Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Nega yomon (negativ) xabarlarni yaxshi ko‘ramiz yoxud yaxshi yangiliklar kammi?

Nega yomon (negativ) xabarlarni yaxshi ko‘ramiz yoxud yaxshi yangiliklar kammi?

illyustratsiya: Binay Sinha

Ertalab televideniye, radio yoki ijtimoiy tarmoqlar orqali duch kelgan yangiliklaringiz quyidagilar: «Bugun tongda statistik ma’lumotlarga qaraganda milliardlab odamlar tirik va sog‘lom uyg‘ondi!»

«Yana bir kun o‘tdi, bizning sayyoramizga meteorit tushmadi!»

«O‘lim va qashshoqlik darajasi kulgili ko‘rsatkichlarga tushishda davom etmoqda»

«Oddiy dehqon yigit Eshmat bir oyda 10 ta kitob o‘qidi!»

«O‘zbek talabasi kashfiyoti bilan butun dunyoni lol qoldirdi»

Ayting-chi, qancha odam bu yangiliklarga qiziqadi? Ijtimoiy tarmoqlarda bu kabi voqealar qanday kutib olinadi? Oddiy suhbatlarimizda ijobiy yoki salbiy voqealarni eshitayotganimizda qaysilaridan ta’sirlanamiz?

To‘g‘rirog‘i, kimdir fojia yoki baxt haqida hikoya qilayotganida qaysi biriga ko‘proq e’tibor berardingiz ?

Nima uchun salbiy hikoyalar ijobiylardan ko‘ra ko‘proq o‘ziga jalb qiladi?

Nega biz negativ va salbiy xabarlarga o‘chmiz?

Bu bizning media kanallarimizda yaqqol ko‘rinadi. Yaxshi yangiliklar ko‘pincha deyarli o‘qilmaydi yoki ko‘rilmaydi. Go‘yoki yaxshi yangiliklar yangilik emas. Yomon xabar esa bu xabar berishga arziydigan yagona narsa. Agar bu yomon xabar bo‘lmasa, bu yangilik emas.

Aslida odamlarning e’tiborini nega faqat yomon yangiliklar qamrab oladi? Bu va shu kabi savollarga  Hans Roslingning «Faktdorlik»(factfulness) – kitobidan javob qidirib ko‘ramiz. Ushbu kitobning salbiylik instinkti bobida, yaxshi narsalardan ko‘ra yomonlariga ko‘proq e’tibor berishga moyilligimiz haqida so‘z yuritiladi: «Dunyoda sodir bo‘layotgan barcha yomon narsalardan ogoh bo‘lib turish oson, yaxshi narsalarni payqash esa qiyinroq. OAVda hech qachon xabar qilinmagan milliardlab rivojlanishlar bo‘lgan. Men salbiylikni muvozanatlash uchungina siyqasi chiqqan ijobiy yangiliklar haqida gapirmayapman. Men dunyoni o‘zgartiradigan, biroq  juda sekin, juda ham mayda bo‘lakli va yangilik sifatida berish uchun o‘ta kichiklik qiladigan fundamental yaxshilanishlar haqida gapirayapman. Men insoniyat taraqqiyotining yashirin va sokin mo‘’jizasi xususida gapirayapman».

«Yomon yangiliklar» – salbiy hikoyalar va fojialarning doimiy e’tiborga tez tushishi, shubhali, keng tarqalgan infeksiyaga o‘xshaydi. Xo‘sh, bunday salbiy yangiliklarning tarqalishiga, to‘g‘rirog‘i miyamizning moslashishiga OAV sababmi? Ommaviy axborot vositalari uchun bu shunchaki biznesmi?  

Odamlar nega o‘lim yoki fojia yoki muvaffaqiyatsizlikni eshitsalar tinglashga moyil? Odamlar sarguzashtlarga nima uchun o‘ch? Chunki  sarguzashtlar ko‘pincha halokat, muvaffaqiyatsizlik va qurbonlikni keltirib chiqaradi.

Yomon xabar jamiyatning xira avtoportretini chizadi...

Dahshatli voqealar har kuni sodir bo‘ladi. Buni inkor etib bo‘lmaydi. Odamlar bu dahshatli narsalar borligini va bundan keyin ham bo‘lishini bilish muhimdir. Biroq, ularning mavjudligi, mavjud bo‘lgan yaxshi narsalar bilan solishtirganda ko‘pmi yoki oz? Kitob muallifi Hans Roslingning fikricha, yomon yangiliklarning ko‘payishi ba’zida dunyoning yomonlashuvi bilan emas, masibat yaxshiroq kuzatilayotgani bilan bog‘liq bo‘lishi mumkin. Bu yerda uchta narsa sodir bo‘ladi: o‘tmishni noto‘g‘ri eslash, jurnalistlar va faollar voqealarni saralab uzatishi hamda hayot og‘irlashayotgan paytda yaxshi narsalarni aytish erish tuyuladi degan kayfiyat.

Vaqtida e’tirof etilmagan yutuqlar...

Kuni kecha namanganlik yosh xonanda, Zulfiya mukofoti sovrindori Shirin Abdullayeva vafot etgani juda ko‘pchilikni qayg‘uga soldi. Ijtimoiy tarmoqlar foydalanuvchilari, rasmiy saytlar tomonidan ta’ziya izhor qilindi. Va ko‘pchilik bu yosh xonandani avval unchalik tanimaganini, vafotidan keyin u haqda maqolalarni o‘qib juda ko‘p yutuqlari bo‘lganini bilganini ta’kidlashdi.

«Shirin Abdullayeva 2009 yilda «Onajonim» filmida ilk rolini ijro etgan. Keyinchalik bir necha filmlarga suratga tushgan. U «Tantana» ashula va raqs ansamblida ijod qilgan, davlat tadbirlarida faol ishtirok etgan, turli xalqaro tanlovlarda yuqori o‘rinlarga sazovor bo‘lgan», deb yozishdi. Darvoqe Shirin Abdullayeva haqida hatto Rossiyaning NTV kanalida ham maxsus ko‘rsatuv tayyorlangan ekan. Afsuski o‘sha ko‘rsatuvga boshqa millat vakillari omad tilab izoh yozishgan. Uza.uz saytida u haqda tayyorlangan material facebookda tarqatilganida esa sanoqli odam «layk» bosgan.

Shirin Abdullayevaning yutuqlari haqidagi postlarga, yangilik va xabarlarga afsuski o‘sha payti e’tibor berilmagan, e’tibor berilgani ham vafotidan keyin izlab topib ta’ziya izhor qilingani edi...

Ya’ni mana shu qiz misolida aytmoqchi bo‘lganimiz, yurtimizda juda iqtidorli yoshlar ko‘p va ular haqida ham tinmay xabarlar, maqolalar va yangiliklar berib boriladi afsuski, salbiy fikrlarga qaramlik oqibatida bunday yangiliklar bee’tibor qoldiriladi. Achchiq bo‘lsa ham ochiq haqiqat shuki, Shirin Abdullayevadek e’tiborga tushish, yutuqlarini yurtdoshlarimiz tan olishi va u haqda faxrlanishi uchun qandaydir noxushlik bo‘lishi kerakmi, degan savol ko‘ndalang bo‘ladi. Uni bizga tanitgan xabar ham afsuski yana o‘sha mash’um salbiy yangilik sabab bo‘ldi.

Ko‘pincha, baxtsiz hodisalarni barcha ijtimoiy tarmoq kuzatuvchilari post qiladi, barcha OAV birinchilardan bo‘lib yoritgisi keladi va eng ko‘p ko‘riladigani ham o‘sha baxtsiz hodisalar bo‘ladi. Masalan «Xabar.uz»da «Andijonda tug‘ruqxonada sog‘lom chaqaloq vafot etgani aytilgandi» xabari 1700 marta ko‘rilgan.                                    

 

«Buxoro cho‘lida «Tez yordam» mashinasida chaqaloq dunyoga keldi» xabari esa o‘qilish soni 500 taga ham yetmagan.

Vaholanki, tug‘ruqxonagacha 36 km. uzoqlikda, cho‘lning o‘rtasida onaning ham, chaqaloqning ham hayoti saqlab qolingan bu yaxshi xabar. Lekin faxrlanib suratga tushgan shifokorlar shu yerda ham qoralangan, ya’ni negativ fikr qoldirilgan.

Agar shu fidoyilikning teskarisi o‘laroq «Tez yordam» mashinasi yetib borolmagan yoki chaqaloqqa biron kor-hol bo‘lganida edi odamlar tomonidan, butun tibbiyot tizimi chirigan, deb baholanar, shifokoru, hamshiralar malomatga qolardi. Bunday xabarlar esa xuddi yon-atrofingizda yorug‘lik yo‘qdek tasavvur uyg‘otadi.

Yomon yaxshilikdan kuchli...

Psixologlarning fikriga ko‘ra, salbiy tarafkashlik bizni salbiy yangiliklarga qiziqtiradi. Salbiy tarafkashlik – bu ijobiy narsalarga qaraganda salbiy narsalarga ko‘proq e’tibor berishimizga olib keladigan psixologik ta’sir. «Yomon yaxshilikdan kuchli», deb nomlangan tadqiqotda tadqiqotchilar  quyidagilarni aniqladilar: yomon his-tuyg‘ular, yomon ota-onalar va yomon fikr-mulohazalar yaxshi narsalardan ko‘ra ko‘proq ta’sir qiladi va yomon ma’lumotlar yaxshidan ko‘ra chuqurroq qayta ishlanadi. Biz hammamiz bunga aloqador bo‘lishimiz mumkin. Tanqidga munosabatingizni va iltifotni solishtiring. Tanqid yumshoq bo‘lsa ham, biz uning ustida to‘xtalamiz, lekin iltifot qilganimizda, biz uni juda osonlik bilan befarq qoldiramiz. Dunyoqarashimizga qarshi chiqishdan, uni yangilashdan ko‘ra biz haqiqat tuyg‘usini tasdiqlovchi salbiy hisobotlarga berilib qolishni afzal ko‘ramiz. Biz dunyoqarashimizdagi noaniqlikdan ko‘ra, qo‘rquvimiz borligiga ishonch hosil qilishni afzal ko‘ramiz. Yomon narsalar yaxshi narsalarga qaraganda aniqroqdir. Salbiy yangiliklar nosog‘lom ijtimoiy muhitning alomatidir.

Ko‘pincha bizni zo‘ravonlik va negativ fikrlar bilan oziqlantirishda ommaviy axborot vositalarini ayblashga shoshilamiz, lekin, ehtimol, biz ushbu turdagi yangiliklarga bo‘lgan talabni nima keltirib chiqarayotganini diqqat bilan ko‘rib chiqishimiz, o‘zimizga va tarqoq jamiyatimizning ahvoliga chuqurroq nazar tashlashimiz kerakdir?

Mutaxassislarning fikriga ko‘ra, bo‘linishlar va tarqatib yuborilgan jamoaviy aloqalar bizning noaniqlik tuyg‘umizni kuchaytiradi. Bir paytlar milliy va jamoaviy birlik tuyg‘usi o‘zlikni anglash uchun kurash maydoniga aylanadi. Aniqlik uchun kurashda biz mafkuraviy dunyoqarashga yopishib olamiz, dushmanning salbiy qiyofasini yanada bo‘rttiramiz va salbiy xabarlar bilan parchalanish alangasini yoqib yuboramiz.

Salbiy xabarlarga mukkasidan yopishib olish nafaqat ijtimoiy salomatlik, balki ruhiy salomatligimiz haqida g‘amxo‘rlik qilishimiz kerakligini eslatadi. Agar siz salbiy yangiliklarni qidirayotgan bo‘lsangiz, siz yolg‘iz emassiz. Bizning ongimiz tabiiy ravishda salbiy ogohlantirishlarni qidiradi va bizni potensial tahdidlar haqida ogohlantiradi. Agar bu xatti-harakat sizning ishlash qobiliyatingizga xalaqit bersa, bu muammoga aylanadi. Agar siz takroriy salbiy fikrlar va yuqori darajadagi tashvishlar bilan birga yangiliklarni majburiy tekshirishdan aziyat cheksangiz,  demak ruhiyatingizda katta muammo bor, bu endi alohida mavzu.

Kurashni to‘xtatib, yashashni boshlang...

«Faktdorlik» kitobi muallifi siz yomon xabarlardan charchab, dunyoni faqat qora rangda ko‘ra boshlaganingizda shunday tavsiya beradi: Yaxshi xabarlar deyarli e’lon qilinmaydi, shuning uchun yangiliklar odatda yomon bo‘ladi, noxush xabarni eshitganingizda o‘zingizdan so‘rang, teng darajada yaxshi xabar ham xuddi shunday tarqalarmidi? Hatto yuzlab ulkan rivojlanishlar bo‘lganda ham qulog‘imga chalingan bo‘larmidi? Masalan, bir joyda 5-6 nafar bolalar noma’lum virusdan vafot etdi, degan xabarni o‘qidingiz va bolalarning hayoti xavf ostida degan tasavvuringiz kuchaydi, ammo yana qayerdadir 50-60 nafar bola o‘limdan saqlab qolindi, ammo bu haqda qiziqmaganingiz, shunga o‘xshash yangilik berilganida e’tiborsiz qoldirganingiz uchun bugun siz bolalarning hayoti xavf ostida degan qora fikrda qolayotgandirsiz: 1850 yilda chechak virusidan qanchadan qancha bola nobud bo‘lgan ushbu kasallik 195 ta mamlakatdan 148 tasida qayd etilgan, 1979 yilga kelib esa bu kasallikka butunlay barham berilgan.

Mutaxassislarning fikriga ko‘ra, bundan buyon ommaviy axborot vositalari jiddiy muammoga duch keladi – odamlarga ma’lum bir instinktiv lahzada o‘zlari xohlagan narsani, qo‘shimcha noto‘g‘ri ma’lumotlar yoki to‘liq bo‘lmagan ma’lumotlar bilan berish jiddiy oqibatlarga olib kelishi mumkin. Ya’ni ularni ko‘proq salbiy kaloriyalar bilan oziqlantirib, dunyoning faqat qora tomonini ko‘rsatib muvozanatni ushlab bo‘lmaydi.

Bugun siz qayerdadir qotillikka qo‘l urgan o‘smir haqida eshitib qoldingiz va yashin tezligida, hozirgi yoshlarning tarbiyasi izdan chiqdi degan fikr o‘tdi, lekin siz shunday fikrlab turganingizda o‘nlab yoshlarimiz qaysidir fan olimpiadasida g‘oliblik nashidasini surayotgan bo‘ladi yoki telefon titkilab o‘tirgan yoshlarni ko‘rib hozir yoshlar kitob o‘qimay qo‘ydi, deb yozg‘irasiz. Ammo telegram kanallarida o‘zining kitobxonlikka oid blogini yuritayotgan yoshlar bir oyda 15 ga yaqin kitob o‘qiganini faxrlanib yozayotgan bo‘ladi. Loaqal oddiy dehqon yigitning bir oyda 10 ta kitob o‘qigani haqidagi xabarga loqayd bo‘lmang... yoki qizaloqning mushukni qutqargani haqidagi yangilikni o‘qish bilan boshlang tongni, axir yaxshi xabarlarni ko‘proq odamlarga yetkazish va ularga ergashish orqali jaholatga qarshi borish mumkin.  Kurashni to‘xtating, yashashni boshlang!

            Barno Sultonova

 

                                                                   

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring