Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Och qolgan maymunlar shaharni bosib oldi, politsiya taslim bo‘ldi (video)

Och qolgan maymunlar shaharni bosib oldi, politsiya taslim bo‘ldi (video)

Foto: «Latestly.com»

Politsiya Tailandning Lopburi shahrini egallab olgan och maymunlar qo‘shiniga qarshi kurashdan umidsizlikka tushib qolgan. Bu haqda «New York Times» nashri xabar berdi.

Lopburi ko‘chalarida har doim ham makakalar ko‘p bo‘lgan. Biroq so‘nggi paytlarda ularning soni keskin ko‘paygan. Pandemiya tufayli shaharda maymunlarni boqib turgan sayyohlar qolmagach vaziyat jiddiylashdi. Hozir aholisi 70 ming kishidan oshmaydigan shaharda taxminan 8-9 mingta maymun izg‘ib yuribdi.

Makakalar bo‘sh qolgan uylarga bostirib kiryapti, do‘kon derazalarini chil-chil sindiryapti, oziq-ovqat mahsulotlarini o‘g‘irlab, hatto, odamlarga hujum qilishdan ham toymayapti. Natijada o‘nlab do‘konlar, musiqa maktablari, kinoteatr va sartaroshxonalar yopilishga majbur bo‘ldi.

Nashr maymunlarning oziq-ovqat ortilgan yuk mashinasiga hujum uyushtirganini tasvirlab bergan. Politsiyachi Nirad Folngeun talonchilikni shunchaki tomosha qilishdan o‘zga chorasi ham yo‘q edi. Makakalarga qarshi kurashish uchun ishlatiladigan qurolni bir-ikki marta siltab qo‘ydi. Lekin bundan zig‘ircha foyda bo‘lmadi.

«Bundan foyda yo‘q, — deb tushuntirdi u. — Bir zumda yanada ko‘p maymunlar paydo bo‘ladi».

«Odamlar bilan maymunlar o‘rtasidagi muvozanat izdan chiqdi», — deydi mehmonxona xo‘jayini Itipxat Tansitikulfati.

«Hech qachon bunchalik yomon bo‘lmagandi», — deydi mahalliy do‘kon egalaridan biri 70 yoshli Yupa Srisanguan.

«Maymunlar bu yerlarda bizdan oldin ham yashagan. Ular bizga emas, biz ularga moslashishimiz kerak», — deb hisoblaydi yana bir do‘kon sohibi Patifan Tantivong.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring