zbekiston to‘g‘risida atigi 28% ma’lumot mavjudligi aniqlandi. Keyingi to‘ldirish va ma’lumotlarni shakllantirish bo‘yicha amalga oshirgan ishlarimiz natijasida bu ko‘rsatkich 53 foizdan o‘sdi. Oldimizga qo‘ygan maqsad – yangi shakllantirilayotgan ma’lumotlarni portalga joylashtirib borish bilan birga ham xalqaro, ham ichki foydalanuvchilar uchun qulay va yagona bazani yaratishdir».  

So‘nggi yillarda elektron hukumatni tashkil etuvchi ko‘pgina davlat organlari va tashkilotlarining axborot tizimlari yaratildi. Bunga katta-katta mablag‘lar ajratildi. Shunday ekan, endilikda ushbu ma’lumotlardan nafaqat davlat sektori, ijtimoiy masalalar, balki tijorat sohasida ham imkon qadar samarali foydalanish zarur.

«Bugun O‘zbekistonda ichki va tashqi ochiqlik siyosati olib borilmoqda. Buni davlat idoralarining axborot resurslaridan tortib, barcha xizmatlarini ochiq va shaffof Ochiq ma’lumotlar portaliga joylashtirib kelayotganidan ham anglash mumkin», – deydi Elektron hukumat loyihalarini boshqarish markazi rahbari Bahrom Ziyayev. – «Endilikda har bir davlat va idoralardagi dolzarb ma’lumotlar Ochiq ma’lumotlar portaliga integratsiya qilinishi orqali aholimiz butun jarayonlarni kuzatib borish imkoniyatiga ega bo‘ladi: nima xizmatlar ko‘rsatilyapti, qanday sharoitlar va qulayliklar yaratilyapti va hokazo».

«Yana bir muhim jihati, Ochiq ma’lumotlar portalidagi ochiqlik va shaffoflik tufayli katta-katta xorijiy kompaniyalar O‘zbekistondagi har bir davlat idoralarining ahvolini, ulardagi statistik ma’lumotlarni o‘rganib, o‘zlariga keraklilarini elektron ko‘rinishda olish imkoniyatiga ega bo‘lishadi. Bu O‘zbekistonga investitsiya olib kirishda juda qo‘l keladi. 2021-yil 1-avgustga qadar O‘zbekiston Respublikasi ochiq ma’lumotlar portalining yangi versiyasini ishlab chiqish va foydalanishga topshirish rejalashtirilgan. Bu har bir davlat idoralarini avtomatik tarzda yagona nuqtaga birlashtiradigan platforma bo‘ladi», qo‘shimcha qildi Bahrom Ziyayev.

Ochiqlik va shaffoflik yurtimizning jahon maydonidagi imijini oshirib, investitsiyaviy jozibadorligini mustahkamlashga xizmat qiladi.

Matbuot anjumanida mas’ullar OAV vakillari tomonidan berilgan savollarga ham atroflicha javob berdi.

Shohida Isroilova

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring