Noutbukka suyuqlik to‘kilib ketdi: nima qilish kerak?
Noutbuk bilan sodir bo‘ladigan noxush holatlardan biri — uning ustiga (klaviaturasiga) biror suyuq moddaning to‘kilib ketishidir. Ayniqsa, bu holat ofisda ishlaydigan xodimlarda ko‘p uchraydi, chunki u yerda albatta qahva yoki choy ichib ishlash odat tusiga kirgan.
«Terabayt.uz» yozishicha, bunday holat sodir bo‘lganda, asosiysi dovdirab qolmaslik kerak (yer qimirlagandagiga o‘xshab ) va bajariladigan ishlar ketma-ketligini yaxshilab bilib olish lozim.
Avval aniqlashtirib olaylik: noutbukka qanday turdagi suyuqlik to‘kilishi mumkin? Choy, qahva, sharbat, gazli suv, oddiy suv…
Uy sharoitida esa, boshqa suyuqliklar ham bo‘lishi mumkin.
1. Bilamizki, elektr toki suyuqlik bilan chiqishmaydi, shu sababli, birinchidan, noutbukni darhol elektr manbaidan uzib, o‘chirish kerak. O‘chirishda ham qonun-qoidalarga rioya qilib (PUSK-> …) o‘chirish kerak emas, tezda POWER tugmasini bosib turing va o‘chiring. Saqlanmagan fayllaringiz haqida xavotir oladigan payt emas, bu yerda tezlik katta ahamiyatga ega, soniyalar hamma narsani hal qilishi mumkin.
2. O‘zgaruvchan tok bilan ishni hal qilib, navbatni o‘zgarmas tokka beramiz, ya’ni noutbukni rozetkadagi elektr manbaidan uzib bo‘lgandan so‘ng, darhol noutbuk batareyasini chiqaramiz. Qanday chiqarish kerakligi yozilgan qo‘llanmalarni titkilab, «YouTube» orqali noutbuk batareyasini chiqarish haqida videolarni ko‘rib yoki «Google»dan qidirib o‘tirishga vaqt yo‘q, taxminiy tarzda bilganingizcha chiqaring. Bunday paytda qonun-qoidalarga qarab o‘tirmang (yaxshisi, noutbuk sotib olganinggizdan so‘ng, batareyani chiqarishni mashq qilib qo‘ying).
3. Ba’zi noutbuklar klaviaturasi ustida maxsus saqlagich (himoyalagich) bo‘ladi, agar sizda ham shunday narsa bo‘lsa, uni olib tashlab, yuvib, quritib, yana bemalol ishlatishingiz mumkin, bu holatda noutbukka zarar yetmaydi. Maslahat: shunday himoyalagichdan foydalaning.
4. Agar sizda bunday plyonka bo‘lmasa, ishingiz qiyinroq bo‘ladi. Biror mato olib, noutbukni teskarisiga qilib, ichidagi va klaviatura ustidagi suyuqliklarni artib, agar quyuqroq sharbat bo‘lsa, ichiga kirganini tushirib yuboring.
5. Tez bajariladigan ishlar ortda qoldi, endi noutbukning ichini ochish kerak. Agar o‘zingizning qo‘lingizdan kelsa, o‘zingiz oching yoki kompyuterlarni tuzatadigan ustaxonaga olib boring va muammoni ular yordamida hal qiling. Agar noutbuk ichini ochishni bilsangiz, u yerda detallarni almashtirgan bo‘lsangiz, ya’ni bu ishlarni avval ham bajarib ko‘nikma olgan bo‘lsangiz, usta bajaradigan ishlarni o‘zingiz ham qilishingiz mumkin. Uni oching, ichidagi CMOS batareyasini ham olib tashlang, barcha detallarini chiqaring va ularni quritish uchun ochiq holda 24 soat davomida qoldiring. Ko‘pchilik fen bilan quritishga kirishadi, men esa shundoq qoldirishni maslahat beraman. Fen faqat ma’lum bir qismini quritishi mumkin, ichlarini qurita olmaydi. Chunki suyuqlik qanchalik ichkariga kirgani bilmasiz, fenni esa ichkarigacha kiritib bo‘lmaydi.
6. Oradan 24 soat vaqt o‘tgandan so‘ng, tekshirishni amalga oshirish mumkin. Dastlab detallarni birma-bir ko‘rib chiqing, asosiysi Motherboard (Ona plata)da hech qanday namlik, korroziya (zanglash) yo‘qligiga amin bo‘ling. So‘ng noutbukni yig‘ishga kirishing, diqqatni yo‘qotmang, hech narsa qolib ketmasin, yig‘ib bo‘lganingizdan so‘ng, yana bir bor tekshirib chiqing.
7. Noutbukni ishga tushiring. Bunda quyidagi uch holatdan biri bo‘lishi mumkin:
- Noutbuk yonmasligi mumkin, bu holatda uni darhol o‘chirib, ustaxonaga olib boring, demak, qandaydir detal yoki plata yaroqsiz holatga kelgan.
- Noutbuk yongan, lekin klaviatura ishlamasligi mumkin, klaviaturaning barcha tugmalari yoki ma’lum bir tugmalari o‘z vazifasini bajarmayapti. Bu holatda ham ustaga olib boring, agar shunday bo‘lsa siz bu noxush holatdan (suyuqlik to‘kilishidan) minimum zarar bilan chiqqan bo‘lasiz, ya’ni klaviatura almashadi yoki ta’mirlanadi, xolos.
- Noutbuk yongan va klaviatura ham ishlaydi. Ammo quvonishga shoshilmang. Noutbuk va uning barcha elementlarini tekshiradigan biror dastur o‘rnating («AIDA64», «SiSoftware Sandra», «HWMonitor») va to‘liq tekshirib chiqing. Shundan keyingina yengil nafas olsangiz bo‘ladi.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter