Nurafshon shahar sudi binosidan qochgan xavfli jinoyatchi ushlandi
Kecha, 21-oktyabr kuni soat 17.00. atrofida Toshkent viloyatining Nurafshon shahar sudi binosidan og‘ir jinoyat sodir etganlikda ayblanib, sudga berilgan shaxs qochib ketdi. Bu haqda «Tez News» huquqni muhofaza qilish organlaridagi manbalariga tayanib xabar berdi.
Qayd etilishicha, 34 yoshli sudlanuvchi Sh.A. keyingi o‘n yilda bezorlik, talonchilik, o‘g‘rilik va zo‘rlash jinoyatlari bilan to‘rt marta sudlanishga ulgurgan. Bu safar u Jinoyat kodeksining 118-moddasi (nomusga tegish), 25-moddasi (jinoyatga tayyorgarlik ko‘rish va jinoyat sodir etishga suiqasd qilish), 119-moddasi (jinsiy ehtiyojni zo‘rlik ishlatib, g‘ayritabiiy usulda qondirish) kabi jinoyatlarni sodir etganlikda ayblanib, sudga tortilgani aytiladi.
Ayblovlar og‘irligiga ko‘ra sudlanuvchiga nisbatan dastlabki tergovdayoq «qamoqqa olish» ehtiyot chorasi qo‘llangani ehtimoli yuqori. U avval to‘rt marta sudlangani e’tiborga olinsa, ayni ehtimol yuz foizga tengligi oydinlashadi. Shunga qaramay, uning sud binosidan qochib ketishga imkon topganligi tasavvurga sig‘maydi.
Toshkent viloyati IIBB xodimlari tomonidan tomonidan olib borilgan tezkor qidiruv surishtiruv ishlari natijasida Sh.A. bugun, 22-oktyabr kuni Nurafshon shahri hududida qo‘lga olingan.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter