Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Namanganlik feldsher uy sharoitida dori tayyorlab uchta viloyatga tarqatib kelgan (video)

Namanganlik feldsher uy sharoitida dori tayyorlab uchta viloyatga tarqatib kelgan (video)

Davlat xavfsizlik xizmatining Namangan viloyati bo‘yicha boshqarmasi xodimlari tomonidan bojxona va ichki ishlar organlari bilan hamkorlikda o‘tkazilgan tezkor tadbirda «Zodak», «Anaferon», «Xilak Forte» va «Vitamin V6» nomli qalbaki dori vositalarini tayyorlash hamda sotish bilan shug‘ullangan tibbiyot xodimining faoliyatiga chek qo‘yildi.

Xususan, Chortoq tuman Tibbiyot birlashmasining tez yordam bo‘limi feldsheri 1000 dona qalbaki «Zodak» dori vositasini Andijon viloyatiga sotish maqsadida olib ketmoqchi bo‘lgan vaqtida qo‘lga olindi. Shuningdek, uning yashash xonadoni ko‘zdan kechirilganda dori vositalari ishlab chiqarish uchun mo‘ljallangan yashirin sex borligi aniqlanib, 763 dona «Anaferon», 2125 dona «Zodak», 4000 dona «Vitamin V6» dori vositalari, 570 dona nomsiz flakonlarda siroplar, dori vositalarini qadoqlashda foydalaniladigan flakonlar, qutilar, yo‘riqnoma va yorliqlar protsessual tartibda rasmiylashtirib olindi.

Ta’kidlash lozimki, mazkur shaxs tayyorlangan dori vositalarini saqlash uchun qarindoshining yashash xonadonidan ombor sifatida foydalangan va tezkor tadbir davomida ushbu manzildan ham sotish uchun tayyorlab qo‘yilgan 120 dona «Zodak», 260 dona «Anaferon», 96 dona «Xilak Forte» hamda 313 dona nomsiz flakonlarda sirop holdagi dori vositalari ashyoviy dalil sifatida rasmiylashtirib olindi.

Tergovga qadar tekshiruv davomida, Chortoq tuman tez yordam bo‘limi feldsheri 2023 yilning sentyabr oyidan buyon ushbu noqonuniy ish bilan shug‘ullanib kelganligi va uni hozirda shaxsiga aniqlik kiritilayotgan Andijon viloyatida yashovchi fuqarolar Qirg‘iz Respublikasidan noqonuniy yo‘llar bilan olib kelingan dori vositalari xom-ashyolari bilan ta’minlab turganliklari ma’lum bo‘ldi. Yashirin sex sharoitida tayyorlangan dori vositalari asosan Andijon, Farg‘ona va Toshkent shaharlaridagi dorixonalarda sotuvga chiqarilgan.

Hozirda holat yuzasidan Jinoyat Kodeksining 186-3-moddasi 2-qismi «b» va «ye» bandlari bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, mazkur shaxsga nisbatan qamoq ehtiyot chorasi qo‘llanildi.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring