Namangan shahar hokimi ishdan olindi. Yangi rahbar Toshkentdan qo‘yildi
O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev 2021-yil 19-fevral kuni Namangan viloyatiga tashrifi chog‘ida Bunyodkor mahallasiga borib, u yerda ichimlik suvi yo‘qligi, ichki yo‘llar yomonligi, atrof obodonlashtirilmaganligi, mahalla idorasining xarobligi, bino orqasida chiqindilar yotganligi sababli Namangan shahar hokimiga qattiq tanbeh bergandi.
Xalq deputatlari Namangan shahar kengashining navbatdan tashqari sessiyasi bo‘lib o‘tdi. Bu haqda Namangan viloyati hokimiyati rasmiy kanalida xabar berilgan.
Sessiyada viloyat markazida bugungi kunda mavjud muammolar muhokama qilindi. Jumladan, shahar sektorlari rahbarlarining reytingdagi o‘rinlari pastligi, eksport rejalari bajarilmagani, bandlik, mahallalarni obodonlashtirish va ko‘kalamzorlashtirish ishlariga yetarlicha e’tibor qaratilmagani tanqid qilindi.
Sessiyada tashkiliy masala ko‘rildi.
Viloyat hokimi Shavkatjon Abdurazzaqov Namangan shahri hokimligiga shu paytga qadar Toshkent shahar hokimining o‘rinbosari — uy-joy kommunal xizmat ko‘rsatish bosh boshqarmasi boshlig‘i bo‘lib ishlab kelgan G‘ofir Jamalov nomzodini taklif qildi.
Deputatlar va faollar nomzod yuzasidan fikr-mulohazalarini bildirdi. Nomzod ular tomonidan ma’qulandi.
G‘ofir Jamalov 1974-yilda Namangan shahrida tug‘ilgan. 1997-yilda Namangan sanoat-texnologiya institutini, 2006-yilda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Davlat va jamiyat qurilishi akademiyasini tamomlagan.
1997—2009-yillar davomida Namangan shahri va Namangan viloyati hokimliklarida turli mas’ul lavozimlarda mehnat qilgan.
2009—2020-yillarda Iqtisodiyot vazirligi bosh mutaxassisi, bo‘lim boshlig‘i, Uy-joy, kommunal xizmat vazirining o‘rinbosari bo‘lib ishlagan.
G‘ofir Jamalov 2020-yildan to shu kunga qadar Toshkent shahar hokimining o‘rinbosari — uy-joy kommunal xizmat ko‘rsatish bosh boshqarmasi boshlig‘i sifatida faoliyat yuritib kelgan.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter