Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Navoiyga qirqdan ziyod mamlakatdan ishbilarmon va investorlar keldi

Navoiyga qirqdan ziyod mamlakatdan ishbilarmon va investorlar keldi

Foto: «Xabar.uz»

Navoiyda nufuzli anjumanlardan biri — «Invest in Navoi» II xalqaro biznes forumi  bo‘lib o‘tmoqda. Bu haqda «Xabar.uz» muxbiri xabar berdi.

Mazkur xalqaro biznes forumida dunyoning 40 dan ziyod mamlakatlarining 250 nafardan ortiq ishbilarmon doiralari, salohiyatli investorlari hamda xorijiy mamlakatlarning O‘zbekistondagi muxtor elchilari va diplomatlari ishtirok etmoqda.

Ikki kunlik biznes forumning birinchi kuni xorijlik mehmonlar «Navoiy» erkin iqtisodiy zonasi bilan tanishishdi va viloyatning yirik korxonalariga tashrif buyurishdi.

Xalqaro biznes forumning Navoiy viloyatida o‘tkazilayogani bejiz emas. Erkin iqtisodiy zona, intermodal logistika markazi, xalqaro aeroport, qator sanoat korxonalari, yirik quvvatli elektr stansiyasi viloyatda tadbirkorlik rivoji va ishbilarmonlik muhitini kengaytirishga mustahkam asos yaratmoqda.

Ayni paytda «Navoiy» erkin iqtisodiy zonasi hududida xorijiy investorlar bilan qiymati 144 mln. dollar bo‘lgan 21 ta loyiha ustida ish olib borilayapti.

«Navoiy» xalqaro aeroporti orqali Yevropa va Osiyo davlatlari o‘rtasidagi yo‘nalishlarda yiliga 300 ming tonna yukni qabul qilish va jo‘natish imkonini beradigan quruqlikdagi port yaratilmoqda.

– E’tirof etish joizki, ayni paytda viloyatda 134 ta qo‘shma va xorijiy korxonalar faoliyat ko‘rsatayotgan bo‘lsa, ularning 21 tasi joriy yilning o‘zida tashkil etildi,  – deydi Navoiy viloyati hokimining o‘rinbosari O‘ktam Islamov. – Ikki kun davom etadigan biznes forum yakunida ko‘plab manfaatli shartnomalar imzolanib, innovatsiyalar samaradorligini kengaytirish va oshirish bo‘yicha tavsiyalar ishlab chiqiladi.

Shuningdek, forum doirasida ishtirokchilar viloyatning turistik salohiyati bilan tanishish maqsadida qadim va ko‘hna Nurota tumanidagi «Chashma» me’moriy majmuasi hamda «Sarmishsoy» muzey qo‘riqxonasiga sayohat qilishlari rejalashtirilgan.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring