Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Nima uchun haqiqatga ko‘z yumamiz yoxud o‘zimizni o‘zimiz aldamaslik haqida

Nima uchun haqiqatga ko‘z yumamiz yoxud o‘zimizni o‘zimiz aldamaslik haqida

foto: chatgpt

Yaqin vaqtlardan buyon ijtimoiy tarmoqlardagi bir holat e’tiborimni torta boshladi. Negadir, hamma bir-biriga manipulyatorlarni qanday ajratishni, ulardan qanday himoyalanishni, aldanmaslikni o‘rgatar ekan-u, o‘zini o‘zi aldamasligini deyarli hech kim bir-biriga aytmas ekan. Boshqalarning aldoviga uchmaslikni maslahat berish to‘g‘ri, lekin negadir, manipulyatorning o‘ziga, yolg‘onchining o‘ziga «o‘zingni aldama!» deb ochiqchasiga murojaat qilish holatlarini deyarli kuzatmayman. Go‘yoki, hamma bilib, ko‘rib tursa ham, bu mavzuda noma’lum bir jimlik hukm suradi.

Nima uchun bunday holat meni o‘ylantirdi?!

Agar bir-birini aldashiga jamoatchilikning qarshi fikri yetarlicha faol bo‘lmasa, bu qandaydir me’yorga aylanib qolmaydimi? Bunaqa holatlar uchun bir asosiy tushuncha bor, shu haqda bilishingizni istayman. Bu tushuncha – axloqiy indifrentlik.

Axloqiy indifrentlik – bu yaxshilik va yomonlik, to‘g‘ri va noto‘g‘ri o‘rtasidagi farqqa nisbatan beparvolik, his-tuyg‘usizlik holati. Bu shunchaki qoidabuzarlikka ko‘z yumish emas, balki axloqiy me’yorlarning ahamiyatini pasaytirishdir. Jamiyatimizda buning ko‘rinishlariga har qadamda duch kelishimiz mumkin. Shunchaki e’tibor qilsangiz bo‘ldi, har qadamda uchratasiz.

Masalan, ko‘zimiz oldida adolatsizlik yoki ochiq yolg‘on yuz berganda, ko‘pchiligimiz «menga tegmasa bo‘ldi», «hayot o‘zi shunaqa, hamma shunaqa qiladi», degan fikr bilan jim turaveramiz. Bir insonning yolg‘on va’dalar berib, ularni bajarmasligiga, boshqalarning esa bunga oddiy holdek qarashiga guvoh bo‘laveramiz. Yoki ba’zilarning «uddaburonligi»ni, ya’ni boshqalarni aldash orqali erishgan yutuqlarini maqtab, «molodets» «barakalla» deyishimiz, aslida, axloqiy indifrentlikning ochiq ko‘rinishidir. Hatto, ba’zan «bu siyosat», «bu biznes», «tirikchilik»  degan bahonalar ortiga yashirinib, yolg‘onni oqlashga, xaspo‘shlashga ham urinaveramiz. Bunday misollarni har kuni hayotimizda, ishxonamizdan tortib, oddiy do‘stona suhbatlargacha uchratishimiz mumkin. Achinarlisi, oiladagi kattalardan bu borada kelajak avlod namuna olishi. Takror-takror xatolar qilaveramiz, o‘zimizni aldab!

Bunday holatlarga jamoatchilikning jim turishi, befarqligi yolg‘onning ijtimoiy oqibatlaridan doimiy ko‘z yumishga olib keladi. Tashqi cheklovlarning zaifligi, birinchi navbatda, manipulyatorning o‘zida o‘z-o‘zini aldash mexanizmlarini kuchaytiradi. U o‘zining yolg‘onini, manipulyasiyasini go‘yoki haqiqat, tabiiy yoki hatto «mahorat» deb qabul qila boshlaydi. Bu esa yolg‘onning jamiyatda keng tarqalishiga va umum qabul qilingan «norma» sifatida qabul qilinishiga olib keladi. Mana shu hammaning muammosi aslida, kim axloqli, ma’naviyatli yoki madaniyatli odamlar jamiyatida yashashni xohlamaydi?! Kim? Javob: hamma ma’naviyatli va madaniyatli jamiyatda yashashni istaydi. Lekin, bunaqa jamiyatni, bunaqa odamlarni o‘z-o‘zidan laylak tashlab ketadimi?!

Psixologiyada shunday bir qoida bor: bizning atrofimizdagi muhit bizning xatti-harakatlarimizga va qadriyatlarimizga bevosita ta’sir qiladi. Agar jamiyat axloqiy jihatdan befarq bo‘lsa, bu bizning shaxsiy axloqiy kompasimizni ham zaiflashtirishi mumkin. O‘zimizning axloqiy qadriyatlarimizni rivojlantirish va axloqiy haqiqatimizga sodiq bo‘lish, o‘zimizga o‘zimiz halol bo‘lish, bilib turib  boshqalarning yolg‘oniga ko‘z yummaslik – bu, avvalo, o‘zimizni aldamaslikdir!  

Madina Miytan, psixolog

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring