OAV: Trampni davolashda uch nafar singapurlikning qonidan foydalanilgan
AQSh prezidenti Donald Trampni COVID-19dan davolashda koronavirusni boshidan o‘tkazgan uch nafar singapurlikning qon namunalari asosida ishlab chiqilgan preparat qo‘llanilgan, deya xabar berdi «Straits Times».
Nashrning ma’lum qilishicha, Singapur yuqumli kasalliklar Milliy markazi (NCID) «Regeneron» Amerika kompaniyasining davolanish uchun intellektual mulk huquqini talab qilmasdan hamkorlik qilish haqidagi taklifini qabul qilgan. NCIDning xabariga ko‘ra, dastlab kompaniya COVID-19dan tuzalgan 20 nafar bemorni tanlab berishni so‘ragan. «Regeneron» antitanachali preparat ishlab chiqarish uchun namunalar yetarli bo‘lganini ma’lum qilgandan so‘ng idora besh kishini tanlab olgan.
«Pirovard natijada «Regeneron» antitanacha ishlab chiqarishga yo‘naltirilgan tadqiqotning boshlang‘ich nuqtasi sifatida singapurlik besh nafar bemordan uchtasining namunasidan foydalangan», — deya qayd etadi nashr.
Koronavirusga chalingan Tramp uch kun yotib davolangandan so‘ng dushanba kuni shifoxonadan chiqdi. Shifokorlar chorshanba kuni Trampda koronavirus alomatlari yo‘qligini va antitanacha aniqlanganini e’lon qilishdi-yu, lekin prezidentning hayotiy ko‘rsatkichlarini ma’lum qilishmadi. Biroq davolanish paytida bu haqda to‘liq xabar berib turishgandi. Trampning davolovchi shifokori Shon Konli AQSh prezidenti 10 oktyabr kuni ommaviy tadbirlarda ishtirok etishi mumkinligini aytdi.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter