Endi havo tozaroq bo‘ladi — «Navoiyazot»da eski sexlar tugatilib, yangilari ish boshlaydi
«Navoiyazot» aksiyadorlik jamiyati tomonidan amalga oshirilgan ishlar va joriy yil hayotga tadbiq etilishi rejalashtirilgan yangi loyihalar bilan yaqindan tanishtirish maqsadida 2020 yil 4 mart kuni Navoiy viloyatida press-tur tashkil etildi.
Bugungi kunda «O‘zkimyosanoat» aksiyadorlik jamiyati tarkibida 16 ta yirik va o‘rta kimyoviy korxonalar faoliyat ko‘rsatib kelmoqda. Ular tomonidan jami 180 tadan ortiq nomdagi kimyoviy mahsulotlar, shu jumladan, 90 ga yaqin turdagi yangi, mahalliy va xorijiy iste’molchilar tomonidan talab etilayotgan mahsulotlar ishlab chiqarilmoqda.
«Navoiyazot» AJ tizimdagi kimyo korxonalarining eng yiriklaridan biri hisoblanadi. Korxonada 70 dan ortiq noyob mahsulot ishlab chiqarilmoqda. Uni modernizatsiya qilish, quvvatini kengaytirish maqsadida uchta yirik investitsion loyiha rejalashtirilgan edi.
Birinchi loyihaning umumiy qiymati qariyb 1 milliard dollar bo‘lib, uning samarasida yiliga 660 ming tonna ammiak va 580 ming tonnadan ziyod karbamid olish imkoniyati yaratiladi. 500 ga yaqin ish o‘rni paydo bo‘ladi. Uni joriy yilda ishga tushirish, yiliga 136 million dollarlik mahsulot eksport qilish rejalashtirilgan.
Yaponiyaning «Mitsubishi Heavy Industries» va «Mitsubishi Corporation» kompaniyalari konsorsiumi bilan hamkorlikda qurilayotgan yangi korxonada zamonaviy texnologiyalar qo‘llanishi evaziga yiliga 735 million kilovatt-soat elektr energiyasi tejaladi, atmosferaga chiqadigan karbonat angidrid gazlari miqdori ham kamayadi.
Yana bir yirik korxona – Azot kislotasi ishlab chiqarish majmuasidir. Umumiy qiymati 217 million dollarga teng ushbu ob’yekt Shveysariyaning «CASALE SA» kompaniyasi bilan hamkorlikda bunyod etilmoqda.
U yiliga 500 ming tonna mahsulot tayyorlash quvvatiga ega bo‘ladi. Hozirgi kunda uskuna va jihozlar o‘rnatilib, qurilish-montaj ishlari yakunlanmoqda. Yaqin kunlarda bu yerda birinchi mahsulot chiqarilishi rejalashtirilgan. Yangi loyihalarning foydalanishga topshirilishi natijasida qariyb 60 yil muqaddam qurilgan, har tomonlama eskirgan azot kislotasi sexlari foydalanishdan chiqariladi.
Eng muhimi, 1 tonna mahsulot ishlab chiqarish uchun elektr energiyasi sarfi 18 barobar kamayadi, havoni ifloslantiradigan 150 ming tonna miqdoridagi nitroz gazlari tutib qolinadi.
«O‘zkimyosanoat» AJ tizimidagi korxona-tashkilotlar faoliyati bilan jurnalist va blogerlarni yaqindan tanishtirishga qaratilgan press-turlar 2020 yil davomida rejaga muvofiq tashkil etiladi.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter