Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Nikoh guvohnomasini olish uchun pasport bo‘lishi shartmi?

Nikoh guvohnomasini olish uchun pasport bo‘lishi shartmi?

Foto: «Xabar.uz»

«Bir jiyanim FHDYo bo‘limiga nikoh qurish uchun ariza tashlab qo‘ygan edi. FHDYo bo‘limi 2018-yil 3-iyulda nikoh tuzilganlik haqidagi hujjatni olib ketasiz, deb qo‘liga hujjat berishgan ekan. Shundan so‘ng bo‘lajak kelin pasportini yangi biometrik pasportga almashtirish uchun topshirib qo‘ygan ekan. Endi FHDYo bo‘limiga nikoh qayd etilganlik to‘g‘risidagi hujjatni olish uchun kelishsa, pasportsiz bermaymiz, deyishyapti ekan (pasport almashtirilayotgani haqidagi ma’lumotnoma ham bor). FHDYo hujjati bo‘lmasa, imom ham shar’iy tomondan nikohlab qo‘ymas ekan. Nima qilsak, to‘g‘ri bo‘ladi, yordam bering, iltimos».

Savolga Olmazor tuman FHDYo bo‘limi mudirasi Diloro Suleymanova javob beradi:

— Fuqarolik holati dalolatnomalarini yozish organlarida ish yuritish tartibi to‘g‘risidagi yo‘riqnomaga ko‘ra, ichki ishlar organi tomonidan shaxsni tasdiqlovchi hujjat o‘rniga vaqtincha berilgan ma’lumotnomalar bilan nikoh tuzilganini qayd etishga yo‘l qo‘yilmaydi.

Belgilangan muddatda yo‘qlanmagan arizalar alohida yig‘majildga tikib boriladi. Ya’ni, nikohlanuvchi shaxslar belgilangan muddatda nikohni qayd etish guvohnomasini olgani kelmasalar, ularning arizalari alohida yig‘majildga tikiladi.

Nikoh tuzilganini qayd etish tayinlangan kundan boshlab, uch oy ichida yo‘qlangan arizalar bo‘yicha nikoh tuzilgani qayd etiladi. Bunday holda nikoh tuzilganini qayd etish haqidagi arizaning orqa tarafidagi bo‘sh joyga nikohlanuvchi shaxslar tomonidan belgilangan muddatda kelmaganlik sabablari, nikoh tuzilganini qayd ettirish istagi va shu kunning sanasi yozilib, imzo qo‘yiladi.

Nikoh tuzilganini qayd etish haqidagi ariza berilgan kundan boshlab to‘rt oy ichida yo‘qlanmagan arizalar muddatida yo‘qlanmagan nikoh tuzilganini qayd etish haqidagi arizalarni yo‘q qilish bo‘yicha dalolatnoma tuzgan holda yoqib yuborish yo‘li bilan yo‘q qilinadi. Mazkur dalolatnomalar alohida yig‘majildga tikib boriladi.

Nikoh tuzilganini qayd etish haqidagi ariza berilgan kundan boshlab to‘rt oylik muddat o‘tgandan keyin nikoh tuzish istagini bildirgan shaxslar nikoh tuzilganini qayd etish haqidagi ariza bilan umumiy asoslarda qayta murojaat etishlari lozim.

Bundan kelib chiqadiki, mazkur vaziyatda nikohdan o‘tish uchun ariza bergan yoshlar, ya’ni kelin shaxsni tasdiqlovchi hujjatini olgach, FHDYo bo‘limiga murojaat etishi mumkin.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring