Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Nega afrikalik bolalarning qorni katta?

Nega afrikalik bolalarning qorni katta?

Foto: «Depositphotos.com»

Har safar Afrika aholisi haqida ilmiy-hujjatli filmlarni tomosha qilganda bir jihat e’tiborimizni tortadi: bolalari ozg‘in, lekin qorni katta. «Rambler» bunday patologiya sababini aniqlashga harakat qildi.

Yuz o‘girilganlar

Afrika hududida istiqomat qiluvchi bolalar duchor bo‘ladigan kasallik kvashiorkor deb ataladi. U tarjimada «yuz o‘girilgan» degan ma’noni anglatadi. Kvashiorkor distrofiya turi bo‘lib, u bola tanasida oqsil yetishmasligi tufayli rivojlanadi. Bu xastalikka faqat 1 yoshdan 4 yoshgacha bo‘lgan bolalar duchor bo‘ladi. Agar go‘dak bu yoshda mazkur patologiyaga duch kelsa, kelgusida oshqozon-ichak yo‘li tizimi bilan bog‘liq muammolar rivojlanishi mumkin. Mazkur holatning sababi shundaki, afrikalik qabilalar taomnomasi oqsil emas, asosan kletchatka va uglevodlardan iborat. Ularning ko‘pchiligi «balanslangan ovqatlanish» tushunchasi bilan tanish emas. Ba’zilari hatto taomnomani oqilona tuzib chiqish to‘g‘risida o‘ylab ham ko‘rishmagan. Oziq-ovqat yetishmasligi mazkur vaziyatni battar chuqurlashtiradi. Afrika xalqlarida go‘dakni erta yoshda ona sutidan ayirish odati bor. Shu bois ular juda tez uglevodli oziqlanishga o‘tishadi, kartoshka va turli ildizlarni iste’mol qilishadi.

Nega aynan oqsil?

Gap shundaki, oqsil tanada suyuqlikning to‘g‘ri taqsimlanishiga yordam beradi, uni ichaklardan limfaga, keyin esa qonga yo‘naltiradi. Agar bizga oqsil yetishmasa, tanada suyuqlik turib qoladi va notekis taqsimlanadi. Buning oqibatida qorin va oyoq-qo‘llar shishadi. Shuningdek, oqsil to‘qimalarda osmotik bosimni ta’minlaydi va ularning suv bilan to‘lishini nazorat qiladi. Suyuqlik to‘planishi anoreksiya, teri yarasi va jigar shishiga olib keladi. Shifokorlarning ta’kidlashicha, mazkur kasallikni davolash uchun shunchaki taomnomaga oqsilli mahsulotlarni kiritish kifoya. Xavfli guruhga tushib qolmayin desangiz, me’yoriy oziq-ovqat 10 foiz yog‘ va kamida 12 foiz oqsildan iborat bo‘lishi lozim.

Uzoq vaqt yetarlicha oqsil iste’mol qilmaslik jismoniy va aqliy rivojlanishdan orqada qolishga sabab bo‘lishi mumkin.

Ovqat yetishmasligi

Zamonaviy Afrika jamiyati sifatli ozuqa qidirish bilan bog‘liq jiddiy muammolarga ro‘paro kelishda davom etmoqda. Boz ustiga, uni topishdan tashqari, butun qabilaga yetishini ham o‘ylash lozim. O‘ziga xos iqlim shart-sharoiti tufayli hamma afrikaliklar ham kunda sarxil meva-sabzavotlar va oqsilli taomlar tanovul qilish imkoniyatiga ega emas. Afrika va Osiyoda faqat ona suti bilan boqish darajasi Shimoliy Amerikaga qaraganda 1,5 baravar ko‘p: aytigi 26 foiz bolalar olti oylikkacha faqat ona suti bilan oziqlanishadi.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring