Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

«Nobel mukofotini qo‘lga kiritmoqchiman». Londondagi Qirollik kolleji doktoranti Malika Karimova bilan suhbat

«Nobel mukofotini qo‘lga kiritmoqchiman». Londondagi Qirollik kolleji doktoranti Malika Karimova bilan suhbat

«Xabar.uz» xorijdagi vatandoshlarimiz bilan intervyularni davom ettiradi. Bugungi suhbatdoshimiz Malika Karimova tibbiyot yo‘nalishida («Og‘iz shilliq qavati mikrobiomining pufakli dermatozlarda bo‘lgan ahamiyati») Buyuk Britaniyadagi London Qirollik kolleji doktoranturasida tahsil olmoqda.

— Malika opa, tibbiyot sohasiga qanday kirib kelgansiz?

Buyuk ispan rassomi Pablo Pikassoning onasi yoshligida shunday degan ekan: «Askar bo‘lsang bir kun kelib general bo‘lasan, rohiblikni tanlasang Rim Papasi bo‘lasan. Men esa rassomlik kasbini tanlab Pikasso degan nomga sazovor bo‘ldim...».

Men ham tibbiyot sohasini tanlashimga onamning kuchli motivatsiyasi sabab bo‘lgan. Bolaligimdan ular menga doktor bo‘lib dunyoga mashhur olima bo‘lasan, deb ko‘p gapiradilar. Shuning uchun hech qachon boshqa kasbda o‘zimni tasavvur qilmaganman. Ishonasizmi, bolalik davrimda qo‘g‘irchoqlar o‘rniga baliqlar, qurbaqalar ustida tajribalar o‘tkazish men uchun qiziqarliroq edi.

Dastlab, Toshkentdagi kimyo va biologiya yo‘nalishi mavjud gimnaziyada ta’lim oldim. So‘ng 2003-2010-yillar Toshkent tibbiyot institutida o‘qidim. O‘sha yillari kunlarning birida professor Adham Shavkatovich Vaisovning ma’ruzasidan keyin teri kasalliklar yo‘nalishini tanlashimni tushunib yetdim.

Hozirgi kunda, aniqrog‘i ikki yildan buyon Buyuk Britaniyaning London Qirollik kollejida «Og‘iz shilliq qavati mikrobiomining pufakli dermatozlarda bo‘lgan ahamiyati» yo‘nalishi bo‘yicha ta’lim olyapman.

— Ilmiy ishingiz dolzarbligi qay darajada va mavjud qanday muammo yechimiga qaratilgan?

— Ilmiy ishim terining autoimmun pufakli kasalliklar sababini chuqur o‘rganish va tahlil qilishdan iborat. Ochig‘i, O‘zbekistonda bu kasallik bilan og‘riyatganlar soni tobora o‘sib bormoqda. Ammo bu kasallik kam o‘rganilgan. Shu boisdan men ushbu yo‘nalishni tanlashga qaror qildim. Ilmiy rahbarim, professor Jeyn Setterfild dunyoda shu kasalliklar bo‘yicha eng ilg‘or mutaxassislardan biri.

Qolaversa, ilmiy ishimga tajribali doktor Devid Moyes ham o‘zining qimmatli tavsiyalari bilan yordam berib kelmoqda.

— O‘zingiz ilmiy izlanish olib borayotgan kollej haqida ko‘proq ma’lumot bersangiz?

— London Qirollik kolleji 1836-yilda tashkil qilingan. Angliyadagi eng katta, eng qadimiy va nufuzli oliygohlardan biri. Kollej Oksford va Kembrij universitetlari bilan bir qatorda «Oltin uchburchak» deb nomlangan.

Shu bilan birga Buyuk Britaniya universitetlarining elita uyushmasiga kiritilgan. Ta’limda ham, taqdiqotda ham katta imkoniyat va yutuqlarga ega. E’tiborlisi, Qirollik kolleji xalqaro universitetlar reytingida 25-o‘rinni egallaydi va individual fanlar bo‘yicha dunyodagi eng kuchli o‘ntalikka kirgan.

Qolaversa, men ilmiy ish olib borayotgan fakultet shu yili dunyo reytingi bo‘yicha birinchi o‘rinni egaladi.

— Tibbiyot sohasidagi tadqiqotchi sifatida koronavirus bo‘yicha fikrlaringiz qanday?

— Bugungi kunda butun dunyo olimlari COVID-19 virusini chuqur tahlil qilishga va imkon qadar ertaroq virusga qarshi vaksina ishlab chiqishga harakat qilishmoqda.

Xususan, men ilmiy izlanish olib borayotgan London Qirollik kolleji ham koronavirusni o‘rganishda faol ishlar olib boryapti. O‘tgan vaqt ichida juda ko‘p ilmiy tadqiqotlar qilindi, chunki Yevropa mamlakatlari orasida Buyuk Britaniya koronavirusdan eng ko‘p aziyat chekkan davlatlardan biri bo‘lib qolmoqda.

Garchi koronavirus nafas olishning jiddiy patologiyasini keltirib chiqarishi bilan mashhur bo‘lsa-da, hozirgi kunda u boshqa tizimlarga ham ta’sir qilishi va o‘zga ko‘rinishga olib kelishi o‘rganilmoqda. Bunday holatlarga yurak disfunksiyasi va aritmiyalar, o‘tkir buyrak shikastlanishi, oshqozon-ichak siptomlari, nevrologik kasalliklar va teri tomondan ham ko‘p asoratlar ko‘rilmoqda. Teri mutaxassisi sifatida men ana shu asoratlarni o‘rganib kelmoqdaman.

Fursatdan foydalanib barcha yurtdoshlarimizga gigenik qoidalarga qat’iy amal qilishlarini so‘rab qolaman. Boisi koronavirus hali to‘liq tadqiq qilingani yo‘q. Uning kelgusida qanday asoratlar paydo qilishini yaxshi bilmaymiz. Kundan-kunga yangidan-yangi xulosalar e’lon qilinmoqda. Shunday ekan, o‘zimiz va yaqinlarimiz sog‘lig‘iga javobgar bo‘lib, ehtiyot choralari bilan yashashni o‘rganishimiz kerak.

— Bo‘sh vaqtlaringizda nimalar bilan shug‘ullanasiz?

— Dadam tarix fanlari professori bo‘lgani uchun, tibbiyotdan tashqari tarix va san’atga juda qiziqaman. Bo‘sh vaqtimda muzeylarni kezishni, mashhur rassomlarni o‘rganishni, opera va balet tomoshalariga borishni yoqtiraman. Kortlar ochiq bo‘lgan payti ko‘proq tennis o‘ynashga harakat qilardim. Biroq, hozirgi koronavirus paytida badiiy adabiyotlar o‘qiyapman. Men oxirgi o‘qigan, yoqtirgan asar — Volterning «Kandid» falsafiy romani bo‘ldi.

Asar qahramonlari baxt qidirib dunyoni kezadi. Hikoyaning oxirida esa, qahramonlar Konstantinopolda mahalliy darveshdan haqiqiy baxt nima ekanligini bilishadi. Mahalliy darveshga ko‘ra, baxtning retsepti juda oddiy — inson atrofdagi hayotning tashvishlarini unutib tanlagan kasbiga o‘zini bag‘ishlashdir. Mazkur asarni albatta o‘qib chiqishni tavsiya qilaman.

— Kelgusidagi rejalaringiz?

Nobel mukofotini qo‘lga kiritish.

Nurillo To‘xtasinov
suhbatlashdi

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring