Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

NYT: Rossiyaga uch davlat sanksiyalarni chetlab o‘tishda ko‘mak bermoqda

NYT: Rossiyaga uch davlat sanksiyalarni chetlab o‘tishda ko‘mak bermoqda

Rossiya G‘arb davlatlari joriy qilgan sanksiyalarga qaramay, vositachilar orqali zarur uskuna va ehtiyot qismlarni sotib olishda davom etmoqda. Bu haqda DW nashri The New York Times gazetasiga tayanib xabar berdi.

Surishtiruvlar jarayonida Xitoy, Marokash va Turkiyadagi kompaniyalar Rossiyaga texnologiyalar va ehtiyot qismlar yetkazish borasidagi global taqiqlarni buzayotgani ma’lum bo‘lgan.

Moskva G‘arbda ishlab chiqarilgan telekommunikatsiya uskunalari hamda mikrochiplarni ushbu davlatlardagi vositachilar orqali sotib olgan. Masalan, Marokashning Tanjer-Med porti orqali Cisco, HP, Juniper, Ericsson, Nokia kabi shirkatlar mollari rus o‘lkasiga yetkazilgan.

Hisob-kitoblarga ko‘ra, Kremlning Ukrainaga bosqinchilik urushi boshlangan 2022 yil fevraldan buyon birgina Rossiyaning Nag internet do‘koni orqali AQShdan 100 million dollarlik, Xitoydan esa 150 million dollarlik yuqori texnologiya mahsulotlari oldi-sotdisi amalga oshirilgan.

Aniqlanishicha, AQShning Cisco shirkati ishlab chiqargan va Rossiyaga sotilishi taqiqlangan telekommunikatsiya uskunalari Federal xavfsizlik xizmatining Yekaterinburgdagi boshqarmasiga o‘rnatilgan.

The New York Times xulosasiga qaraganda, Rossiya urush boshlanganidan buyon 22 oy davomida kerakli texnologiyalar, jumladan, telekommunikatsiya uskunalari, kuzatuv moslamalari, mikrochiplar, qurol va dronlarni aylanma yo‘llar orqali sotib olishning uddasidan chiqmoqda.

Joriy yil mart oyida Bloomberg agentligi ham Rossiya Yevropa Ittifoqi va “Katta yettilik” (G7) joriy qilgan sanksiyalarni aylanib o‘tgan holda, Ukrainaga qarshi urushda ishlatish uchun yarimo‘tkazgichlar va boshqa texnologiyalarni sotib olayotgani haqida yozgan edi.

YeIning sanksiyalar bo‘yicha maxsus vakili Devid O‘Sallivan Financial Times gazetasiga bergan intervyusida Rossiyaga bu borada qo‘shni davlatlar yordam berayotgani haqida gapirgan.

Ukraina bosqini ortidan Rossiyaga nisbatan minglab sanksiya joriy etilgan. Mamlakat bu borada Eron va Shimoliy Koreyani ham ortda qoldirdi.

Avvalroq o‘zbekistonlik iqtisodchi Behzod Hoshimov sanksiyalarning Rossiya kelajagiga ta’sirini baholab, moliyaviy jazo choralari ortidan Moskvaning Pekinga qaramligi ortishini bashorat qilgan edi.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring