Navoiyda yangi loyiha: zukko kitobxonning ota-onasi sanatoriyda dam oladi
Navoiy viloyatida mutolaa targ‘ibotini kuchaytirish, yoshlar orasida bilimdon va zukko kitobxonlarni aniqlash va rag‘batlantirish maqsadida tashkil etilgan «Tafakkur» intellektual teleo‘yinining ilk soni tasvirga olindi.
Bilimlar bellashuvida Navoiy shahri, Karmana va Navbahor tumanlaridan kelgan o‘quvchi yoshlardan iborat jamoa qatnashdi.
6 nafar yosh kitobxon qatnashgan jamoaga turli soha vakillari, shuningdek AQSh va Turkiyada istiqomat qiluvchi vatandoshlarimizdan ham savollar yo‘llandi. Aql va tafakkur sinovlarida yosh bilimdonlar 7:1 hisobida g‘alaba qozondi.
Eng faol ishtirokchi va eng qiziqarli savol egasiga Navoiy shahar hokimligining sovg‘asi — televizor topshirildi. Shuningdek, har bir ishtirokchiga viloyat hokimining qiymati 100 ming so‘mga teng bo‘lgan kitoblar to‘plami tuhfa qilindi.
— Teleo‘yinning «Zakovat»dan farqi, bizda savollar asosan o‘zbek va jahon badiiy asarlaridan olinadi, — deydi «Tafakkur» yoshlar targ‘ibot markazi rahbari J.Shuhratov. — Shuningdek, O‘zbekiston musulmonlar idorasi Navoiy viloyat vakillgi tomonidan bitta savol hamda viloyat hokimining maxsus savoli har bir o‘yinda taqdim etib boriladi. Viloyat hokimining vohamiz tarixi va madaniyatiga oid savoliga javob topgan ishtirokchining ota-onasiga salomatligini tiklash uchun respublikamizdagi sihatgohlardan biriga bepul yo‘llanma hamda bilimdon bir million so‘m qiymatiga ega bo‘lgan kitoblar jamlanmasi bilan mukofotlanadi.
— Navoiyda ilk bor tashkil etilgan ushbu loyiha meni behad quvontirdi, – deydi dasturda mehmon sifatida qatnashgan Oliy Majlis Qonunchilik palatasining Yoshlar masalalari bo‘yicha komissiyasi raisi K. Tojiyev. – Ilk bahslar kutilganidek qiziqarli kechdi. Teleo‘yinda yosh chegarasi yo‘qligi hamda turli soha vakillaridan iborat guruhlar qatnashishi mumkinligi loyihaning ommalashuviga xizmat qiladi, deb o‘ylayman.
Endilikda har oyda ikki marotaba o‘tkaziladigan o‘yinlarda hozirdan unga ishtirok etish uchun shahar-tumanlar, turli mehnat jamoalaridan takliflar kelib tushmoqda. Kelgusi yildan u turnir shaklida tashkil etilib, g‘oliblarni qimmatbaho sovg‘a bilan taqdirlash ko‘zda tutilgan.
Ozod Mustafoyev,
Navoiy viloyati.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter