Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Navoiy viloyati XTB mansabdorlariga nisbatan «ish» ochildi

Navoiy viloyati XTB mansabdorlariga nisbatan «ish» ochildi

Foto: «Xabar.uz»

Navoiy viloyati xalq ta’limi boshqarmasi mansabdor shaxslariga nisbatan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi. Bu haqda Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi axborot xizmati xabar berdi.

Qayd etilishicha, Navoiy viloyati hokimligi tomonidan tegishli farmoyish asosida viloyat xalq ta’limi boshqarmasiga mahalliy budjet mablag‘lari hisobidan qiymati 2,6 milliard so‘mlik jami 822 dona kompyuter jamlanmalari sotib olingan. Lekin shartnomada ushbu kompyuterlarning protsessorlariga o‘rnatilgan tezkor xotirasi sig‘imi «DDR4» deb ko‘rsatilgan bo‘lsa-da, ta’minotchi tashkilotlar «DDR3» sig‘imli tezkor xotira o‘rnatilgan kompyuter jamlanmalarini yetkazib bergan. Buning oqibatida komissiya tomonidan kompyuterlar texnik parametrlari shartnoma shartlariga muvofiq deb foydalanishga qabul qilingan.

Agentlik xodimlari tomonidan holat hududga chiqib o‘rganildi. Aniqlanishicha, Vazirlar Mahkamasining «Yoshlarni «Bir million dasturchi» loyihasi doirasida o‘qitish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida»gi 716-sonli qaroriga asosan Navoiy viloyatidagi 78 ta maktabga 7,6 milliard so‘mga kompyuter qurilmasi sotib olish ko‘zda tutilgan va ularga aniq texnik talablar qo‘yilgan.

To‘plangan hujjatlarga ko‘ra, xalq ta’limi boshqarmasiga «C.C» MChJ va «M.B» MChJlaridan qiymati 2,6 milliard so‘mlik 822 dona kompyuter jamlanmasi sotib olingan. Shundan, 1,1 milliard so‘mlik kompyuterlar tender savdolari orqali hamda 1,4 milliard so‘mlik kompyuterlar komissiya tartibida eng yaxshi taklif sifatida baholanib, yuqoridagi MChJlardan xarid qilingan.

Ushbu kompyuter jamlanmalari texnik parametrlarining shartnoma shartlariga muvofiqligini hamda ularning haqiqiy bahosini ekspertiza tayinlash orqali aniqlash va mas’ul shaxslarning xatti-harakatlariga qonuniy baho berish maqsadida tergovga qadar tekshiruv harakatlarini o‘tkazish zarurati yuzaga kelgani sababli murojaatdagi masalalar yuzasidan to‘plangan hujjatlar ularga qonuniy baho berish uchun Bosh prokuraturasiga yuborilgan.

Kompyuter jamlanmalari bo‘yicha o‘tkazilgan ekspertiza xulosasiga ko‘ra, Navoiy viloyati xalq ta’limi boshqarmasi mansabdor shaxslari tomonidan xarid qilingan 822 dona kompyuter jamlanmalari jami 585,2 million so‘mga qimmat narxda xarid qilinib, budjet mablag‘larini rastrata qilish yo‘li bilan talon-toroj qilingani aniqlangan.

Bosh prokuratura huzuridagi IJQK departamenti Navoiy viloyati boshqarmasi tomonidan viloyat xalq ta’limi boshqarmasi hamda «C.C» MChJ va «M.B» MChJ mansabdor shaxslariga nisbatan Jinoyat kodeksining 167-moddasi 3-qismi «a» bandi va 209-moddasi 1-qismi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring