Navoiyning boyliklari: ilm toliblariga stipendiya, ustozlarga 200 oltin dinor
Unga zamondoshlarining ko‘pchiligi havas qilsa, ayrimlari hasad qilardi. Zero, Alisher Navoiy nafaqat mutafakkir shoir va davlat arbobi, balki o‘z davrining eng badavlat insonlaridan biri ham bo‘lgan. Ayniqsa, qolgan umrini ijod va ilmga bag‘ishlash uchun o‘z ixtiyori bilan vazirlik lavozimidan iste’foga chiqqanida, hasadgo‘y insonlar «Alisherbekning boyligi oshib, davlati g‘ururidan noziklashib ketdi», deya ig‘vogarona mish-mish ham tarqatgandilar.
Temuriylar sulolasiga xizmat qilib, Sabzavor shahriga hokim bo‘lgan G‘iyosiddinning o‘rtancha o‘g‘li Alisherbek otasining vafotidan so‘ng meros sifatida o‘ziga tegishli sarmoyani omilkorlik bilan ishlatib, qisqa fursat ichida boyib ketdi. U tadbirkorlik yo‘nalishini, asosan, bog‘-rog‘lar yaratish, undan keladigan daromadga esa madaniy-ma’rifiy inshootlar barpo etishga qaratdi. Ya’ni, qishloqlarni chamanzorga aylantirib, obod manzil barpo qildi, keladigan pullarni esa xayriya ishlariga, ilmga sarfladi.
Alisher Navoiyning dehqonchilik qilinadigan ko‘plab yeri bo‘lib, ular Hirot atroflarida, Sabzavorda bo‘lgan. Bu yerlarda dehqonlar Alisherbek bilan kelishgan holda ishlab, muntazam haq olib turishgan.
1481 yilda yozilgan «Vaqfiya»ga ko‘ra, Navoiyning «Olinjon bo‘luki Farroshon mavze’ida yigirma besh jerib (0,2 gektarga teng yer o‘lchovi) bog‘, Xo‘ja Shixob bog‘oti va yuz jerib yer, Sabgur bo‘lukida ikki qit’a uzum bog‘i – olti jerib, yana Sifliy mahallasida necha bog‘ot, ja’mi oltmish jerib, yana mazkur mahallada yigirma olti jerib uzum bog‘i. Yana bir qit’a o‘n sakkiz jerib yer va dag‘i o‘n ikki jerib bog‘. Yana qit’a o‘n to‘qqiz jerib. Yana tok bila bag‘ot yetmish to‘rt jeribkim, undan o‘ttiz to‘rt jeribi uzum toki, o‘zgasi yer bo‘lgay, yana necha qit’a yer tutash o‘n to‘rt jerib, Yana bir qit’a yer yigirma to‘rt jerib, yana bir qit’a yer bir yarim jerib» yerlari bo‘lib, o‘sha vaqtda Navoiy hazratlariga qarashli barcha yerlar 500 jeribni tashkil qilardi. Ularning deyarli hammasi sug‘oriladigan, hosildor yerlar bo‘lgan.
Bulardan tashqari, Navoiyga qarashli bir qator savdo rastalari ham bo‘lib, ular asosan, eng gavjum bozorlarda joylashgan edi. Ushbu savdo rastalarida toshu tarozining to‘g‘riligi, xaridor haqiga xiyonat qilmaslik, olib kelingan molga yo‘l xarajatlaridan tashqari ortiqcha pul qo‘ymaslikni ham shaxsan Navoiy hazratlarining o‘zi nazorat qilib turgan.
Mazkur yerlar, bog‘lar, savdo do‘konlaridan keladigan daromadni shoir saxiylik bilan muhtoj, yetim-yesir, beva-bechora, ilmli insonlarga in’om qilardi. Hatto, bir gal do‘sti Husayn Boyqaroning davlat xazinasida xarajatlari ko‘payib ketgan paytda, soliqlar xalqdan yig‘ilsa, ahli muslimga jabr bo‘lur deya, shoir o‘z hisobidan 25 ming dinorni butun boshli mamlakat ahli uchun to‘lab yuborgan. Ana shunday sersaxovat, badavlat shoir bobomiz o‘zi barpo ettirgan Shifoiya, Nizomiya, Xisraviya madrasalari ma’muriyatiga topshiriq beradi. Unga ko‘ra, «Ikki olimu mutaqqi (taqvodor olimlar) mudarris bo‘lgay. Har birining yillik vazifasi (ish haqi) ikki yuz oltun naqdi, yigirma to‘rt xarvor (bir eshak ko‘tararlik yuk) oshlik, yarim arpa, yarimi bug‘doy bo‘lgay. Har xalqai darsda o‘n bir tolibi ilmkim, borisi yigirma ikki bo‘lgay. Olti a’lo (a’lochi) har biriga oylik naqdi yigirma to‘rt oltun, yilda bug‘doy besh yuk, vasat (o‘rta o‘qig‘onlar) sekiz (talaba) oylig‘ har biriga naqdi o‘n oltun, bug‘doy – yillik to‘rt yuk, adno (past o‘qigonlar) sekiz – talaba oylik har biriga o‘n ikki oltun, oshlig‘ yiliga uch yuk» berilardi.
Shuningdek, Navoiy madrasaning, hatto oshpaz va farroshiga ham sersaxovatlilik bilan maosh to‘lab turgan: «Tabaqchi (oshpaz)ga yillik naqdi ikki yuz oltun, bug‘doy besh yuk. Bir farrosh va ikki xodimdin har biriga yiliga ikki yuz oltundin jam’i olti yuz oltun, bug‘doy besh yukdin o‘n besh yuk» berib turilardi.
Ushbu madrasalarda asosiy e’tibor talabalarning ilm olishiga qaratilib, o‘qitish jarayonini shaxsan Navoiyning o‘zi nazorat qilib borgan. Talabalarni madrasalarda guruhlarga ajratib, har bir guruhda ularning soni 11 nafarni tashkil qilardi. Bu talabalarning darsni yaxshi o‘zlashtirishi uchun qilingan bo‘lib, shundagina o‘tilayotgan saboqni mudarris yaxshi tushuntirgan, talabalarning o‘zlashtirishiga ham qulay bo‘lgan. Darsni yaxshi o‘zlashtirilganiga qarab, talabalar uch toifaga bo‘lingan, toifasiga qarab esa nafaqa (stipendiya) to‘langan. Eng ilmli tolib shaxsan Navoiy hazratlaridan oyiga 24 oltin pul va yiliga besh qop oshlik olgan. O‘sha vaqtda eng semiz qo‘yni 4-5 oltin dinorga berib, talabaning bir oylik nafaqasiga beshta qo‘y olish mumkin edi.
Shoir talabalarga ilm beradigan mudarrislarni ham qadrlab, ularga yiliga 200 oltin dinor maosh, har oyda 2 qop bug‘doy va arpa, kundalik oziq-ovqat, hatto uyidan madrasagacha minib keladigan oti uchun ham yem ajrattirgan. Ba’zi ulovi yo‘q mudarris-ustozlarni esa qo‘llab, ot olib bergan.
Tabiiyki, bularning barchasiga ketadigan mablag‘ Navoiy hazratlarining yerlari, bog‘u rog‘lari, savdo rastalaridan keladigan daromad hisobidan edi.
Rus olimi Ye.E.Bertels 1948 yilda nashr etilgan «Navoiy» nomli asarida, «Alisher Navoiy xazinasiga uning yer-mulklaridan har kuni 300 dan ortiq rabot, yigirmaga yaqin ko‘prik va 380 joyda xayriya-ehson uylari qurilgan, ular orqali minglab muhtojlarga tekin ovqat va kiyim-kechak ulashib turilgan» (Moskva, 1948, 134-bet), deb yozgan edi.
Bertelsning aniqlashiga ko‘ra, o‘sha vaqtda besh dinorga bir qop bug‘doy olish mumkin bo‘lgan.
Ulug‘ shoir masjid va madrasalar bunyod etish, ularni ta’minlash bilan kifoyalanib qolmay, hayoti davomida ko‘plab ariqlar, to‘g‘onlar, 9 ta hammom, 20 hovuz kabi 300 dan ortiq inshoot bunyod qildirganki, bu har bir davrdagi boyvachchalarning qo‘lidan kelavermaydigan sersaxovatlilik ramzi edi.
Umid Bekmuhammad, tadqiqotchi
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter