OAVda ko‘tarilgan masalaga ajoyib tarzda javob qaytarildi
«Xabar.uz» saytida e’lon qilingan maqolaga mutasaddi tashkilotlar tomonidan javob tariqasida Prezident qarori e’lon qilindi.
2019-yil 8-fevralda «Xabar.uz» saytida «O‘zbekistonda rieltorlik tashkilotlari «sinmoqda»mi?» sarlavhali maqola e’lon qilingan edi. Ushbu maqolada rieltorlik tashkilotlarining bugungi maqomi tushib ketganligi, deyarli barcha sohalarda me’yoriy hujjatlar qayta ko‘rib chiqilganligi, lekin bu sohaga oid qonunlar va qonun osti hujjatlari hozirgi davrga moslashtirilmay qolib ketayotgani tanqid qilingan edi.
Shu mavzuda va rieltorlik faoliyatiga doir qonun hujjatlariga kiritilishi lozim bo‘lgan o‘zgartirishlar haqida yana bir qator rieltorlik faoliyati sohasida faoliyat olib borayotgan mutaxassislarning maqolalari internet tarmoqlarida, «Mening fikrim» portalida joylashtirildi.
Albatta, bu harakatlar besamar ketmadi, kerakli fikrlar, takliflar tegishli tashkilotlar tomonidan inobatga olingan holda kecha, 5 aprel kuni «Ko‘chmas mulkka bo‘lgan huquqlarni davlat ro‘yxatidan o‘tkazish tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi Prezident qarori e’lon qilindi.
«Xabar.uz» saytida chop etilgan maqolada quyidagi masalalar ko‘tarilgandi:
«2019-yil 1-fevraldan e’tiboran kadastr ma’lumotnomalarini, oldi-sotdi shartnomasi tuzish uchun soliq va elektr energiyasi bo‘yicha ma’lumotnomani, oldi-sotdi shartnomasi tuzilgan ko‘chmas mulk haqidagi axborotni internet orqali yuborish kabi onlayn xizmatlar ishga tushirildi. Shu sababli rieltorlik tashkilotlari oldida bir qator muammolar paydo bo‘la boshladi. Ushbu qulay imkoniyatlarning yo‘lga qo‘yilishi bilan undan foydalanishni nazarda tutuvchi barcha me’yoriy hujjatlarda rieltorlik tashkilotlari nazardan chetda qolib ketmoqda. Endilikda onlayn xizmatlarning rivojlanib borishi tufayli tashkilotlar tomonidan yozma ma’lumot taqdim qilinishi cheklanib bormoqda va rieltorlik tashkilotlari o‘ziga zarur ma’lumotlarni to‘plashda chorasiz bo‘lib qolmoqda».
Kecha e’lon qilingan qarorga asosan 2020-yil 1-yanvardan boshlab ko‘chmas mulk ob’yektini rieltorlik xizmatlari ko‘rsatish natijasida vujudga keladigan huquqlarni davlat ro‘yxatidan o‘tkazish uchun zarur bo‘lgan ma’lumotlar tegishlicha Davlat aktivlarini boshqarish agentligi va rieltorlik tashkilotlari tomonidan davlat ro‘yxatidan o‘tkazishni amalga oshiruvchi organlarga axborot-kommunikatsiya texnologiyalaridan foydalangan holda yuborilishi, reyestrdan ko‘chirma rieltorlik tashkilotlari tomonidan mulkdorning xohishiga ko‘ra elektron va (yoki) qog‘oz shaklida ko‘chmas mulk ob’yektlariga bo‘lgan huquqlar belgilangan muddatlarda berililishi ko‘rsatib o‘tilgan.
Rieltorlik tashkilotlarining ma’lumotlari asosida mulk huquqi va boshqa ashyoviy huquqlarni davlat ro‘yxatidan o‘tkazishda ko‘chmas mulk ob’yektiga bo‘lgan huquqni davlat ro‘yxatidan o‘tkazish to‘g‘risida ariza talab etilmaydi, ko‘chmas mulkka nisbatan mulk huquqlarni davlat ro‘yxatidan o‘tkazish uchun qonun hujjatlarida belgilangan ro‘yxatga olish yig‘imlari rieltorlik tashkilotlari tomonidan undiriladi.
Kommunal xizmatlar ko‘rsatuvchi (gaz ta’minoti, sovuq suv ta’minoti va suv chiqarib tashlovchi, issiqlik ta’minoti (markaziy isitish va issiq suv ta’minoti), elektr ta’minoti, maishiy chiqindilarni olib ketish, o‘rnatib qo‘yilgan telefon aloqasi va boshqalar) korxonalarning axborot tizimlarini integratsiyalashni yo‘lga qo‘yiladi. 2019 yil 1 dekabrga qadar rieltorlik xizmatlari ko‘rsatish imkoniyatini ta’minlovchi yagona axborot tizimini ishlab chiqish, uni Reyestr bilan uyg‘unlashtirish Davlat aktivlarini boshqarish agentligi zimmasiga yuklatilgan.
Davlat aktivlarini boshqarish agentligi tomonidan rieltorlik tashkilotlari uchun yagona axborot tizimini ishlab chiqish va uni yo‘lga qo‘yish bir qancha qulayliklar va rieltorlar uchun ko‘chmas mulklar bog‘liq ishonchli ma’lumotlarga ega bo‘lishda zamonaviy axborot vositalaridan foydalanish imkoniyatini yaratadi.
Ravshan Nishonov,
«Invest Ko‘chmas Mulk Savdo» MChJ direktori
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter