Navoiyda 600 tonnadan ortiq chiqindi qayta ishlandi

Bugun insoniyat va sayyoramiz kelajagi ko‘p jihatdan atrof-muhitni asrash, tabiatning ifloslanishi, tabiiy va madaniy landshaftlarga insonlar va tabiiy ofatlarning salbiy ta’siri oqibatida yuzaga keluvchi dolzarb muammolarni hal etish salohiyatiga bog‘liq bo‘lib qoldi.
Hozirgi kunda chiqindilar atrof-muhitni ifloslantirishi oqibatida tabiatga, insonlar hayoti va sog‘lig‘iga xavf tug‘dirayotganligi barchaga ma’lum.
«Xabar.uz» muxbirining xabar berishicha, Navoiy viloyatida 15ta qattiq maishiy chiqindilarni ko‘mish poligonlari, 3 ta chiqindilarni utilizatsiya qilish, 4 ta foydalanib bo‘lingandan keyin ko‘mib tashlanadigan shlam to‘plash joylari, 6 ta sanoat chiqindilarini ko‘mish joylari mavjud bo‘lib, ana shu chiqindilarning yaroqlilarini qayta ishlashga moslashgan, 3 ta qayta ishlovchi korxonalar faoliyat yuritib kelmoqda. Ular tomonidan joriy yilda 300 tonna qog‘oz, 33 tonna avtomobil shinalari va 244 tonna o‘simlik moyi ishlab chiqarish jarayonida hosil bo‘lgan chiqindidan, kir yuvish sovuni ishlab chiqarilgan.
— Hududlardagi hosil qilinadigan qattiq maishiy chiqindilarni o‘z vaqtida tashib ketish ishlari, «Toza hudud» DUKning 8 ta shahar va tuman filiallari va 2 ta xususiy tashkilot tomonidan amalga oshirib kelinmoqda, — deydi viloyat Ekologiya va atrof muhitni muhofaza qilish boshqarmasi mutaxassisi Jasur Abdusaliyev. — Bundan tashqari aholi o‘rtasida ekologik madaniyatni shakllantirish maqsadida, viloyatdagi 603 ta mahallalarda jamoatchilik inspektorlari faoliyati ham yo‘lga qo‘yilgan.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter